Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

02

Himoya orderini qanday olish mumkin?


Himoya orderini qanday olish mumkin?

 

«Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni» munosabati bilan jabrlanuvchi qay tartibda himoya qilinishi va zo‘ravonga ko‘riladigan choralar haqida ma’lumot beramiz. BMT Bosh Assambleyasining 1999 yildagi rezolyutsiyasi bilan mazkur sana «Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni» sifatida belgilangan..

Himoya orderi — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga davlat himoyasini beruvchi hujjat hisoblanadi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, himoya orderi oilada eridan jabrlangan yo uchinchi shaxslarning zulmiga uchragan ayollarga, ota-onasi yoki boshqa shaxslarning zulmiga duch kelgan (voyaga yetmagan) qizlarga, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarda jabr ko‘rgan, ko‘chada, ishda, o‘qishda tazyiq yoki shilqimlikka uchragan, huquqbuzarlik yo jinoyat qurboni bo‘lgan xotin-qizlarga beriladi.

Himoya orderini berishga quyidagilar sabab bo‘ladi:

tazyiq va zo‘ravonlikdan jarblangan xotin-qizlarning murojaati;

jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar;

tazyiq yoki zo‘ravonlik holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan aniqlanishi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar.

Ma’lumot uchun, 2019 yil 2 sentabrda qabul qilingan «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun hamda Hukumatning 2020 yil 4 yanvarda tasdiqlangan «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan himoya orderini berish tartibi belgilangan.

Himoya orderini olish uchun mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari: rais yoki o‘rinbosarlari, ichki ishlar organlari yoki IIV tizimida tashkil etilgan qisqa «1259» raqamli «Ishonch markazi»ga murojaat qilish mumkin. Himoya orderi mahalla raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, ya’ni profilaktika inspektori tomonidan beriladi. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jarblangan fuqaroning o‘zidan tashqari, yaqinlari, qo‘shni yoki qarindoshlari ham order olish uchun murojaat qilsa bo‘ladi. Holat haqida xabar bergan fuqarolar hamda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarning shaxsga doir ma’lumotlari qonunga asosan sir saqlanadi. Bundan tashqari, 18 yoshga to‘lmagan jabrlanuvchi ham order olishi mumkin. Ammo uning arizasi qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining vakili bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, himoya orderi faqat xotin-qizlarga rasmiylashtiriladi. Yaqinda tayyorlangan «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Senatiga kiritilgan. Unda himoya orderini zo‘ravonlikdan jabrlangan barcha shaxslarga, xususan, erkaklarga ham berish ko‘zda tutilgan.

Tazyiq va zo‘ravonlik fakti yoki ularni sodir etish xavfi aniqlansa, 24 soat ichida rasmiylashtiriladi va o‘sha vaqtdan e’tiboran kuchga kiradi. Himoya orderi 30 kunga beriladi. Agar shu vaqt ichida holat o‘zgarmasa, hujjatning amal qilish muddati jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra, ko‘pi bilan 30 kungacha cho‘ziladi.

Himoya orderi ko‘rinishi quydagicha bo’ladi. Himoya orderining birinchi qismi, ya’ni asli jabrlanuvchiga beriladi, ikkinchi qismi (nusxasi) zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga topshiriladi. Bundan tashqari, zo‘ravonga o‘rnatilgan cheklov varaqasi ham beriladi. Himoya orderining uchinchi qismi esa profilaktika inspektorida qoladi. Zo‘ravon shaxs himoya orderini olish va uni imzolashni rad etishi mumkin. Agar shunday holat bo‘lsa, profilaktika inspektori xolislar ishtirokida dalolatnoma tuzadi va zo‘ravonni ushbu xatti-harakatni davom ettirgan taqdirda, qonun bo‘yicha javobgarlikka tortilishi haqida rasmiy ogohlantiradi va bu haqda jabrlanuvchini xabardor qiladi.

Himoya orderini olgan fuqarolar 30 kun ichida quyidagi holatlarda himoya qilinadi:

tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlik sodir etishni taqiqlaydi;

taraflar o‘rtasida aloqani taqiqlaydi (ish va ta’lim muassasalarida bilvosita aloqaga yo‘l qo‘yiladi);

taraflarning bir xonada birga bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

zo‘ravon shaxs zimmasiga (jabrlanuvchini davolash, moddiy va ma’naviy zararni qoplash kabi) majburiyatlar yuklaydi;

zo‘ravon shaxsning qurol saqlash va olib yurish huquqi cheklanadi (xizmat qurolidan tashqari).

2020 yil oktabrda «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 206−1-moddasi «Tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning himoya orderi talablarini bajarmaslik» normasi bilan to‘ldirildi. Mazkur modda talabini buzgan zo‘ravonlikda gumonlangan shaxslar BHMning 3 baravarigacha (900 ming so‘m) jarima to‘lashi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi bilan jazolanishi belgilangan.

Shu bilan birga, himoya orderini muddatidan ilgari tugatish ham mumkin: jabrlanuvchi himoya orderini tugatishni so‘rab murojaat qilganda;

belgilangan muddat, ya’ni 30 kun (uzaytirilgan muddat) tugatilganda;

jabrlanuvchi yoki zo‘ravonlik sodir etgan shaxsdan biri sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda;

sodir etgan jinoyati uchun jabrlanuvchilar yoki zo‘ravon shaxsdan biriga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilganda;

jabrlanuvchilar yoki zo‘ravon shaxsdan biri sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etilganda;

jabrlanuvchilar yoki zo‘ravon shaxsdan biri majburiy davolanishga yuborilganda;

jabrlanuvchilar yoki zo‘ravon shaxsdan biri qonun hujjatlariga muvofiq doimiy yashash joyidan uzoq muddatga boshqa mamlakatga chiqib ketganda;

jabrlanuvchi va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslardan biri vafot etganda. Shuninghdek, amal qilish muddati tugaganligi to‘g‘risida shu kunning o‘zidayoq, jabrlanuvchi va zo‘ravon shaxslarga xabar beriladi.

 

 

 

Parkent tumani adliya bo’limi Yuridik xizmat

     ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti M.Mansurov