Янгиликлар
NIKOHNI QAYD ETISh TARTIBLARI
NIKOHNI QAYD ETISh TARTIBLARI
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra nikoh tuzish taraflarning ixtiyoriy roziligiga asoslanadi va nikoh tuzishga majbur qilish taqiqlanadi.
Nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun o‘n sakkiz yosh etib belgilangan.
Uzrli sabablar mavjud bo‘lganda, alohida holatlarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmaganning to‘la muomalaga layoqatli deb e'lon qilinishi — emansipatsiya), nikoh tuzishni xohlovchi shaxslarning iltimosiga ko‘ra, nikoh tuzilganligini qayd etish joyidagi tuman, shahar hokimi tomonidan nikohga kirish yoshi bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga kamaytirilishi mumkin.
Nikoh nikoh tuzishni xohlovchi shaxslar bu to‘g‘rida belgilangan namunadagi yozma yoki elektron ariza bilan murojaat etgan kundan keyin bir oy o‘tgach FHDYo organi tomonidan qayd etiladi.
FHDYo organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslarning nikoh tuzilganligini qayd etish to‘g‘risidagi arizasini qabul qilishda belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanma beriladi.
FHDYo organi mudiri uzrli sabablar bo‘lganda hamda arizachilarning iltimoslariga ko‘ra bir oylik muddatni qisqartirishi mumkin.
Bunda uzrli sabablarni tasdiqlovchi — bolalarining tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari, tibbiyot muassasasining kelinning homiladorligi yoki bir tarafning kasalligi haqidagi ma'lumotnomasi, xizmat safari to‘g‘risidagi guvohnoma va shu kabi hujjatlar ko‘rsatiladi.
Bekobod shahar FHDYo mudirasi v.b. N.Turgunova