Янгиликлар
Tibbiyot sohasi xalqchil tizimga aylantirilmoqda
Tibbiyot sohasi xalqchil tizimga aylantirilmoqda
Xalq salomatligi va sog‘lom millat genofondi har bir davlatning muhim boyligi sanaladi. Shu bois, mamlakatimizda aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilishga davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda yurtimizda sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, malakali tibbiy kadrlar salohiyatini oshirish, sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yangicha mazmun kasb etayapti.
Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining dastlabki davridayoq aholi salomatligini asrash, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish masalasini ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab berdi. Sog‘liqni saqlash tizimida tub islohotlar o‘tkazish, ayniqsa, onalar, go‘daklar o‘limi, nogironlikni imkon qadar kamaytirish borasida samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini kun tartibiga olib chiqdi.
Keyingi yillarda kadrlar masalasida ham kamchiliklarimiz ko‘zga tashlanib qoldi. Ayniqsa, chekka hududlarda oilaviy shifokor, umumiy amaliyot shifokorlarining yetarli emasligi, ba’zi hududlarda tor soha mutaxassislari yo‘qligi, malakali mutaxassislar ko‘proq Toshkent shahrida faoliyat yuritishi Respublika sog‘liqni saqlash tizimi rahbariyati tomonidan ham tahlil qilindi.
Davlat tibbiyot muassasalarini kadrlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalarining tahsil olish jarayonida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlari va munosib daromad olishlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va o‘qishdan bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida, shuningdek koronavirus pandemiyasi asoratlari xanuzgacha o‘zi haqida eslatib turganligi bois:
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 25 noyabrdagi 713-son qarori 4-bandining «a» kichik bandiga muvofiq 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab barcha tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining «Davolash ishi» va «Pediatriya ishi» ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchi kurs talabalari uchun o‘quv yilining birinchi semestri (5 oy) davomida doimiy yashash joylaridagi tibbiyot muassasalarida amaliyot o‘tashini, rejadagi ma’ruza va o‘quv mashg‘ulotlarining nazariy qismini masofaviy shaklda olib borilishini joriy qilishi belgilangan.
Bundan tashqari 202 yil 3 oktyabrdagi 561-sonli “Davlat tibbiyot muassasalarini kadrlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish” to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab barcha tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining «Davolash ishi», «Pediatriya ishi» va «Tibbiy-profilaktika ishi» bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining bitiruvchi kurs talabalariga mehnat shartnomasi asosida to‘liq stavkagacha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor, tez tibbiy yordam muassasalarida shifokor hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tuman (shahar) bo‘limlarida mavjud shifokor vakant o‘rinlarida;
barcha tibbiyot oliy ta’lim muassasalari, Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining magistratura va klinik ordinatura mutaxassisliklarining bitiruvchi kurs talabalariga o‘z yo‘nalishidagi mutaxassislik bo‘yicha mavjud vakant o‘rinlarda mehnat shartnomasi asosida to‘liq stavkagacha faoliyat ko‘rsatishlariga ruxsat berilgan.
«Davolash ishi», «Pediatriya ishi» va «Tibbiy-profilaktika ishi» bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, magistratura va klinik ordinatura mutaxassisliklari o‘quv rejalaridagi fanlar va amaliy mashg‘ulotlarning nazariy qismi masofaviy shaklda o‘zlashtirishmoqda.
Tibbiyot muassasalarining tajribali shifokorlari hamda tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining mas’ul professor-o‘qituvchilari ustoz-shogird tizimi asosida talabalar, magistr va klinik ordinatorlarga biriktirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda tuman (shahar)lar kesimida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor va tor doiradagi shifokorlar, tez tibbiy yordam muassasalarida shifokorlar, shuningdek Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tuman (shahar) bo‘limlarida shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlab hamda birinchi bosqichda 2022-yil 1-oktyabrdan boshlab Surxondaryo viloyatida, ikkinchi bosqichda esa 2022-yil 1-noyabrdan boshlab respublikaning qolgan hududlarida mavjud vakant lavozimlarga talabalar, magistr va klinik ordinatorlarni ishga joylashtirish choralarini ko‘rilmoqda;
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab barcha tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining «Davolash ishi», «Pediatriya ishi» va «Tibbiy-profilaktika ishi» ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchi kurs talabalari uchun o‘quv yili davomida (qoida tariqasida, doimiy yashash joylaridagi yoki o‘zlarining roziligi bilan boshqa joylardagi) tibbiyot muassasalarida amaliyot o‘tashini, rejadagi ma’ruza va o‘quv mashg‘ulotlarining nazariy qismini masofaviy shaklda olib borilishini joriy qilingan.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz takidlaganidek kelajakda Asosiy vazifamiz-tibbiyot sohasini yuqori samara bilan ishlaydigan, chinakam xalqchil tizimga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bekobod tuman adliya bo‘limi
yuridik xizmat ko‘rsatish
markaz boshlig‘i A.Iskandarov