Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

02

Konstitutsiya – jamiyat ustuni.


Konstitutsiya – jamiyat ustuni.

Konstitutsiya – lotincha “constitutio” soʻzidan olingan boʻlib, tuzilish, tartib degan maʼnoni anglatadi va u davlatning Asosiy Qonuni hisoblanadi.

Maʼlumki, har bir davlatda, uning ichki va tashqi hayotini tartibga solish va davlat mexanizmining rejali ishlab turishini taʼminlash uchun, yuzlab va minglab turli qonunlar va qonunosti aktlari qabul qilinadi. Bu qonunlarning hammasini bir maqsad, bir gʻoya va bir tartibga boʻysundiradigan yagona umumdavlat asosiy qonuni – Kostitutsiya deyiladi.

Konstitutsiyalar kishilik jamiyati taraqqiyotining buyuk yutuqlaridan biridir. Konstitsiya – davlatdagi tartib-qoidalarning huquqiy asosidir. Insoniyat oʻzining koʻp asrlik tarixiy tajribasi asosida davlatda Konstitutsiya boʻlishi shart ekanligi haqidagi xulosaga keldi. Konstitutsiya yoʻq jamiyatda maʼlum darajada ijtimoiy tartibsizlik, huquqiy tushunmovchilik, siyosiy boshboshdoqlik va talofatga kengroq oʻrin qoladi. Konstitutsiya – mustaqillik, tenglik, demokratiya va insonparvarlik uchun kurashning va ayni vaqtda asosidir.

Tarixda Konstitutsiya 1778-yilda AQSHda qabul qilingan va hozirgacha u kuchda.

Jamiyat rivoji, barqarorligi Konstitutsiyaga, uning barqarorligiga bogʻliq. Konstitutsiya eng muhim va asos hisoblanuvchi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi. Bu munosabatlar boshqa munosabatlarga nisbatan barqaror, uzoq yashovchi, tez-tez oʻzgarishga muhtoj bulmagan munosabatlar hisoblanadi. Shuning uchun ham Konstitutsiyalar bosqa qonunlarga nisbatan kam oʻzgarishlarga uchraydigan qonundir.

Lekin hayot doimo oʻzgarishga, ilgari yurishga moyil ekanligini inobatga oladigan boʻlsak, asosiy ijtimoiy munosabatlar ham oʻzgaradi, ularni yangicha tartibga solish zarurati, turli davrdagi sharoitning xalma-xilligi Konstitutsiyaga ham oʻzgartirish kiritish zaruratini vujudga keltiradi.

Oʻzbekistonning rivojlanishi, unda olib borilayotgan islohotlar, albatta, ijtimoiy munosabatlarning oʻzgarishiga sabab boʻlmoqda. Davlat qurilishi va boshqaruvi sohasida olib borilayotgan islohotlar esa, hokimiyat tuzilmalari tarkibi, faoliyatini takomillashtirish, hokimiyat tizimi boʻlinishi prinsipini yanada chuqurlashtirish, uning natijasida vakolatlarni yanada aniq belgilash zaruriyatini tugʻdirmoqda.  

Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish bilan bogʻliq masala jamoatchilik muhokamasi markazida boʻlib turibdi. Mustaqil Oʻzbekiston uchun Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yangilik boʻlmasa-da, navbatdagi oʻzgartish va qoʻshimchalar avvalgilaridan butkul farq qilishi kutilmoqda. Balki, shu bois Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov raisligida Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilgandir. 

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992-yilning 8-dekabrida Respublika Oliy Kengashida qabul qilingan. Biroq amaldagi hujjat birinchisidan ancha farq qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hozirgi kunga qadar 15-marta oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan:

Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga birinchi oʻzgartirish 1993-yil 28-dekabrda kiritilib, soʻng 2003-yil 24-aprelda, 2007-yil 11-aprelda, 2008-yil 25-dekabrda, 2011-yil 18-aprelda, 2011-yil 5-dekabrda, 2014-yil 16-aprelda, 2017-yil 6-aprelda, 2017-yil 31-mayda, 2017-yil 29-avgustda, 2018-yil 15-oktyabrda, 2019-yil 18-fevralda, 2019-yil 5-martda, 2019-yil 4-sentyabrda va 2021-yil 8-fevralda oʻzgartirishlar kiritilgan.

Hozirgi kunda Konstitutsiyaga 128 ta moddaning roppa-rosa yarmi, yaʼni 64 ta moddasini oʻzgartirish va 6 ta yangi modda qoʻshish taklif etilmoqda.

 

 

Bekobod tumani Yuridik xizmat

koʻrsatish markazi bosh mutaxassisi:                      Dildora Djurayeva