Янгиликлар
Odam savdosi va majburiy mehnatda jabrlanuvchilarning huquqlarini himoya qilish va tashkiliy-huquqiy asoslari
Odam savdosi va majburiy mehnatda jabrlanuvchilarning huquqlarini himoya qilish va tashkiliy-huquqiy asoslari
Jahonda axborot kommunikatsiya texnologiyalarining taraqqiyoti davlatlarning iqtisodiy rivojlanishidagi tafovut, ishsizlik va qashshoqlikning o'sishi, ular o'rtasidagi integratsion jarayonlarning hamda transmilliy jinoiy tashkilotlarning faollashuvi natijasida odam savdosining ko'lami kengayib, insoniyat taraqqiyoti va xavfsizligiga tahdid solayotganligi bois, unga qarshi kurashishning xalqaro va milliy mexanizmlarini takomillashtirish obyektiv zaruriyatga aylandi. Har bir davlatning huquq tizimi milliy va xalqaro huquqiy hujjatlar tizimidan iborat bo'ladi. Albatta, ular milliy huquqiy hujjatlar tizimi sifatida o'ziga xos bo'lishi tabiiy. Milliy huquqiy hujjatlar tizimi har bir davlatning ichki va mustaqil ravishda qabul qiladigan hujjatlari hisoblanadi. Bu tizim xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari asosida vujudga keltirilishi mumkin.
O'zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi maqsadli islohotlarni uch yo'nalishda shakllanganligini ko'rish mumkin:
1. Odam savdosiga qarshi kurashishga oid xalqaro-huquqiy bazasining takomillashganligi;
2. Odam savdosiga qarshi kurashish borasida yangi qonunchilik tizimining shakllanganligi;
3. Odam savdosiga qarshi kurashishning institutsional asoslari yaratilganligi.
O'zbekiston Respublikasi odam savdosiga qarshi kurash borasida 60 dan ortiq xalqaro hujjatlarga qo'shilgan bo'lib, xorijiy davlatlar bilan 29 ta shartnoma kelishuvlarni imzoladi. 2008 yil 8 iyulda O'zbekiston Respublikasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2000 yil 15 noyabr kuni 55/25-sonli rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasini to'ldiruvchi Odam savdosining, ayniqsa ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo'yish va uning uchun jazolash haqida”gi protokolini ratifikatsiya qildi. Ushbu protokolning maqsadi –odam savdosiga alohida e'tibor bergan holda u bilan kurashish, bunday savdo jabrlanuvchilarini ularning inson huquqlarini to'la hurmat qilgan holda himoya qilish va ulargayordam berish, ishtirokchi davlatlar o'rtasida hamkorlikni rag'batlantirishdan iborat.
2001 yilda O'zbekiston Respublikasining Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tashkil etildi. 2003 yil 12 noyabrda esa ushbu Vazirlik qoshida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tashkil etildi. Ushbu agentlik zimmasiga O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy mamlakatlarda ish bilan ta'minlash, shuningdek ularni ayollar savdosi jabrlanuvchisiga aylanib qolmaslik uchun targ'ibot tashviqot ishlarini o'tkazish vazifalari yuklatildi. “Odam savdosiga qarshi kurashishto'g'risida”gi Qonunga asosan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 8 iyuldagi PQ 911–sonli “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha Respublika idoralararo komissiyasi hamda hududiy idoralararo komissiyalar tuzilgan. Ushbu komissiya odam savdosiga qarshi kurashuvchi idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish imkoniyatini berdi. Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining2008 yil 5 noyabrdagi “Odam savdosidan jabrlanganlarga yordam berish va ularni himoya qilish bo'yicha Respublika reabilitatsiya markazini tashkil qilish to'g'risida”gi 240-sonli Qarori qabul qilindi. Ushbu Markaz 30 o'ringa mo'ljallangan bo'lib, odam savdosidan jabrlanganlarga tibbiy, psixologik, ijtimoiy, yuridik yordam berish, qulay yashash va shaxsiy gigiena sharoitlari yaratib, ularni oziq-ovqat, dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta'minlashni amalga oshirishi belgilandi.
Markaz xizmatidan odam savdosi jabrlanuvchilari 30 kunga qadar yoki zaruriyat tug'ilganda 3 oy muddatgacha foydalanishlari mumkin. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2833-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga asosan odam savdosiga qarshi kurashishga qaratilgan idoralararo komissiya qayta tashkil etildi. Uning raisi sifatida O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 1-o'rinbosari, viloyatlarda IIB boshliqlari, ishchi organ sifatida Ichki ishlar vazirligi belgilangan. 2018 yilning 5 iyul kuni PQ-3839-sonli O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo'llab – quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg'armasi tashkil etildi.
Ushbu jamg'arma o'z faoliyati davomida xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida zo'ravonlik, majburiy mehnat va kamsitishdan jabrlangan, mehnat va boshqa huquqlari buzilgan, og'ir moliyaviy ahvolga tushgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, tirikchilik uchun mablag'siz qolgan fuqarolarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, ularga moddiy yordam ko'rsatish vazifalarini bajarishi belgilab qo'yildi. Islohotlarning davomi sifatida 2019 yil
30 iyul kunidagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 5775-sonli Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmonga asosan O'zbekiston Respublikasida odam savdosiga qarshi kurashishning yangicha yondashuvlari ishlab chiqildi.
Buning natijasida odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha idoralararo komissiya qayta tuzildi. Endilikda uning faoliyat doirasi bir qancha kengaytirilib, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyaga aylantirildi. Ushbu komissiyaga raislik qilish vazifasi O'zbekiston Respublikasi Oliy majlisining Senati raisiga yuklatildi.
So`nggi yillarda majburiy mehnat, bolalar mehnatiga barham berish hamda fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash maqsadida bu boradagi qonunchilikni mustahkamlash hamda qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish ishlari izchil davom ettirildi.
Xususan, 14 ta normativ-huquqiy hujjat — 2 ta qonun, davlat rahbarining 2 ta Farmoni va 4 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 6 ta qarori qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ayni chogʻda voyaga yetmaganlardan shahvoniy maqsadda foydalanish, ularni gʻayriqonuniy jamoat birlashmalari faoliyatida qatnashishga undash, majburiy mehnatga jalb etish uchun jinoiy javobgarlik belgilash masalalarini koʻzda tutuvchi Qonun qabul qilindi.
Shu bilan birga, farzand asrab olish tartiblarini soddalashtirishga qaratilgan hujjat imzolandi. Unga koʻra, ijtimoiy ahamiyati katta boʻlmagan, uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatni sodir etgan va jazo muddatini oʻtaganlarga ham farzand asrab olishga ruxsat berildi.
Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston Respublikasi tomonidan amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar odam savdosiga qarshi kurashish va uning oldini olish barobarida inson huquq va erkinliklarini ta'minlash va ularni har tomonlama himoya qilishga yo'naltirilgan bo'lib, ushbu borada huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan olib borilayotgan faoliyatga albatta o'zining ijobiy samarasini bermoqda. Shuningdek, odam savdosiga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirish lozimligini ko'rsatmoqda.
Yuqori Chirchiq tuman
adliya bo`limi boshli`g`i O.Buriyev