Янгиликлар
Huquqbuzar bo‘lib qolmang!
Huquqbuzar bo‘lib qolmang!
Avvalo shuni alohida ta’kidlab o‘tishni istardimki, inson hech qachon o‘z-o‘zidan huquqbuzar yoki jinoyatchi bo‘lib qolmaydi. Bunga uning yoshligidan olgan tarbiyasi, oilaviy va tashqi muhit, munosabat o‘rnatgan kishilarining qarashlari va jamiyatda tutgan o‘rinlari ham ta’sir ko‘rsatadi.
Eng achinarlisi, ba’zida o‘z huquqlarini yaxshi bilmaslikdan huquqbuzarlikka, jinoyatga qo‘l urib qo‘yadi.
Shukrki, yurtimiz tinch, hayotimiz farovon. Mehnat qilgan odam elda aziz bo‘lib, turmush darajasi ham yuksalib boraveradi.
"Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi, "Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlar, Prezidentimizning "Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilinib, davlat organlari va keng jamoatchilik oldida turgan muhim vazifalar aniq va ravshan belgilab berildi.
Huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng tatbiq qilinmoqda.
Huquqbuzarliklar o‘z-o‘zidan sodir etilmaydi. Asosiy masala huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki barvaqt oldini olish, sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o‘z vaqtida bartaraf etishdan iboratdir.
Bu masalada hududlarda yangi ish o‘rinlari tashkil qilish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga eng asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Yana bir og‘riqli mavzu – ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlarni keskin kamaytirishga erishilmayotgani ta’kidlab o‘tildi. Bunday jinoyatlarning asosiy sabablari fuqarolik munosabatlarini qonun doirasida amalga oshirmaslikka borib taqaladi. Oqibatda bu sodda odamlarning jinoyat qurboni bo‘lishiga olib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari faqat jazo qo‘llash tahdidi bilan emas, avvalo, aholi ongiga jinoyatga qo‘l urmaslik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik, Vatanga sadoqatli bo‘lish, atrofdagi insonlarga yuksak hurmatda bo‘lish kabi fazilatlarini singdirish lozimligi, bunda ommaviy axborot vositalari, radio-televideniye, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar matbuot xizmatlari yanada faollik ko‘rsatishi zarurligini ta’kidlab o‘tgan.
Bugungi kunda, adliya organlarining asosiy vazifalaridan biri fuqarolarning huquqiy ongini rivojlantirish, qabul qilinayotgan qonunlar, qarorlar, farmonlarning mazmunini, mohiyatini fuqarolarga tushuntirib berishdan iboratdir.
Davlat tashkilotlari, muassalar va fuqarolarga qonunlarning mohiyati, ularni qo‘llanishi yuzasidan tushunchalar, maslahatlar berib kelinmoqda.
Demakki har bir qonunbuzilish avvalo fuqarolarning huquq va majburiyatlarni bilmasligidan kelib chiqadi.
Inson huquqini bilsada, biroq o‘z majburiyatlarini bilmasa, bajarmasa, bu majbruriyatni kim bajaradi? Bizni huquqimiz amalga oshishi uchun kimdir majburiyatni bajarishi kerakku.
Shunday ekan har birimiz jamiyatda o‘z huquqimiz bilan birga majburiyatni xam bajarishni bilishimiz, farzandlarimizning ongiga singdirishimiz zarrurdir. Shunda kimningdir huquqi poymol bo‘lmaydi.
Bo‘ka tuman adliya bo‘lim boshlig‘i U.Boltayev