Янгиликлар
Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya toʻlash.
Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya toʻlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 28-noyabrdagi PF-5886-son Farmoni asosida joriy etilgan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi doirasida uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti boʻyicha boshlangʻich badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga subsidiya taqdim etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, shu jumladan, daromadi yuqori boʻlmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni aniqlash mezonlari, subsidiyalarni hisoblash va toʻlash tartibini belgilaydi.
ariza beruvchi — ipoteka kreditlari boʻyicha boshlangʻich badal va foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya olish maqsadida ariza bilan murojaat qiluvchi 18 yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi;
ballar — uy-joyga muhtoj fuqarolarni aniqlash va ularning ijtimoiy ustuvorligini belgilash uchun foydalaniladigan ijtimoiy mezonlar boʻyicha baholar toʻplami;
boshlangʻich badal — birlamchi bozordagi uy-joylarni sotib olishda:
shaharlarda — sotib olinadigan kvartira qiymatining kamida 20 foizi miqdoridagi mablagʻlar;
qishloq joylarda — sotib olinadigan kvartira qiymatining kamida 10 foizi miqdoridagi mablagʻlar;
daromadi yuqori boʻlmagan oila — qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanishi mumkin boʻlgan oʻrtacha oylik daromadlar miqdori:
qishloq joylarda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3,8 dan 5,8 baravarigacha;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida belgilangan MHTEKMning 4,0 dan 6,5 baravarigacha;
Toshkent shahrida belgilangan MHTEKMning 4,5 dan 9,0 baravarigacha boʻlgan oilalar;
ijtimoiy mezonlar — uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolarni aniqlashda qoʻllaniladigan ushbu Nizomga keltirilgan asosiy koʻrsatkichlar; ishtirok etuvchi tijorat banklari — fuqarolar tomonidan birlamchi bozorda tanlangan uy-joylarni sotib olishga ipoteka kreditini taqdim etuvchi tijorat banklari; talabgor — ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiya berish toʻgʻrisida ijobiy xabarnomani olgan ariza beruvchi; subsidiya — ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olish uchun boshlangʻich badal va (yoki) kredit foizining bir qismini qoplash maqsadida davlat byudjetidan fuqaro uchun bankda uning nomiga ochilgan tegishli hisobvaragʻiga oʻtkazilgan mablagʻlar; boshlangʻich badal uchun subsidiya — talabgorga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida hamda Toshkent shahrida qurilgan uy-joyni ipoteka krediti asosida sotib olishda boshlangʻich badalning bir qismini qoplash uchun uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida Davlat byudjetidan talabgor nomiga bankda ochilgan tegishli hisobvaragʻiga oʻtkazilgan mablagʻlar; foiz uchun subsidiya — talabgorga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar shaharlari va Toshkent shahrida va tuman maʼmuriy markazlariga tutash hududlarda qurilgan uy-joyni sotib olishda ipoteka krediti foizining bir qismini qoplash uchun Davlat byudjetidan talabgorning bankda ochilgan tegishli hisobvaragʻiga birinchi 5 yil davomida oʻtkaziladigan mablagʻlar; uy-joylar — shahar va qishloq joylarda yangi tartibda qurilgan birlamchi bozorda sotiladigan koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar; uy-joyning hisoblangan qiymati — har yili kelgusi yil uchun birlamchi bozordagi uy-joylarni sotib olishga ajratilishi mumkin boʻlgan ipoteka kreditlari va Davlat byudjetidan boshlangʻich badalning bir qismini qoplashga ajratiladigan subsidiyaning yuqori miqdorlarini belgilash maqsadida kvartira bir kvadrat metrining tegishli hududdagi oʻrtacha bozor qiymati hamda ikki, uch va undan koʻp xonali kvartiralar maydonining eng kam meʼyorlarini inobatga olgan holda aniqlanadigan qiymat; xabarnoma — tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza beruvchiga yuboriladigan davlat byudjetidan subsidiya berish yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisida komissiyaning QR-kodga ega boʻlgan qarori; komissiya — tegishli tuman (shahar) hokimi qarori bilan tasdiqlangan tuman (shahar)da subsidiya toʻlanadigan fuqarolarni tanlab olish boʻyicha namunaviy tarkibda shakllantiriladigan komissiya.
Shahar va qishloq joylarda birlamchi bozordagi uy-joylar aholiga bozor shartlari asosida belgilanadigan foiz stavkalarida ipoteka kreditlari asosida sotiladi.
Ariza beruvchi taqdim etilgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar asosida ijtimoiy mezonlarga mos kelishini aniqlash va baholash quyidagi masʼul tashkilotlarning tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan amalga oshiriladi:
tibbiyot birlashmasi;ichki ishlar boʻlimi (boshqarmasi);moliya boʻlimi; davlat soliq inspeksiyasi;
aholi bandligiga koʻmaklashish markazi; yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi;
tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari; Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) boʻlimi; tuman (shahar) hokimligi; ishtirok etuvchi tijorat banklari.
Shahar va qishloq joylarda qurilgan birlamchi bozordagi uy-joylarni sotib olishga ajratilgan ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiya toʻlanadigan talabgorlarni tanlash komissiya va masʼul tashkilotlar tomonidan qonuniylik, shaffoflik, adolat va haqqoniylik tamoyillari asosida amalga oshiriladi.
Ariza beruvchi ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiya olish uchun istalgan tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YAIDXP)da davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtadi.
Oʻzi kelib murojaat etganda Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YAIDXP orqali murojaat qilinganda esa ariza beruvchi mustaqil ravishda davlat xizmatidan foydalanish uchun anketa-arizani elektron tarzda toʻldiradi va quyidagi hujjatlarni elektron tarzda ilova qiladi yoki maʼlumotlarni taqdim etadi:
a) jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami maʼlumotlari; b) oila aʼzolarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami maʼlumotlari va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi (toʻliq oila va nikoh hamda voyaga yetgan farzandlar mavjud boʻlgan taqdirda) va (yoki) farzandlar tugʻilganligi haqidagi guvohnomalar (voyaga yetmagan farzandlar mavjud boʻlgan taqdirda) nusxalari; v) belgilangan tartibda nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh haqiqiy emas deb tan olinganligi toʻgʻrisida sud qarori (nikoh qayd etilgan holatda) yoki oilaviy holati toʻgʻrisida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari arxividan maʼlumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan holatda); g) doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyidan kadastr raqami va turiga tegishli maʼlumotlar (agar turar joyi doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyi bilan toʻgʻri kelsa); d) doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyidan uy daftarining yoki kvartiralar boʻyicha kartochkaning (17-shakl) nusxasi (agar turar joyi doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyi bilan toʻgʻri kelsa); ye) Ariza beruvchi va birgalikda qarz oluvchilarning daromadi va ushlab qolingan daromad soliqlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma (qoʻshimcha daromadlar boʻlsa soliq deklaratsiyasi).
Ariza beruvchidan ushbu bandda koʻrsatilmagan maʼlumot va hujjatlarni talab qilish qatʼiyan taqiqlanadi.
Mehnat migrantlari nomidan ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiya olish toʻgʻrisidagi arizani uning oila aʼzolari berishi mumkin.
Davlat xizmatlari markazi va YAIDXP orqali koʻrsatiladigan xizmatlar ariza beruvchilarga toʻlovlarsiz amalga oshiriladi.
Angren shaxar Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxasisi Z.Erkabayev