Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda tadbirkorlik subyektlariga agent sifatida ishtirok etish uchun sertifikat berish.


Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda tadbirkorlik subyektlariga agent sifatida ishtirok etish uchun sertifikat berish.

 

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda tadbirkorlik subyektlariga agent sifatida ishtirok etish uchun sertifikat berish tartibini belgilaydi. Nizom talablari pochta aloqasi milliy operatoriga nisbatan tatbiq etilmaydi. Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

agent — akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlari tomonidan beriladigan sertifikatga ega bo‘lgan, davlat xizmatlari ko‘rsatish axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda — axborot tizimi) orqali ariza beruvchilarning ma’lumot va hujjatlarini tegishli davlat organi yoki tashkilotiga yuborish hamda xizmat natijasini ariza beruvchiga taqdim etish faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkor (xodimi) yoki yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektining xodimi;

vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari;

malaka imtihoni — sertifikat olish uchun qo‘yilgan talablarga talabgorning mos kelishini aniqlashga yo‘naltirilgan, malaka komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan imtihon;

sertifikat — malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorga beriladigan, davlat xizmatini ko‘rsatish huquqini tasdiqlovchi davlat namunasidagi hujjat;

talabgor — sertifikat olish uchun murojaat qiluvchi yakka tartibdagi tadbirkor (xodimi) yoki yuridik shaxs maqomidagi tadbirkorlik subyektining xodimi.

Sertifikat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat ta’lim muassasalari tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha o‘quv kurslari yakunlariga ko‘ra 3 yil muddatga beriladi.

Amal qilish muddati tugagach yangi sertifikat olish hamda amaldagi sertifikatda nazarda tutilmagan xizmatlarni ko‘rsatish uchun sertifikat olish umumiy tartibda amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik subyekti uning xodimlari sertifikat olishi uchun quyidagi talablarga javob berishi lozim:

davlat xizmatini ko‘rsatish uchun kamida 15 m2 maydonga ega bo‘lgan bino mavjudligi;

davlat xizmatini ko‘rsatuvchi har bir xodim kompyuter va boshqa zarur tashkiliy texnika bilan ta’minlanganligi;

kamida 5 kishi uchun mo‘ljallangan kutish o‘rindiqlari mavjudligi;

bank hisobvarag‘iga ega bo‘lishi;

nazorat-kassa texnikasi va (yoki) hisob-kitob terminallari o‘rnatilganligi.

O‘quv markazlari belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tgandan so‘ng vakolatli organni xabardor qiladi.

O‘quv markazlarining ro‘yxati Agentlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Talabgorlar o‘quv kurslarida qatnashish uchun o‘ziga qulay bo‘lgan hududdagi o‘quv markazlariga murojaat qilishlari mumkin.

O‘quv kurslari davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan, talabgorlar tanlagan xizmatlar turlari bo‘yicha 40 soatlik o‘quv dasturi asosida o‘quv markazining binosida tashkil etiladi.

Talabgorlarni o‘qitish uchun o‘quv markazlari tomonidan shartnoma asosida vakolatli organning mas’ul xodimlari jalb etilishi mumkin.

O‘quv kurslarida qatnashish uchun to‘lov miqdori o‘quv markazlari tomonidan mustaqil belgilanadi. Biroq, ushbu miqdor har bir talabgor uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oshmasligi lozim.

O‘quv kurslari yakuni bo‘yicha talabgorlar sertifikat olish uchun malaka imtihoni topshiradilar.

Malaka imtihonini o‘tkazish uchun vakolatli organning qarori bilan besh kishidan kam bo‘lmagan tarkibda malaka imtihoni komissiyasi tashkil etiladi. Komissiya tarkibiga vakolatli organ rahbari va xodimlari, kelishuv asosida Agentlik xodimi hamda o‘quv markazlari vakillari kiritiladi.

Vakolatli organ rahbari komissiya raisi hisoblanadi.

Malaka imtihoni o‘quv markazida guruhlar shakllanishiga qarab, lekin ikki oyda kamida bir marotaba o‘tkazilishi lozim.

Malaka imtihoni topshiradigan talabgorlar ro‘yxati vakolatli organ tomonidan shakllantirilgandan so‘ng, talablarning bajarilganligi tadbirkorlik subyekti joylashgan (unga eng yaqin) hududdagi davlat xizmati markazi xodimlari tomonidan imtihon kuniga qadar joyiga chiqqan holda tekshiriladi hamda natijasi bo‘yicha markaz direktori tomonidan vakolatli organga ma’lumot beriladi.

talablarni barchasini bajargan tadbirkorlik subyektining xodimlari (talabgorlar) malaka imtihoniga kirishiga ruxsat beriladi. Ushbu talablar to‘liq bajarilmagan taqdirda, talabgorlar talablarning barchasi bajarilgandan so‘ng navbatdagi malaka imtihoniga kiritilishi mumkin.

Malaka imtihonini topshirishda talabgorlar pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatni ko‘rsatadi.

Malaka imtihoniga kelmagan yoki kechikkan talabgor navbatdagi malaka imtihonidagi talabgorlar ro‘yxatiga kiritiladi va bu haqda pochta xizmati orqali yoki elektron ravishda uch ish kuni ichida xabardor qilinadi.

Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini ta’minlash maqsadida imtihon jarayoni uzluksiz ravishda ovozli videoyozuvga tushiriladi.

Malaka imtihoni test ko‘rinishida elektron shaklda vakolatli organ binosida topshiriladi.

Test savollari Agentlik tomonidan o‘quv dasturi doirasida o‘tilgan mavzular bo‘yicha ishlab chiqiladi.

Test savollarini tuzish jarayonida foydalanilgan mavzular Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.

Test savollari sohadagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilishini hisobga olgan holda yangilab boriladi.

Test sinovi 50 ta savoldan iborat bo‘ladi.

Talabgorga malaka imtihonini topshirish uchun ikki akademik soat vaqt beriladi.

Test sinovi o‘tkaziladigan xonaga uyali telefon, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirish, boshqa talabgorlar bilan suhbatlashish taqiqlanadi.

Тalablarni buzgan talabgorlar test sinovidan chetlashtiriladi va malaka imtihonidan o‘tmagan deb hisoblanadi. Malaka imtihonidan chetlashtirilgan talabgorlar bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, komissiya raisi tomonidan imzolanadi.

Malaka imtihoni natijalari test sinovi yakunlanishi bilan e’lon qilinadi, shu kunning o‘zida komissiyaning bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi hamda Agentlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Test savollarining kamida 35 tasiga (70%) to‘g‘ri javob bergan talabgor malaka imtihonidan o‘tgan hisoblanadi.

Malaka imtihonidan o‘tmagan talabgorlar bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida yig‘im to‘lab, navbatdagi malaka imtihonidagi talabgorlar ro‘yxatiga kiritilgan holda takroran imtihon topshirish huquqiga ega.

Yig‘im summasi Agentlikning budjetdan tashqari hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Komissiyaning qaroridan norozi bo‘lgan talabgorlar belgilangan tartibda tegishli yuqori turuvchi organga yoki sudga murojaat qilishlari mumkin.

Malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorlarga komissiyaning bayonnomasi rasmiylashtirilgandan boshlab uch ish kuni ichida mazkur QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan sertifikat beriladi.

Sertifikatga agent tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxati ilova qilinadi hamda agentga davlat xizmatlari ko‘rsatish axborot tizimida ushbu ro‘yxatdagi xizmatlarni ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

 

Angren shahar Davlat Xizmatlari markazi

servis menejeri    F.Xodajmberdiyeva