Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining funksiyalari


O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining funksiyalari

Adliya vazirligi huquq ijodkorligi sohasida yagona davlat siyosatini yuritish sohasida quyidagi funksiyalarni bajaradi:

konstitutsiyaviy normalarni amalga oshirish, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, jamiyatda qonunga rioya etish va hurmat ruhini mustahkamlash maqsadida huquqiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqadi;

davlat organlari va tashkilotlarining huquq ijodkorligi masalalari bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtiradi va uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi;

davlat organlari va tashkilotlari huquq ijodkorligi faoliyatining monitoringi va tahlilini amalga oshiradi;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini qonunchilikka, xalqaro shartnomalar normalariga, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligi, ularda korrupsiyaga, boshqa huquqbuzarliklarni sodir etishga shart-sharoit yaratuvchi, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslar uchun ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklovlarni joriy etuvchi qoidalar va normalar mavjudligini aniqlash hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning qonunchilikka muvofiqligini, ularda huquqiy normalar mavjudligini aniqlash nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi;

normativ-huquqiy hujjatlarni amaliyotda qo‘llashdagi korrupsiyaviy xavflarni tahlil qiladi, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalaridagi korrupsiyaga sabab bo‘ladigan normalarni aniqlaydi, ularni bartaraf etishga qaratilgan choralar ko‘radi va tavsiyalar ishlab chiqadi;

qonunchilik hujjatlaridagi huquqiy nuqsonlarni, huquqbuzarliklarni sodir etishga shart-sharoit yaratuvchi, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslar uchun ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklovlarni joriy etuvchi qoidalar va normalarni aniqlaydi va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

qonunosti hujjatlariga rasmiy sharhlarning loyihalarini tayyorlaydi va ularni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining topshiriqlariga asosan normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy sharhlarining loyihalari bo‘yicha xulosalar beradi;

idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi;

idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestrini yuritadi;

vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning huquqiy hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lmagan hujjatlar toifasiga kiritish haqida qarorlar qabul qiladi;

idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkazishning belgilangan tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

Hukumat bayonnoma qarorlari hisobini yuritadi;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish, qabul qilish, e’lon qilish va manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkazishning belgilangan tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning turkumlashtirilgan hisobini yuritish tartibini tasdiqlaydi, unga rioya qilish ustidan nazoratni amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining davlat hisobini va qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining nazorat nusxalarini yuritadi, ularning bankini (fondini) shakllantiradi;

davlat organlari va tashkilotlarining normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalarni tasdiqlaydi;

normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tartibini belgilaydi;

idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalarini tasdiqlaydi;

Qonunchilik tarmoqlari umumhuquqiy klassifikatorini tasdiqlaydi, normativ-huquqiy hujjatlarga klassifikator asosida kodlar beradi;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy tusdagi qarorlarini qonunchilik hujjatlariga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va boshqalar.

 

Olmaliq shahar adliya bo‘limi inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi yetakchi maslahatchisi

Ro‘ziyev Baxtiyor