Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

Nafratga asoslangan jinoyat nima?


Nafratga asoslangan jinoyat nima?

Nafratga asoslangan jinoyat nima? Amaldagi qonunchilikda, xususan, Jinoyat Kodeksida, «nafratga asoslangan jinoyat» tushunchasi mavjud emas. Ammo Rossiya qonunchiligida «prestupleniya na pochve nenavisti» yoki AQSHda «hate crimes» kabi jinoyat turlari mavjud. Umuman olganda, nafratga asoslangan jinoyat boshqa jinoyatlardan faqat bir jihati bilan ajralib turadi – jinoyat biron kishiga yoki guruhga qarshi bo‘lgan nafrat sababli amalga oshiriladi. Nafrat ko‘pincha jabrlanuvchining irqi, dini, millati, tili, kelib chiqishi yoki jinsi tufayli qo‘zg‘aladi.

Albatta, biron kishidan nafratlanish o‘z-o‘zidan jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lmaydi. Masalan, kishi gomoseksuallarga qarshi nafrat his etishi jinoyat hisoblanmaydi. Ammo bunday nafrat jinoyatni rejalashtirish va sodir etishga sabab bo‘lsa, bunday xatti-harakat natijasida sodir etilgan jinoyat nafratga asoslangan jinoyat, deb hisoblanadi.

Nafratga asoslangan jinoyatlar ko‘pincha jamiyatdagi marginal guruhlarga qarshi qaratilgan bo‘ladi. Masalan, Rossiyada o‘zbek mehnat muhojirlariga qarshi «Rossiya ruslar uchun» shiorlari ostida qilingan hujum va qotilliklarni misol keltirsa bo‘ladi. Yoki AQSHda Tramp saylangandan keyin turli etnik va diniy ozchiliklarga qarshi «Amerikadan yo‘qol» yoki «Endi hammangni deport qilib yuboramiz», kabi haqoratlar bilan qilingan hujumlarni misol sifatida keltirsa bo‘ladi.

O‘zbekistonda bunday marginal guruh bu gomoseksual va transvestitlardir. Ko‘pincha, bunday guruhlarga qarshi sodir etilgan jinoyatlardan maqsad – ularga «ko‘rsatib qo‘yish», jamiyat tomonidan qabul qilinmaydigan hayot tarzidan voz kechtirish, ularni «haqiqiy» erkak yoki ayol bo‘lishga majburlash.

Nafratga asoslangan jinoyatlarning yana bir ahamiyatli jihati – jinoiy xatti-harakatlar bir kishiga qarshi qaratilgan bo‘lsa ham, jinoiy qilmish ma’lum marginal guruh a’zolariga qaratilgan bo‘ladi.

Demak, nafratga asoslangan jinoyatlarda bir necha jazoni og‘irlashtiruvchi elementlar mavjud. Savol tug‘iladi, amaldagi qonunchilikda nafratga asoslanib sodir etilgan jinoyat og‘irlashtiruvchi holat deb hisoblanadimi?

Amaldagi qonunchilik va nafratga asoslangan jinoyatlar Amaldagi qonunchilikda, xususan, Jinoyat Kodeksida «nafratga asoslangan jinoyat» tushunchasi mavjud emas. Bunday tushuncha jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar orasida ham sanab o‘tilmagan. Masalan, Jinoyat Kodeksining 56-moddasida barcha jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar sanab o‘tilgan. 56-moddaning e’tiborga molik jihati shundaki, sud jazo tayinlashda 56-moddada nazarda tutilmagan holatlarni og‘irlashtiruvchi holat deb topishi mumkin emas. Demak, nafratga asoslangan jinoyat 56-moddada sanab o‘tilmagan bo‘lsa, bunday holat sud tomonidan og‘irlashtiruvchi deb topilmaydi.

56-moddada nafratga asoslangan jinoyatga yaqin bo‘lgan bir holat tilga olingan – «irqiy yoki milliy dushmanlik yoxud adovat zamirida» jinoyat sodir etish jazoni og‘irlashtirishi mumkin. 56-moddada nazarda tutilgan bu qoidani alohida moddalarda ham ko‘rish mumkin, masalan, 97 (qotillik), 104-105 (qasddan badanga og‘ir/o‘rtacha shikast yetkazish) va 173 (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) moddalarda.

Mazkur qoida o‘ta cheklangan qamrovga ega bo‘lib, faqat irqiy yoki milliy adovatni nazarda tutadi. Ammo yuqorida muhokama qilingani kabi, nafratga asoslgan jinoyatlar nafaqat irqiy yoki milliy adovat, balki jabrdiydaning dini va jinsi sababli ham sodir etilishi mumkin.

Bundan tashqari, Jinoyat Kodeksining VI bobi «Shaxsning ozodligi, sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi jinoyatlar», deb nomlanadi. Ushbu bobda odam savdosi (135-modda), ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish (136-modda), odam o‘g‘irlash (137-modda), zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish (138-modda), tuhmat (139-modda) va haqorat qilish (140-modda) kabi jinoyatlar joy olgan bo‘lsa ham, nafratga asoslangan jinoyatlar nazarda tutilmagan.

Demak, amaldagi qonunchilikda nafratga asoslangan jinoyatlar jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar ichiga kirmaydi.

Nafratni isbotlash bilan bog‘liq amaliy muammolar Jinoyat huquqi va protsessining eng asosiy qoidalaridan biri bu aybsizlik prezumpsiyasidir. Mazkur qoidaga ko‘ra, shaxs aybi qonunda belgilangan tartibda isbotlanguniga qadar aybsiz hisoblanadi. Demak, biron kishini nafratga asoslangan jinoyat sodir etishda ayblash uchun, bu kishining qilmishida nafratning mavjudligi isbotlanishi kerak.

Amalda jinoyat aynan nafrat sababli amalga oshirilganligini isbotlash oson bo‘lmasligi mumkin. Masalan, og‘ir tan jarohati yetkazishda «Rossiyani churkalardan tozalaymiz!» yoki «Geyni o‘ldir!» deb baqirishning o‘zi kifoyami? Yoki ayblanuvchi jinoyatni nafrat sababli sodir etganini tan olishi shartmi? Mazkur savollarga hozir javob berish qiyin va shunday qoida qabul qilingan taqdirda, Oliy Sud Plenumi amaliyotdan kelib chiqib tegishli sharhlar berishi kerak bo‘ladi.

Umuman olganda, bunday holatlarda ayblanuvchining ko‘rsatmalari katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, so‘roq qilish davomida ayblanuvchi geylardan hazar qilishini, ularni qirib tashlashga tayyor ekanligini tan olsa, sodir etilgan jinoiy qilmish uchun jazo ko‘rishga ham tayyor ekanligini aytsa, bunday ko‘rsatmalar hal etuvchi xarakterga ega bo‘lishi mumkin.

Zafar Jumanov

Quyichirchiq tuman adliya bo’limi bosh maslahatchisi.