Янгиликлар
Obuna uchun o`qituvchilarning oylik maoshidan ushlab qolinishi qonuniymi?
Obuna uchun o`qituvchilarning oylik maoshidan ushlab qolinishi qonuniymi?
Amaliyotda har yili o`qituvchilardan majburiy obuna uchun oylik maoshining 10-30 foizigacha to`lovlar ushlab qolinadi. Biz quyida mazkur obuna qanchalik qonuniyligi xususida so`z yuritamiz.
O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 164-moddasida xodimning roziligidan qat’i nazar, mehnat haqidan ushlab qolinadigan to`lovlar mavjud.
Bular:
1) O‘zbekiston Respublikasida belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish uchun;
2) sudning qarorlari va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun;
3) ish haqi hisobiga berilgan avansni ushlab qolish uchun, xo‘jalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga yoki boshqa joydagi ishga o‘tganligi munosabati bilan berilgan bo‘lib, sarf qilinmay qolgan va o‘z vaqtida qaytarilmagan avansni ushlab qolish uchun hamda hisob-kitobdagi xatolar natijasida ortiqcha to‘langan summani qaytarib olish uchun. Bunday hollarda ish beruvchi avansni qaytarish yoki qarzni to‘lash uchun belgilangan muddat tamom bo‘lgan kundan yoxud haq to‘lash noto‘g‘ri hisoblab chiqarilgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmasdan avans yoki qarzni ushlab qolish haqida farmoyish berishga haqlidir. Agar bu muddat o‘tib ketgan bo‘lsa yoki xodim xo‘jalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga yoxud boshqa joydagi ishga o‘tganligi munosabati bilan berilgan avansning ushlab qolinishini asossiz yoki miqdorini noto‘g‘ri deb hisoblasa, u holda qarz sud tartibida undiriladi;
4) hisobidan xodim ta’til olib bo‘lgan ish yili tugamasdan turib mehnat shartnomasi bekor qilinganda, — ta’tilning ishlanmagan davrga tegishli kunlari uchun. Ana shu kunlar uchun haq mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 89-moddasining to‘rtinchi qismida, 100-moddasi ikkinchi qismining 1 va 2-bandlari, 106-moddasining 1 va 2-bandlarida ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra, shuningdek o‘qishga kirganligi yoki pensiyaga chiqqanligi munosabati bilan bekor qilinganda ushlab qolinmaydi;
5) xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararni qoplash uchun, agar yetkazilgan zararning miqdori xodimning o‘rtacha oylik ish haqidan ortiq bo‘lmasa;
6) ushbu Kodeksning 181-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan jarimani undirish uchun.
Ish haqini har gal to‘lash vaqtida ushlab qolinadigan haqning umumiy miqdori xodimga tegishli bo‘lgan mehnat haqining ellik foizidan ortib ketmasligi lozim.
Demak, xulosa qiladigan bo’lsak, ish beruvchi xodimning ish haqidan majburiy tarzda (xodimning yozma roziligisiz) obuna uchun ushlab qolishi noqonuniy hisoblanadi. Mehnat kodeksining 260-moddasiga asosan, ushbu holat yuzasidan korxonadagi mehnat nizolari komissiyasiga (agar mavjud bo’lsa) va/yoki korxona joylashgan tuman fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga shikoyat qilishingiz lozim.
Yangiyo`l tumani adliya bo`limi
yuridik xizmat korsatish markazi
bosh yuristkonsulti S.Mamatqulov