Янгиликлар
Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish davr talabi hisoblanadi
Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish davr talabi hisoblanadi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan joriy yil 18-aprelda imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha vazifalarning qonuniy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan 70 dan ziyod qonun hujjatlariga, shu jumladan, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga, Yer hamda Soliq kodekslariga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Taʼkidlash kerakki, bugun fermerlarimiz qishloq xoʻjaligining asosiy kuchiga aylanmoqda. Ayni paytda respublikamizda 160 mingdan ortiq fermer xoʻjaliklari oʻndan ziyod yoʻnalishlarda samarali faoliyat yuritayotgani, oxirgi ikki yilda koʻp tarmoqlilar soni 45 foiz koʻpayib,
75 mingtaga yetgani fikrimiz tasdigʻidir. Binobarin, qishloq mulkdorlarining saʼy-harakati, tashabbusi, izlanishlari tufayli yuz minglab kishilar bandligi taʼminlanayapti.
Paxta hamda gʻalla ekilayotgan past rentabelli maydonlar yildan-yilga qisqartirilib, ularning oʻrniga intensiv bogʻlar, yongʻoqzor va tokzorlar barpo etilayotgani hamda boshqa serdaromad ekinlar ekilayotgani diqqatga sazovor. Pirovardida ayni paytda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining
99 foizdan ortigʻi fermer va dehqon xoʻjaliklari hamda tomorqa yer egalari hissasiga toʻgʻri kelayotir.
Shu oʻrinda parlament quyi palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Yer kodeksiga hamda “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirganini taʼkidlash joiz. Jumladan, fermer xoʻjaligi maqomi belgilab berilgan amaldagi 3-moddaning matni yangi tahrirda bayon qilinib, fermer xoʻjaligi hamda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining huquqiy maqomi belgilab qoʻyildi. Unga koʻra, fermer xoʻjaligi ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda, qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyekti sifatida eʼtirof etildi.
Shu bilan birga, Qonunga koʻra, yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi fermer xoʻjaligining boshligʻi hamda tuman hokimi tomonidan imzolanadi. Tuman hokimining fermer xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkasi berishni rad qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga yoki boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga shikoyat etilishi mumkin. Fermer xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkalari olgan va qishloq aholi punktida turarjoyi boʻlgan shaxslarning tomorqa yer uchastkasi saqlanib qoladi.
Yerdan foydalanish normalari belgilangan 13-moddaning yangi tahririga koʻra, fermer xoʻjaligi boshligʻi pensiya yoshiga toʻlganda yoki mehnat qobiliyatini yoʻqotganda, shuningdek, muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan, oliy taʼlim muassasalariga kunduzgi oʻqishga qabul qilingan, saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylangan taqdirda yer uchastkasini ijaraga olish huquqini oʻz oila aʼzolaridan biriga ijara shartnomasida koʻrsatilgan muddatga berishi mumkin.
Jumladan, Qonunda fermerlar huquqlari ham kengaytirilgan. Masalan, uning 16-moddasiga muvofiq, fermer ishlab chiqarishga zamonaviy, tejamkor texnologiyalarni, fan-texnika yutuqlarini joriy etish, fan-taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilish huquqiga ega boʻldi.
“Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartish hamda qoʻshimchalar bilan fermer xoʻjaligini tashkil etish va yer uchastkasini berish boʻyicha qonun hujjatlaridagi normalarning oʻzaro muvofiqligi taʼminlandi. Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining huquqiy maqomi aniqlashtirildi. Qonunni qoʻllash amaliyotida yuzaga kelayotgan vorislik, meros hamda fermer xoʻjaligini boshqarish huquqini boshqa shaxsga oʻtkazish va fermer xoʻjaligini tugatish bilan bogʻliq koʻplab muammolarning qonuniy yechimi topildi. Bu esa, oʻz navbatida, respublikamiz agrar tarmogʻi yanada taraqqiy topib, turmushimiz farovon boʻlishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Yangiyoʻl tuman adliya
boʻlimi boshligʻi v.v.b.
O.Satimov