Янгиликлар
Vasiyatnomani notarial tasdiqlash tartibi qanday
Vasiyatnomani notarial tasdiqlash tartibi qanday
Vasiyatnoma matni vasiyat qiluvchi tomonidan yozilib, notariusga shaxsan taqdim etilgan yoki uning soʻzlaridan notarius tomonidan yozib olingan boʻlishi kerak boʻladi.Mol-mulkning egasiga tazyiq oʻtkazib majburan yozdirish mumkin emas.
Shuni esdan saqlash lozimki,vasiyatnomani tasdiqlab berishda vasiyat qiluvchidan uning vasiyat qilinayotgan mol-mulkka boʻlgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talab qilinmaydi (yani,kadastr xujjatlari).
Vasiyatnoma yozilgan joyi, sanasi va vaqti koʻrsatilgan holda yozma shaklda tuziladi
Yozma shakldagi vasiyatnoma vasiyat qiluvchining oʻz qoʻli bilan imzolanishi, familiyasi, ismi va otasining ismi toʻliq yozilishi shart.
Agarda vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani oʻz qoʻli bilan imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan notarius hozir boʻlganida vasiyat qiluvchi oʻz qoʻli bilan imzolay olmaganligining sabablarini koʻrsatilgan holda, vasiyatnomaga boshqa shaxs imzo qoʻyishi mumkin.Bunday vaziyatdada, notarius Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1128-moddasiga asosan vasiyat qiluvchining oʻrniga vasiyatnomani imzolagan fuqaroga meros ochilgunga qadar vasiyatnomaning mazmuni, uning tuzilishi, bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishiga daxldor maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emasligi tushuntiradi va bu haqda vasiyatnoma matnida qayd etadi.
Shuningdek, vasiyatnoma matnida vasiyat qiluvchining oʻrniga vasiyatnomani imzolagan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan yili, shaxsini tasdiqlovchi hujjat va doimiy propiska qilingan manzili yoziladi.
Vasiyatnomani imzolash jarayoni majburiy audio va video qayd etilishi lozim.
Vasiyat qiluvchining iltimosiga binoan vasiyatnomani tasdiqlashda guvohlar ishtirok etishi mumkin. Bunday holda vasiyatnomaning har ikki nusxasiga bu haqda yozib qoʻyiladi.
Notarius tomonidan vasiyat qiluvchining vasiyatnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi arizasi notarial shahodatlantirilishi kerak.
Notarius vasiyatnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida ariza olgan taqdirda vasiyatnomaning notariusda saqlanayotgan nusxasiga belgi qoʻyadi va Tizimga bu xususda maʼlumot kiritadi.
Vasiyatnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida ariza notarial idorada yuritiladigan bitimlarni bekor qilish toʻgʻrisidagi alohida yigʻmajildda saqlanadi.Vasiyat qiluvchi oʻzida saqlanayotgan vasiyatnoma nusxasini taqdim etgan taqdirda, vasiyatnomaning oʻzgartirilganligi yoki bekor qilinganligi toʻgʻrisida bu nusxaga ham yozib qoʻyiladi.
Nurafshon shahar adliya bo’limi yetakchi maslahatchisi B.Fozilbekov