Янгиликлар
Tadbirkorlar davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bir vaqtning oʻzida birja tizimida akkreditatsiyalanadi.
Tadbirkorlar davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bir vaqtning oʻzida birja tizimida akkreditatsiyalanadi.
“Iqtisodiyot tarmoqlarida birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish hamda birja savdolarini tartibga solish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–430-son, 24.11.2022-y.) qabul qilindi
Qarorga koʻra:
- tadbirkorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishda ularni bir vaqtning oʻzida birja tizimida akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi joriy etiladi;
- xorijiy yetkazib beruvchilar tomonidan davlat xaridlari tizimida ishtirok etish uchun majburiy tartibda elektron raqamli imzo olish talabi bekor qilinadi;
- tadbirkorlarning yuqori likvidli va monopol boʻlmagan mahsulotlarini birja savdolari orqali sotish uchun istiqbolli tovarlar seksiyasi tashkil etiladi;
- tadbirkorlarga, oʻz xohishiga koʻra, birjadan tashqari tuzilgan shartnomalar boʻyicha birjaning hisob-kitob-kliring tizimi orqali kafolatli hisob-kitob xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratiladi;
- mahsulotlarni “forvard” bitimlari asosida sotish tartibi birja savdolari orqali tuziladigan eksport-import shartnomalariga nisbatan ham qoʻllaniladi.
2022-yil 1-dekabrdan 2024-yil 1-yanvargacha quyidagi tovarlar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi:
- monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan poʻlat shar, metall list prokati, suyuq uglerod oksidi, texnik kislorod, kaustik soda, neft koksi, sintetik nafta, barda – ishlab chiqarish hajmining 100 foizi;
- monopol boʻlmagan va ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan kam boʻlgan yoki davlat ulushi mavjud boʻlmagan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan:
- metall list prokati va sement – ishlab chiqarish hajmining kamida 50 foizi;
- paxtadan olingan chigit, paxta moyi (ekstraksiya paxta moyi), qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) va isteʼmol etil spirti – ishlab chiqarish hajmining 100 foizi.
Chinoz tuman adliya boʻlimi yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuristkonsulti J.Muhammadiyev.