Янгиликлар
Korrupsiya – mamlakat taraqqiyotiga to‘siq
Korrupsiya – mamlakat taraqqiyotiga to‘siq
Korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan. Hozirgi davrda korrupsiya ko‘pgina davlatlarning iqtisodiy va siyosiy salohiyatiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatib bera oldi. Unga qarshi kurashish, muntazam ravishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan dolzarb vazifalardan biriga aylandi.
Shulardan kelib chiqib, 2017 yil 3 yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi yaratildi. Uning asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni 3-moddasida asosiy tushunchalar berilgan bo‘lib, unda korrupsiyaga oid huquqbuzarlik va manfaatlar to‘qnashuviga doir tushunchalarga ta’rif berilgan, ya’ni korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini, yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.
Mazkur Qonun o‘z navbatida, fuqarolarga korrupsiya va korrupsiyaga oid huquqbuzarlikning nima ekanligi va ularning salbiy illatlari haqida ma’lumot beradi.
Darhaqiqat, korrupsiya har qanday jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy hayotiga xavf soladigan, qolaversa, mamlakat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan illatdir. Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning umumiy strategiyasini amalga oshirish doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish va bunda korrupsiya jinoyatiga qarshi kurashish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Yuqorida keltirib o‘tilganlardan xulosa qilib shuni aytishimiz mumkunki, korrupsiya bu, millatni ich-ichidan yemirib, xalq va davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni va ishonchni yo‘qqa chiqaruvchi juda yomon illatdir. Shunday ekan milliy xavfsizligimizga taxdid solayotgan bu kabi illatdan qutilmog‘imiz kerak. Buning uchun esa, shu yurtda yashayotgan har bir fuqaro va yurt ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shishni istagan barcha mansabdor shahslar qonunda belgilab qo‘yilgan korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplarini butun xayoti davomida o‘zlariga shior deb bilishlari zarur.
Jasur Ahmedov
Chinoz tuman adliya bo’limi
davlat xizmatlari markazi
bosh mutaxasissi