Янгиликлар
Xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasida
Xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasida
Konstitutsiyamizning 53-moddasida xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi, mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkinligi qatʼiy mustahkamlangan. Mamlakatimizda ushbu konstitutsiyaviy qoida asosida xususiy mulk va mulkdorlarni himoyalashga qaratilgan ishonchli normativ-huquqiy asos va kafolatlar, shuningdek, tadbirkorlik uchun zarur shart-sharoit hamda imtiyozlar yaratish boʻyicha koʻpgina ishlar amalga oshirilmoqda va bunda asosiy eʼtiborlardan biri sifatida xususiy mulk daxlsizligi va uning himoyasini huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilmoqda. Jumladan, 2012-yil 24-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-336-son Qonuni qabul qilingan. Qayd etish joizki, bevosita xususiy mulk daxlsizligi va uning huquqiy himoyasiga bagʻishlangan bunday qonun kamdan-kam davlatlar tajribasida uchraydi. Mazkur hujjatda mulkdor oʻz mol-mulkiga nisbatan qonunga zid boʻlmagan har qanday harakatlarni bajarishga haqli ekanligi qatʼiy norma sifatida belgilab qoʻyilgan.
Bo‘stonliq tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Yodgor Yunusov