Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

KONSTITUSIYAMIZNING YARATILISHI TARIXIGA NAZAR


KONSTITUSIYAMIZNING YARATILISHI TARIXIGA NAZAR

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilishi tarixi haqida so‘z yuritishdan oldin “Konstitutsiya nima?” degan savolga javob berish maqsadga muvofiqdir.

Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning oʻzaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning oʻzaro munosabatlarini belgilab beradi.

Asosiy Qonunimiz yaratilishi murakkab va muhim bir nechta qadamlardan iborat.

Oliy Kengash qarori bilan 1990-yil 21-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar aʻzoni oʻzida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilgan va Konstitutsiya loyihasi ana shu komissiya tomonidan 2 yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlangan.

Birinchi Prezidentimiz Konstitutsiyaviy komissiya ish boshlashi bilan mamlakatimizning oʻziga xos jihatlarini va xususiyatini munosib ravishda aks ettiradigan, xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan, jahon tajribasini, demokratiya va eng rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyaviy qonunchiligi erishgan yutuqlarni inobatga oladigan Asosiy Qonun loyihasini tayyorlashga bevosita rahbarlik qilgan.

Konstitutsiyaning birinchi loyihasi 1992-yil 26-sentabr kuni tayyor boʻlgan va shu kuni matbuotda chop etilgan.

Loyiha e’lon qilingach, uning umumxalq muhokamasi juda keng tus olgan va bu ochiq-oshkora muhokamalar 1992 yilning sentabr oyi oxiridan dekabr oyi boshlarigacha fuqarolarning siyosiy faolligi, ijodiy ko‘tarinkiligi ruhida o’tgan hamda O‘zbekistonda demokratiya rivojining samarali va amaliy maktabi bo‘lgan.

Konstitutsiyaviy komissiyaga fikr-mulohazalar bildirilgan 600 taga yaqin xat kelib tushgan, fuqarolarimiz tomonidan bildirgan takliflar soni 5 mingdan oshib ketgan.

1992-yil 21-noyabrda Konstitutsiya loyihasi ikkinchi marta gazetalarda chop etilgan va umumxalq muhokamasiga qoʻyilgan.

Shunday qilib, huquqiy pretsedent – ikki bosqichli umumxalq muhokamasi yuz berdi. Ushbu holat, bir tomondan, muhokama ishtirokchilarini faollashtirish uchun qudratli ragʻbat vazifasini bajargan boʻlsa, ikkinchi tomondan, Asosiy Qonunimizning xalqchilligini taʻminladi. Konstitutsiya loyihasining oʻzi keng jamoatchilik ekspertizasidan oʻtdi.

Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan 1992-yil 6-dekabrda Konstitutsiya loyihasi oxirgi marta muhokama etilgan.

Konstitutsiya loyihasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya kabi demokratik davlatlar mutaxassislarining sinchkov ekspertizasidan oʻtkazilgan.

Parlament deputatlari tomonidan loyiha moddama-modda muhokama qilinib, unga yana bir qator oʻzgartishlar kiritilgach, 1992-yil 8-dekabr kuni Bosh Qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan eʻtiboran, 8-dekabr – umumxalq bayrami deb eʻlon qilindi.

Bahovuddin Salayev,

Toshkent viloyat adliya boshqarmasi

 bosh maslahatchisi