Янгиликлар
Farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqani tayinlash tartibi
Farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqani tayinlash tartibi
Hozirgi kunda yurtimizning aholisi kundan-kunga judayam ortib bormoqda. Buning asosiy qismini, nikohdan qurilgan farzandlar tashkil qiladi va har bir tugʻilgan farzandga bir martalik nafaqa tayinlanadi. Ushbu nafaqa tayinlash tartibi Oʻzbekistob Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yilning 23-maydagi 327-sonli Qaroriga muvofiq, Farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqani tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning Ma’muriy Reglamenti qabul qilindi. Ushbu Reglament tug‘ilgan bolaning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga (keyingi o‘rinlarda — ariza beruvchilar) Davlat xizmatlari markazlari orqali bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini (keyingi o‘rinlarda — nafaqa) tayinlash yuzasidan murojaat qilish bo‘yicha davlat xizmatlari (keyingi o‘rinlarda — davlat xizmatlari) ko‘rsatish tartibini belgilaydi. Davlat xizmatlari Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) orqali bola tug‘ilgan kundan boshlab 6 oy muddat ichida murojaat qilingan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — vakolatli organ) tomonidan ko‘rsatiladi va nafaqa puli nafaqa yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot tomonidan to‘lanadi.
Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ o‘rtasidagi idoralararo elektron axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi o‘rinlarda — ERI) majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo o‘zaro elektron bog‘lanish yordamida amalga oshiriladi. Bunda ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat qiladi yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi. Ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat qilgan taqdirda Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchining nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda mustaqil ravishda so‘rovnomani elektron tarzda to‘ldiradi. So‘rovnoma to‘ldirilgandan so‘ng ariza beruvchi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, so‘rovnomani imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (ERI, daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi. Davlat xizmatlari ko‘rsatilgani uchun yig‘im undirilmaydi.
Ariza beruvchilar tomonidan so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlarning ko‘rsatilishi yoki uni tasdiqlash rad etilishi davlat xizmatlari ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi. Davlat xizmatlari ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.
Ariza beruvchilar davlat xizmatlardan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda uning so‘rovnomasi ko‘rib chiqilmasdan qoldiriladi.
Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etgan taqdirda uning so‘rovnomasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng 5 daqiqa mobaynida, YIDXP orqali murojaat qilinganda avtomatik tarzda vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi.
Vakolatli organ tomonidan so‘rovnoma olinganidan so‘ng 5 daqiqa mobaynida nafaqa puli tayinlanadi yoki rad etiladi hamda bu haqidagi ma’lumot tegishli Davlat xizmatlari markaziga yoki YIDXPga elektron tarzda yuboriladi. Nafaqa tayinlash rad etilgan taqdirda ma’lumotda rad etish sabablari ko‘rsatiladi.
Vakolatli organ nafaqa pulini tayinlagan taqdirda to‘lov qaydnomalarini shakllantiradi va nafaqani qachon va qayerdan olishi mumkinligi to‘g‘risidagi ma’lumotni (o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda) Davlat xizmatlari markaziga yoki (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) ariza beruvchiga YIDXP orqali elektron tarzda yuboradi. Shakllantirilgan to‘lov qaydnomalari har oy hisobot oyidan keyingi oyning beshinchi kunigacha so‘rovnomada keltirilgan nafaqani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilotga yuboriladi.
Davlat xizmatlari markazi ma’lumot olinganidan so‘ng 5 daqiqa mobaynida ariza beruvchini xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ o‘z faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan ma’lumotlarning sir saqlanishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari ushbu Reglament talablari ijrosi bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini doimiy nazorat qiladi va monitoring olib boradi. Ariza beruvchilar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Parkent tuman adliya boʻlimi davlat xizmatlari markazi yetakchi mutaxassisi Turg’unov Ixtiyorbek Ortigʻali oʻgʻli