Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

Tovar belgisidan foydalanishning huquqiy asoslari


Tovar belgisidan foydalanishning huquqiy asoslari

 

Mamlakatimizda intellektual faoliyat natijalarini huquqiy jihatdan muhofazalashga qaratilgan oʻziga xos qonunchilik bazasi yaratilgan. Intellektual mulk obyektlari bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soluvchi normalarning tamal toshi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasini keltirib oʻtish lozim. Mazkur moddaga muvofiq, har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga gʻamxoʻrlik qiladi. Ushbu normada mustahkamlangan “har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi” qoidasi shaxsning ijtimoiy hayotning istalgan sohasida ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shugʻullanishini kafolatlaydi.

Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi insonning eng asosiy, tabiiy huquq va erkinliklarini belgilovchi xalqaro hujjat hisoblanadi. Unda insonning yashash huquqi, erkin boʻlish huquqi, mulkdor boʻlish huquqi, shaxsiy daxlsizlik huquqi bilan birga ijod erkinligi ham belgilangan. Deklaratsiyaning 27-moddasida har bir inson jamiyatning madaniy hayotida erkin ishtirok etishga, sanʼatdan bahramand boʻlishga, ilmiy taraqqiyotda ishtirok etish va uning samaralaridan foydalanish huquqiga egaligi oʻz ifodasini topgan boʻlib, bu huquq insonning tabiiy, aql-idrok bilan mavjud boʻlgan individ sifatidagi fikrlash va aqliy faoliyati bilan bogʻliqdir.

Oʻzbekiston Respublikasi intellektual mulk obyektlari, kompyuter dasturlarini himoya qilishga dahldor boʻlgan bir qator Konvensiya va shartnomalar ishtirokchisi sanaladi. xususan, Parij Konvensiyasi, Adabiy va badiiy asarlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi Bern Konvensiyasi[1], Patent huquqi toʻgʻrisidagi shartnoma, Tovar belgilari boʻyicha qonunlar toʻgʻrisidagi shartnomalar, Belgilarni xalqaro qayd etish toʻgʻrisidagi Madrid bitimiga bayonnoma, Patent kooperatsiyasi toʻgʻrisidagi shartnoma, Patent protsedurasi (tamomillari) maqsadlari uchun mikroorganizmlarni xalqaro tan olish haqida Budapesht shartnomasi, Xalqaro patent tasnifi toʻgʻrisidagi Strastburg bitimi, Sanoat namunalarini xalqaro tasnifini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Lokorn Bitimi, Butunjahon intellektual mulk tashkilotini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Stokgolm Konvensiyasi kabilar.

Oʻzbekiston Respublikasi kelgusida qoʻshilishi kutilayotgan va muhim ahamiyatga ega xalqaro hujjat bu TRIPS Bitimidir. Mazkur xalqaro hujjat 1995-yil 1-yanvardan amalga kiritilgan boʻlib, Butunjahon Savdo Tashkilotining taʼsis hujjatlari tarkibiga kiritilgan va intellektual mulk obyektlari bilan savdo qilishi qoidalarini, mulkiy huquqlarni amal qilishini belgilab beradi.

Tarixan intellektual mulk ikkiga, yaʼni bir tomondan sanoat mulki obyektlari – patent, tovar belgilari, gʻayriqonuniy raqobat boʻlsa, ikkinchi tomonidan – mualliflik huquqi obyektlariga boʻlingan[2]. Bu borada Parij konvensiyasi (1883)[3] va Bern konvensiyasi (1886) farqlanadi. Birinchisi sanoat mulkiga doir qoidalarni, ikkinchisi esa, mualliflik huquqiga doir huquqlarni himoyasini oʻzida mujassamlaydi.

Bugungi kunda mamlakatimizda Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasida belgilangan ijod erkinligining kafolatlari va u bilan bogʻliq munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi bilan birga qator qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi. Ular jumlasiga Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 30-avgustdagi “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi va boshqa qonun osti hujjatlarini kiritish mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-apreldagi F–5464–sonli farmoyishi bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida[4] “fuqarolik-huquqiy munosabatlari ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishga toʻsqinlik qiluvchi fuqarolik qonunchiligidagi huquqiy boʻshliqlar va kolliziyalarni bartaraf etish” zarurati belgilab berildi.

Tovar belgisini muhofaza qilishga doir qonunchilik bazasi qay ahvolda? degan oʻrinli savol tugʻiladi. Aytish lozimki, intellektual mulk obyektlari butun dunyoda asosan xalqaro hamjamiyat tomonidan umumeʼtirof etilgan va umumtanolingan xalqaro normalar, standartlardan andoza olgan holda rivojlanayotganligiga eʼtibor qaratish lozim. Bu oʻrinda biqiq, tor doirada, faqatgina bir davlat manfaatidan kelib chiqqan holda huquqiy muhofazaga doir normalarni belgilash oʻzini oqlamaydi. Shu sababli ham butun dunyo miqyosida bu borada alohida xalqaro konvensiya va bitimlar asosiy oʻrinni egallaydi. Tabiiyki, ushbu konvensiya aʼzolari hisoblangan va zimmalariga majburiyat olgan mamlakatlar oʻzining milliy qonunchiligini shu asosda shakllantirishga harakat qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 97-moddasi
1-qismiga koʻra tovar belgisi intellektual mulkning aniq ifoda etilgan natijalariga tenglashtirilgan oʻziga xos vositasi sifatida talqin qilinadi va unga nisbatan shaxsning mutlaq huquqlari amal qiladi. Tovar belgisi intellektual mulkning shaxsiylashtirish vositasi sifatidagi huquqiy maqomi, undan foydalanish va uni muhofaza qilish masalasi tegishli qonun hujjatlarida belgilab oʻtilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi 2001-yil 30-avgustdagi qonuni[5] tovar belgilarining maxsus huquqiy maqomini belgilab beradi. Unda tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisi bu bir yuridik va jismoniy shaxslar tovarlari va xizmatlarini boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning shu turdagi tovarlaridan farqlash uchun xizmat qiladigan, belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan belgilar sifatida nazarda tutiladi. Tovar belgisi huquqiy jihatdan uni ushbu Qonunda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish asosida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ravishda muhofaza qilinadi. Tovar belgisi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs nomiga roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin (Qonunning 3-4-moddalari).

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-fevraldagi “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4168-son qaroriga muvofiq intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish va umumeʼtirof etilgan xalqaro normalarni implementatsiya qilishga oid faoliyati qoniqarsiz deb topilganligi sababli Intellektual mulk agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimiga oʻtkazildi[6]. Ushbu hujjatda muhim qoidalar sifatida:

a) 2019-yil 1-martdan joriy etilgan tartibga koʻra:

tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisi va tovar kelib chiqqan joy nomini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnomalar topshirilgandan soʻng, Agentlik bir ish kuni mobaynida ushbu talabnomalar haqidagi maʼlumotlarni oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi;

ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, sotuvchilar yoki ularning vakillari talabnomalar eʼlon qilingandan soʻng Agentlikka roʻyxatdan oʻtkazish uchun nohalol topshirilgan arizalar haqidagi yozma eʼtirozlarini taqdim etishlari mumkin;

tovar belgisiga va xizmat koʻrsatish belgisiga doir mutlaq huquq, tovar kelib chiqqan joy nomi va (yoki) tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi oʻsha kunning oʻzida tovar belgisi haqidagi maʼlumotlarni Agentlikning rasmiy veb-saytida majburiy tarzda joylashtirgan holda Tovar belgilari davlat reestrida roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan boshlab vujudga keladi;

tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilishi tovar belgisi Oʻzbekiston Respublikasi hududida soʻnggi uch yil mobaynida uzluksiz ravishda foydalanilmaganda, shuningdek, jamoaviy belgidan foydalanish toʻgʻrisidagi kelishuv buzilgan taqdirda manfaatdor shaxsning arizasiga binoan qabul qilingan sud qarori asosida muddatidan avval toʻliq yoki qisman tugatilishi mumkin.

b) 2019-yil 1-sentyabrdan boshlab tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan talabnomalar faqat elektron shaklda davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshiriladi.

v) Adliya vazirligi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti 2019-yil 1-iyulga qadar Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtkazilgan barcha tovar belgilarini toʻliq xatlovdan oʻtkazadi. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan birgalikda 2019-yil 1-iyuliga qadar Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan hammaga maʼlum tovar belgilarining nohalol roʻyxatdan oʻtkazilishini aniqlash nuqtayi nazaridan Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan barcha tovar belgilarini toʻliq xatlovdan oʻtkazsin va qonun talablari buzilgan holda berilgan tovar belgilarini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomalarni bekor qilish choralarini koʻradi.

g) 2019-yil 1-iyulga qadar intellektual mulk obyektlarining yagona va doimiy yangilanib boradigan integratsiyalashgan maʼlumotlar bazasi ishlab chiqiladi va joriy etiladi. U quyidagilarni taʼminlaydi:

huquqiy himoya olgan va undan mahrum boʻlgan intellektual mulk obyektlarini real vaqt rejimida kuzatib borish;

intellektual mulk obyektlari huquqiy himoya olgan va undan mahrum boʻlganda ularni avtomatik ravishda tegishlicha Intellektual mulk obyektlarining bojxona reestriga kiritish va chiqarish;

intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash va oldini olishda vakolatli davlat organlari bilan hamkorlik qilish.Istiqbolda keng miqyosli norma ijodkorligi ishlarini olib borish rejalashtirilmoqda. Xususan, intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini taʼminlashning zamonaviy baholash va tahlil qilish tizimini joriy etish boʻyicha Kompleks chora-tadbirlar tasdiqlanishi lozim (1.07.2019-yilgacha). Hujjat, shu jumladan, Mulk huquqini himoya qilish xalqaro indeksi mezonlarini inobatga olishi kerak.

2020-yil 1-yanvardan boshlab patent bojlari va toʻlovlari, shuningdek norezidentlardan tovar belgisi va sanoat namunasining huquqiy muhofazasini berish uchun undiriladigan individual boj stavkalari bosqichma-bosqich kamaytiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4380-son qarori[7] asosida quyidagi mezonlarga muvofiq keluvchi tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisi Oʻzbekiston Respublikasida hammaga maʼlum deb eʼtirof etiladi:

tovar belgisi qoʻllaniladigan tovarlar va (yoki) xizmatlarning turi Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi va (yoki) potensial isteʼmolchilari tomonidan yoxud tovar belgisi qoʻllaniladigan tovarlar va (yoki) xizmatlarning turi uni tarqatilishini taʼminlashda ishtirok etayotgan shaxslar tomonidan yoxud tovar belgisi qoʻllaniladigan tovarlar va (yoki) xizmatlarning turiga aloqador boʻlgan ishbilarmonlar doirasi tomonidan tanib olinishi, bunda tovarning sifat darajasi haqida tushuncha mamlakatdagi tovar belgisi bilan bogʻliq boʻlishi kerak;

avvaldan xos boʻlgan yoki faol foydalanish natijasida vujudga kelgan yuqori farqlanish xususiyati;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida, shu jumladan Internet tarmogʻining milliy segmenti domen nomlari tizimida tovar belgisidan keng foydalanish va uning reklama qilinishi;

respublikada uzoq muddat davomida va faol foydalanish natijasida vujudga kelgan tijorat qiymati.

I.Nasriyev Oʻzbekiston Respublikasining yangi Fuqarolik kodeksi qabul qilingunga qadar asarni eʼlon qilish huquqi nashr etish huquqi tarzida mustahkamlangan. Oʻsha davrdagi Fuqarolik kodeksida mustahkamlangan bunday huquq muallifning asarni eʼlon qilishga boʻlgan huquqining mazmuni va mohiyatini toʻla aks ettirmaydigan ibora tanlab olingan. Nashr etish koʻproq yozma asarlarga taalluqli boʻlib, koʻrish va eshitish orqali qabul qilinadigan asarlarga nisbatan qoʻllanilmagan, deb hisoblaydi[8]. Bu oʻrinda I.Nasriyev mualliflik huquqi obyektlari obyektiv shakliga doir qoidalarda asarni eʼlon qilish bilan bogʻliq jihatlariga eʼtibor qaratadi. Nazarimizda, mualliflik huquqi haqidagi qoidalarda mulkiy va shaxsiy-nomulkiy huquqlarga doir qoidalarni tizimlashtirishga asosiy eʼtibor qaratish lozim.

Fuqarolik kodeksining IV boʻlimini takomillashtirish zarurati haqida bir qator olimlar tomonidan fikrlar bildirib oʻtilgan. Jumladan, O.Oqyulovning fikricha, 2006-yil 11-oktyabrda qabul qilingan FKga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun mavjud kamchiliklarni bartaraf etish oʻrniga ularni yanada chuqurlashtirdi. Birinchidan, u FK strukturasini jiddiy ravishda buzdi (FKdan 10 modda chiqarib tashlandi va muayyan boʻshliqlar hosil boʻldi). Ikkinchidan, normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi qonunga zid ravishda “koʻzgu” prinsipi qoʻllandi (FK va joriy qonunni bir-birini takrorlashi yuz berdi). Bu esa FKning IV boʻlimini jiddiy isloh qilish zaruriyatini dolzarb qilib qoʻydi[9].

N.F.Imomov bir normaning ayni paytda ikkita qonun hujjatida aynan takrorlanishi qonunlarni talqin etish va qoʻllashda ham takrorlanishni yuzaga keltirsa, tegishli huquqiy munosabatni ikkita qonun hujjati normalari bilan tartibga solish va bundagi normalar ayni bir munosabatni turlicha tartibga solish huquqni qoʻllovchi uchun qiyinchiliklarni tugʻdirsa, huquqiy munosabat ishtirokchilari oʻrtasidagi turli nizolar hamda adoqsiz bahs-munozaralarga olib keladi[10].

Haqiqatan ham vaziyat yuqoridagi holatni koʻrsatmoqda. Biroq, bu tendensiya qonun chiqaruvchi tomonidan tanlangan boʻlib, huquqiy boʻshliqlar boʻlmasligiga erishish va munosabatlarni atroflicha huquqiy tartibga solishga yoʻnaltirilgan. Kodifikatsiyalangan qonunda va alohida qonunda tovar belgilariga doir munosabatlarning tartibga solinishi bugungi kunning voqeligidir. Kelgusida qanday yoʻl tanlanishi: tovar belgilariga oid munosabatlarni faqat kodifikatsiyalangan qonunda belgilash yoki dualistik rejim (ham kodifikatsiyalangan qonun, ham alohida qonunda) saqlanib qolishini vaqt koʻrsatadi.

 




[1] Intellektual mulk obyektlarini himoya qilishga qaratilgan mazkur xalqaro hujjat bu boradagi eng qadimiy xalqaro hujjatlardan biri boʻlib, u dastlab, Angliya, Belgiya, Gaiti, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Liberiya, Tunis, Fransiya va Shvetsiya tomonidan 1886-yil 9-sentyabrda Shveysariyaning Bern shaxrida imzolangan (38 moddadan iborat) boʻlib, mualliflik huquqlarini xalqaro miqyosda himoya qilish imkonini beradi. Oʻbekiston Respublikasida “Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Bern Konvensiyasiga 2005-yil 19-yanvarda qoʻshildi va shu yilning 19-apreldan boshlab amalga kiritildi.


[2] European Intellectual Property Law. text, cases and materials. Annette Kur and Thomas Dreier. 2013. 18-b.


[3] https://wipolex.wipo.int/zh/text/288517


[4] Oʻzbekiston Respublikasida tijoratchi yuridik shaxslarning tugatilishi alohida ahamiyatga ega. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-apreldagi F–5464–sonli farmoyishi // Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2019-y., 08/19/5464/2891-son.


[5] Oʻzbekiston Respublikasining “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi qonuni // Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 178-modda.


[6] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-fevraldagi “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4168-son qarori // Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2019-y., 07/19/4168/2594-son.


[7] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4380-son qarori // Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2019-y., 07/19/4380/3360-son.


[8] Nasriyev. I. Shaxsiy nomulkiy huquqlar mazmuni, ularni amalga oshirish va kengaytirish istiqbollarining fuqarolik huquqiy masalalari: yurid. fan. dokt. Diss. avtoreferati. – Toshkent: 2006. 51-b.


[9] Oqyulov O. Fuqarolik kodeksining IV boʻlimi: yutuqlar va muammolar // Fuqarolik kodeksini takomillashtirish muammolari: ilmiy-nazariy konferensiya materiallari. – Toshkent: TDYUI, 2007. 35-b.


[10] Imomov N.F. Intellektual mulk huquqining yangi obyektlari. – Toshkent: TDYUI, 2011. 37-38-b.