Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar


O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar

 

Mustaqillik yillaridan so’ng O‘zbekiston Respublikasida ham katta islohotlar amalga oshirildi. Shu jumladan mehnat qonunchiligi yuzasidan ham.

Bunda Xalqaro Mehnat Tashkilotining Bosh konferensiyasi, xalqaro Mehnat Byurosining Ma’muriy kengashi tomonidan Jenevada chaqirilib va 1930-yilning 10-iyunida o‘zining O‘n to‘rtinchi Sessiyasiga to‘planib, zo‘raki yoki majburiy mehnatga oid bir qancha takliflarni qabul qilishga qaror chiqarib va bu Sessiya kun tartibining birinchi bandi hisoblanib, mazkur takliflarga xalqaro konvensiya shaklini berishga qaror qilib, bir ming to‘qqiz yuz o‘ttizinchi yil iyun oyining yigirma sakkizinchi kunida, Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavining qoidalariga mos ravishda Xalqaro Mehnat Tashkilotining a’zolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi maqsadida, quyidagi “Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 1930-yilgi Konvensiya” deb nomlanishi mumkin bo‘lgan Konvensiyani qabul qildi. Jenevada 1930-yil 28-iyunda qabul qilingan “Majburiy mehnat to‘g‘risida”gi Konvensiyani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 30-avgustdagi 492-I-sonli “Zo‘rlab ishlatish yoki majburiy mehnat to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qilish haqida”gi Qarori bilan ratifikatsiya qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “O‘zbekiston respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-sonli qarori qabul qilindi.

Yuqoridagi normativ huquqiy hujjatlar bilan O‘zbekiston Respublikasida inson hayoti va faoliyatining barcha sohalarida majburiy mehnatning oldini olish va unga to‘liq barham berishga doir aniq hamda amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xalqaro mehnat tashkiloti (keyingi o‘rinlarda XMT deb ataladi) bilan faol hamkorlik qilinmoqda, ushbu tashkilotning 14 ta, jumladan, 8 ta asosiy konvensiyasi, shuningdek, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashishga doir konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Respublikada XMT Konvensiyalarini hayotga tatbiq etishga doir milliy harakatlar rejasi qabul qilindi, mazmuni va mohiyati XMT metodologiyasi bo‘yicha milliy mehnat qonunchiligini va mehnat bozorini rivojlantirishga, bandlikni, ijtimoiy muhofazani va aholi bilan muloqotni ta’minlashga yo‘naltirilgan Munosib mehnat bo‘yicha mamlakat dasturi bajarilmoqda. Ushbu Tashkilot ekspertlarining bevosita ishtirokida qishloq xo‘jaligida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanish monitoringi olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida” 2017-yil 4-oktabrdagi SQ-231-III-son qarori bilan bolalar mehnati va majburiy mehnatdan biron-bir shaklda foydalanishning oldini olish va bunga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ushbu yo‘nalishda kompleks tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan parlament nazorati instituti joriy etildi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar bolalar mehnatiga to‘liq barham berish, shuningdek, majburiy mehnatning oldini olish va bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun yetarli normativ-huquqiy bazani shakllantirish imkonini berdi, bu jahon hamjamiyati, xususan, XMT, Jahon banki va Yevroparlament tomonidan yuqori baholandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi qarori bilan quyidagilar belgilandi:

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hasharlar quyidagi shartlarga qat’iy rioya etilgan holda faqat ixtiyoriy tarzda tashkil etiladi va o‘tkaziladi:

umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo‘lganda;

hasharlar unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faqat tegishli mahalla hududida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, bolalar va sport maydonlarini jihozlash, moddiy-madaniy meros obyektlarini zarur holatda saqlash, qabristonlarni qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda zarur holatda saqlash ishlarida aholining ixtiyoriy ishtirok etishini tashkil etadi.

Shunindek, yuqoridagi qaror bilan avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv obyektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish obyektlari, shuningdek, insonlarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o‘tkazish taqiqlanishi belgilandi.

Bundan tashqari qaror bilan tegishli vazirlik va idoralarga vazifalar yuklatildi. Bular quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:

xodimlarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash, biron-bir shakldagi majburiy mehnatdan foydalanish holatlarini o‘z vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi normalari amalga oshirilishini nazorat qilish choralarini kuchaytirsin;

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Savdo-sanoat palatasi hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda:

davlat organlari, shu jumladan, mahalliy davlat organlarining, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi ishlari qizg‘in davrda xodimlarning huquqlari hamda manfaatlariga rioya etilishi bo‘yicha faoliyati yuzasidan tizimli monitoring olib borilishini;

o‘tkazilgan monitoring yakunlari bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etgan holda, xususan, hududlarda ommaviy eshituvlar tashkil etilishini ta’minlasinlar, bunda majburiy mehnatdan foydalanishning har bir holati, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida muhokama qilinishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi hududida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish, bu boradagi tekshiruvlar samaradorligini oshirish va majburiy mehnat holatlari aniqlanganda esa aybdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini qo‘llash;

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga:

jamoa shartnomasi va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, xususan, majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish borasida tashkilotlardagi kasaba uyushmalari boshlang‘ich bo‘g‘inlarining javobgarlik choralarini kuchaytirish;

majburiy mehnat holatlari aniqlangan taqdirda ular to‘g‘risida prokuratura organlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalariga zudlik bilan ma’lum qilish;

boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlikda ushbu sohadagi jamoatchilik nazoratini faollashtirish tavsiya etildi.

 

 

         Parkent tumani adliya

         bo‘limi bosh maslahatchisi                                                 A.Xamdamov