Янгиликлар
MUQOBIL ENERGIYA MANBALARIGA O'TISH DAVR TALABI
MUQOBIL ENERGIYA MANBALARIGA O'TISH DAVR TALABI
Muqobil energiya manbalari bu shamol energiyasi, quyosh energiyasi, geotermal energiya, biomassa va suv oqimi energiyasidan foydalanish orqali olinadigan qayta tiklanadigan energiya hisoblanadi. Neft, tabiiy gaz, ko‘mir va uran rudasi kabi qazib olinadigan yoqilg‘idan farqli o‘laroq, ushbu energiya manbalari tugamaydi, aynan shuning uchun ham ushbu manbaa turlari qayta tiklanuvchi energiya manbaalari hisoblanadi.
Bugun ko’plab mamlakatlar qazilma yoqilg‘ilarni qayta tiklanuvchi energiya manbaalriga almashtirishni amalga oshirish borasida chora-tadbirlar ko’rib bormoqda xususan O’zbeksitonda ham. O’zbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunida qayta tiklanuvchi energiya manbalariga atrof-muhitda tabiiy holda qayta tiklanuvchi quyosh, shamol energiyasi, yer harorati (geotermal), suv oqimlarining tabiiy harakati, biomassa energiyasi sifatida ta’rif berilgan.
Qonunning 13-moddasiga asosan davlat tomonidan sohani rivojlantirish bo’yicha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida soliq, bojxonaga oid hamda boshqa imtiyozlar va preferensiyalar belgilash, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida innovatsion texnologiyalar yaratish va ularni qo‘llashga ko‘maklashish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining yagona elektr energetikasi tizimiga kafolatli ulanishini ta’minlash, elektr energiyasining yagona xaridori va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishilgan holda hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyasini xarid qilish uchun shartnomalar tuzish huquqini berish va boshqa shakllarda chora-tadbirlar belgilanishi ko’rsatib o’tilgan.
Shunga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-maydagi “2017 – 2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi PQ-3012-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi
PF-220-son Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-sentabrdagi “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqarishni jadallashtirish to‘g‘risida”gi 518-son qarori va boshqa qaonunchilik hujjatlarida qayta tiklanuvchi energiya manbaalaridan foydalanishni keng qo’llab quvvatlash bo’yicha bir qator chora tadbirlar belgilangan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-220-son Farmonining 2-bandiga asosan jismoniy shaxslarga Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan respublikada ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda quyosh suv isitish qurilmalarini 3 yil mobaynida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olish imkoniyati yaratilishi belgilandi.
Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining qiymatini to‘liq to‘lagan holda ularni xarid qilgan va o‘rnatgan iste’molchilarga xarid xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinishi belgilab o’tildi.
Xulosa o’rnida aytish mumkinki, hozirgi vaqtda olinadigan energiya asosan qayta tiklanmaydigan energiya manbalari hisobiga to’g’ri keladi. Shuning uchun yuqorida belgilangan chora-tadbirlarni yanada kengaytirish, energiyaning yalpi iste’moli hamda sanoat ulushida muqobil energiya manbalaridan foydalanish ulushini oshirish davr talabi hisoblanadi.
Parkent tumani adliya bo’limi Yuridik xizmat
ko’rsatish markazi boshyuriskonsulti D.Turdaliyev