Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish tartibidan xabardormisiz?


Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olish

tartibidan xabardormisiz?

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam koʻrsatish hamda kambagʻallik bilan kurashish koʻlamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil
11-avgustdagi PF-6277-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kam taʼminlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida” 21.10.2021-yildagi 654-son Nizomi tasdiqlangan boʻlib, unga asosan Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashaydigan kam taʼminlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — “Yagona reestr” AT) orqali aniqlash hamda ularga kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun nafaqa (keyingi oʻrinlarda — bolalar nafaqasi) va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordamni (keyingi oʻrinlarda — moddiy yordam) tayinlash va toʻlash tartibi belgilab qoʻyildi.

Mazkur Nizomga asosan bolalar nafaqasi 12 oy muddatga tayinlanadi, biroq oilaning eng kichik yoxud yagona bolasi tegishlicha oʻn sakkiz yoshga toʻlgan oyning oxirigacha toʻlanadi.

Moddiy yordam bola(bolalar)siz yoki barcha bolalari 18 yoshdan katta boʻlgan oilalarga va yakka-yolgʻiz fuqarolarga 6 oy muddatga tayinlanadi va toʻlanadi. Bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdorlari qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.

Oilani kam taʼminlangan deb eʼtirof etish hamda ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash va toʻlash toʻgʻrisidagi qarorlar “Yagona reestr” ATda shakllantiriladi va qabul qilinadi.

Mazkur Nizomga asosan, kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oilaga bolalar nafaqasi yoxud moddiy yordam yashash joyi boʻyicha oilaning muomalaga layoqatli aʼzosining yozma arizasiga asosan tayinlanadi.

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun ariza zarur hujjatlar bilan birga bevosita ariza beruvchining doimiy yoki vaqtincha yashash manzilidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga taqdim etiladi va roʻyxatga olinadi.

Oilani kam taʼminlangan deb eʼtirof etish va unga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash uchun arizalar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga oila ushbu nafaqa yoki moddiy yordam olishni istayotgan oydan oldingi oyning 16-sanasiga qadar taqdim etiladi. Bunda yuqorida koʻrsatib oʻtilgan muddatdan keyin berilgan arizalar belgilangan tartibda keyingi oyda koʻrib chiqiladi.

Ariza fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan maxsus roʻyxatga olish daftarida qayd etiladi, bunda arizaning berilgan sanasi, ariza beruvchining ismi, familiyasi, otasining ismi va yashash manzili koʻrsatiladi.

Oilaning har bir aʼzosiga jami bir oylik oʻrtacha daromad minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan oshmaganda kam taʼminlangan deb eʼtirof etiladi.

Bundan kelib chiqadiqi, kam taʼminlangan oila deb etirof etishni soʻrab murojaat qilgan oilaning umumiy daromadi oila aʼzolari soniga boʻlinganida oilaning har bir aʼzosiga jami bir oylik oʻrtacha daromad minimal isteʼmol xarajatlari miqdori(2022-yil dekabrʼ holatiga
498 ming)dan oshmagan taqdirda kam taʼminlangan deb eʼtirof etiladi.

Oila aʼzolarining barcha rasmiy daromadlari, shuningdek, oilaning har bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan bir oylik oʻrtacha jami daromadning
hisob-kitobi, oila aʼzosi nomida mavjud boʻlgan koʻchmas mol-mulki va avtotransport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlari ariza berilgan oydan keyingi oyning 1-sanasiga qadar “Yagona reestr” AT tomonidan avtomatlashtirilgan tarzda idoralararo elektron oʻzaro hamkorlikni qoʻllagan holda jamlanadi va hisob-kitob qilinadi.

Oilani kam taʼminlangan oila deb eʼtirof etish va unga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash yoxud tayinlashni rad etish “Yagona reestr” AT orqali avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.

Rasmiy daromad manbalariga ega boʻlmagan va oxirgi olti oy mobaynida ish izlab mehnat organlariga murojaat qilmagan hamda mehnat organlarida hisobda turmagan, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar roʻyxatiga kiritilmagan yoki haq toʻlanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan mehnatga layoqatli oila aʼzosi mavjud boʻlganda, idoralararo elektron axborot tizimi orqali olingan maʼlumotlar boʻyicha Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reestrida ariza beruvchi va uning oila aʼzolari egaligida jami bittadan ortiq koʻchmas mulki yoki bir va undan ortiq noturar joy binolari mavjud boʻlganda, ariza beruvchi yoki uning oila aʼzolarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oʻz nomiga rasmiylashtirilgan yoki bosh ishonchnomaga asosan ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshmagan, texnik holati soz boʻlgan yengil avtotransport vositasi, ishlab chiqarilgan muddati 15 yildan oshmagan, texnik holati soz boʻlgan yuk tashuvchi avtotransport vositasi, avtobus, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi jami ikki va undan ortiq, texnik holati soz boʻlgan yengil va yuk tashuvchi avtotransport vositalari, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi mavjud boʻlganida va shu kabi Nizom talablarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda oilani kam taʼminlangan deb eʼtirof etish va unga tegishli ravishda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash rad etiladi.

Ushbu qoida “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida hisobda turgan shaxslarga, bola uch yoshga toʻlguniga qadar parvarish qilayotgan onalarga (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga), taʼlim muassasalarida oʻqiyotganlarga (taʼlimning kechki va sirtqi shakllari bundan mustasno), ishlamaydigan pensionerlarga, davlat pensiyasi tayinlash uchun zarur ish stajiga ega boʻlmagan shaxslarga va mehnatga layoqatsizlik yuzasidan nafaqa oluvchi fuqarolarga, OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga, I yoki II guruh va bolalikdan nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha shaxslarga, amalda tomorqa yer va/yoki dehqon xoʻjaligini yuritish bilan band boʻlgan oila aʼzolariga, bolasini yolgʻiz tarbiyalayotgan yolgʻiz onalar (otalar)ga hamda nikohi bekor qilingan ayollarga, rasmiy daromad manbalariga ega boʻlmagan va oxirgi bir yil mobaynida “Temir daftar” roʻyxatida boʻlgan oilalarga va Nizom talablarida nazarda tutilgan boshqa bir qancha holatlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.

Yuqoridagi Nizomga asosan bolalar nafaqasi va moddiy yordam olish tartibi toʻgʻrsida toʻliq maʼlumot olish uchun, doimiy yoki vaqtincha yashash manzilingizdagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga, byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga yoki adliya boʻlimlariga murojaat qilishingiz mumkin.

 

 

 

 

Toshkent tumani adliya boʻlimi xodimi A.Narziyev