Янгиликлар
Normativ-huquqiy hujjat loyihasining huquqiy ekspertizasi
Normativ-huquqiy hujjat loyihasining huquqiy ekspertizasi
Huquqiy ekspertiza jarayonida normativ-huquqiy hujjat loyihasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, unga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning talablariga muvofiqligi, shu jumladan normativ-huquqiy hujjat loyihasida havola qiluvchi normalar qo‘llanilishining asosliligi hamda maqsadga muvofiqligi tekshiriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasi ishlab chiquvchining yoki normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organning yuridik xizmati, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy bo‘linmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan qonunchilikka muvofiq o‘tkaziladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasini ular manfaatdor tashkilotlar bilan kelishilganidan va boshqa turdagi ekspertizalar amalga oshirilganidan so‘ng o‘tkazadi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasini, shu jumladan ularda korrupsiya ko‘rinishlarini, boshqa huquqbuzarliklarni sodir etish uchun shart-sharoitlarni yuzaga keltiradigan, jismoniy va yuridik shaxslar uchun ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklovlarni joriy etadigan qoidalar va normalar bor-yo‘qligini aniqlash, shuningdek zarur bo‘lgan normalarni bitta normativ-huquqiy hujjatda aks ettirgan hamda tegishli munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa normalarni bekor qilgan holda, qonunchilikni kodifikatsiya qilish imkoniyati mavjudligi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizasini o‘tkazadi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarining huquqiy ekspertizasini amalga oshirish jarayonida bu loyihalar ularning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi va ularda takrorlovchi yoki O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarining normalariga zid bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar mavjudligini keyinchalik ularni bekor qilish uchun aniqlash nuqtai nazaridan baholanishi shart.
Huquqiy ekspertiza yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan xulosa taqdim etiladi.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar normativ-huquqiy hujjatlarining huquqiy ekspertizasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining tegishli hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan hamda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlari.
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi ular kelib tushgan sanadan e’tiboran o‘n kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan o‘tkaziladi.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar normativ-huquqiy hujjatlarining huquqiy ekspertizasi hamda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ular kelib tushgan sanadan e’tiboran o‘ttiz kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining hududiy bo‘linmalari tomonidan:
xalq deputatlari viloyat, tuman, (shahar) Kengashi qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi — ikki ish kuni ichida;
viloyat, tuman, (shahar) hokimi qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi — besh ish kuni ichida o‘tkaziladi.
Qonunchilikda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazishning boshqa muddatlari belgilanishi mumkin.
Olmaliq shahar adliya bo‘limi inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi yetakchi maslahatchisi
Ro‘ziyev Baxtiyor