Янгиликлар
Tuman (shahar) adliya bo’limlari qachon tashkil qilindi hamda ularning asosiy vazifalari nimalardan iborat?
Tuman (shahar) adliya bo’limlari qachon tashkil qilindi hamda ularning asosiy vazifalari nimalardan iborat?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 apreldagi PF-5415-son “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda PQ–3666-son “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Respublikadagi tuman va shaharlarda Adliya vazirligining bo‘limlari tashkil etildi.
Ular Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan kasb-hunar kollejlari yuridik xizmatlarining shtat birliklari hisobidan tashkil etildi.
Ushbu farmonga ko’ra, tumanlar (shaharlar) adliya bo’limlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
hokimlarga hamda davlat organlari va tashkilotlarining tumanlar (shaharlar) tuzilmalariga qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qo’llash masalalari bo’yicha maslahatlar berish;
davlat organlari va tashkilotlari tuman (shahar) tuzilmalarining qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish bo’yicha faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish;
qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tumanlar tuzilmalaridagi ijrochilarga yetkazish, “respublika – viloyat – tuman – mahalla” prinsipi bo’yicha huquqiy targ’ibot va aholining huquqiy savodsizligiga barham berish borasida, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari bilan birgalikda chora-tadbirlarni amalga oshirish;
tumanlar (shaharlar) hokimlari va xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini qonun hujjatlariga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan o’tkazish;
huquqni qo’llash amaliyotini o’rganish va tahlil qilish, uning barqarorligi va bir xilligini ta’minlash bo’yicha takliflarni ishlab chiqish;
inson huquqlarini himoya qilish bo’yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, o’z vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko’rib chiqish;
davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) tuzilmalarida huquqiy ishlarning holatini monitoring qilish, shuningdek, ularning yuridik xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va metodik ta’minlash.
Olmaliq shahar adliya bo‘limi inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi yetakchi maslahatchisi
Ro‘ziyev Baxtiyor