Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

06

Ragʻbatlantiruvchi xususiyatga ega toʻlovlar


Ragʻbatlantiruvchi xususiyatga ega toʻlovlar

Maʼlumki, amaldagi Mehnat kodeksining 180-moddasida ishdagi yutuqlar uchun xodimga nisbatan ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilishi mumkinligi aytilgan.

Bunga koʻra, ragʻbatlantirish turlari, ularni qoʻllanish tartibi, afzallik va imtiyozlar berish jamoa shartnomalari, ichki mehnat tartibi qoidalari va boshqa lokal hujjatlarda, jamoa kelishuvlarida, intizom toʻgʻrisidagi ustav va nizomlarda belgilab qoʻyiladi.

Yana ish haqi, mukofotlar, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar va mehnat haqi tizimida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar ragʻbatlantirish turlariga kirmaydi, deyilgan.

Bu qoida amaliyotchi kadroviklar tomonidan turlicha talqin qilinib, koʻplab bahs-munozaralarga sabab boʻlib kelgan.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 252-moddasida bu masala yanada aniqliklar bilan keltirilgan. Mazkur modda ragʻbatlantiruvchi xususiyatga ega toʻlovlar roʻyxatini bermoqda. Unga koʻra:

➖ ragʻbatlantiruvchi xususiyatga ega toʻlovlar jumlasiga xodimlarga mehnatdagi yuksak yutuqlari, kasbiy mahorati, energiya resurslarini, materiallarni tejaganligi, oldindan belgilangan boshqa koʻrsatkichlarga erishganligi uchun beriladigan mukofotlar, ish haqiga qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar va boshqa toʻlovlar kiradi;

➖ mehnatga haq toʻlash tizimida nazarda tutilgan mukofot xodimni oldindan belgilangan koʻrsatkichlar va shartlarga erishishga undash maqsadida ish haqining tarkibiga kiritilgan hamda xodimga asosiy maoshidan (tarif stavkasidan) tashqari toʻlanadigan pul mukofotidir;

➖ mehnatga haq toʻlash tizimida nazarda tutilmagan ragʻbatlantiruvchi mukofot bir marta beriladigan xususiyatga ega boʻlgan hamda ish beruvchining qaroriga koʻra xodimning oldindan belgilangan koʻrsatkichlar va shartlarga erishganligi uchun emas, balki muayyan voqealar (yubileylar, bayram sanalari va boshqalar) yuz berganligi yoki xodim tomonidan muayyan harakatlar amalga oshirilganligi (ish beruvchining alohida muhim topshirigʻini bajarish, ratsionalizatorlik taklifini kiritish va boshqalar) munosabati bilan toʻlanadigan pul mukofotidir;

➖ ustama xodim tomonidan mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ish bajarilganligi uchun amalga oshiriladigan va ragʻbatlantiruvchi (kasbiy mahorat, uzoq muddat xizmat qilganlik, muayyan tashkilotdagi yoki tarmoqdagi ish staji uchun ustamalar va boshqalar) yoxud kompensatsiya xususiyatiga ega (ishning koʻchma yoxud sayyor xususiyati, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish yoxud zararli yoki ogʻir mehnat sharoitlaridagi ish, mehnatning jadalligi uchun ustamalar va boshqalar) pul toʻlovidir;

➖ish haqiga qoʻshimcha toʻlov xodim tomonidan uning toʻgʻridan-toʻgʻri majburiyatlariga kirmaydigan qoʻshimcha vazifalar bajarilishini kompensatsiya qilish (bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganlik, bajariladigan ish hajmining koʻpayganligi, xizmat koʻrsatish doirasining kengayganligi, yoʻq boʻlgan xodimning majburiyatlarini bajarganlik uchun qoʻshimcha toʻlov va boshqalar) uchun hisoblanadigan yoki kafolatli xususiyatga ega boʻlgan hamda mehnatning normal sharoitlaridan chetga chiqilgan hollarda yoxud ish haqi xodimning aybisiz kamaytirilgan taqdirda xodimga ish haqining bir qismini saqlab qolish maqsadida amalga oshiriladigan (tungi vaqtdagi, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish, ish vaqtidan tashqari ish uchun qoʻshimcha toʻlovlar, sogʻligʻining holatiga koʻra, bekor turib qolish, ishlab chiqarish zaruriyati munosabati bilan kam haq toʻlanadigan ishga oʻtkazilgan xodimlarga qoʻshimcha toʻlovlar va boshqalar) pul toʻlovidir.

Bunda, mukofotlash, ish haqi asosiy qismiga doir qoʻshimcha toʻlovlar va ustamalar, boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar tizimlari ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra belgilangan holda tartibga solinadi.

         Byudjet tashkilotlarida esa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni qoʻllash tartibi va shartlari qonunchilikda belgilanishi aytib oʻtilgan.

 

Olmaliq shaxar YUXKM

Bosh yuriskonsulti                                                                    A.Aralov