Янгиликлар
8-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
8-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
8-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun. Mazkur bayram boshqa bayramlar ichida yaqqol ajralib turadigan, insonga g‘urur, iftixor bag‘ishlaydigan bayramdir. Konstitutsiya so‘zi (lotincha “Constitution” – tuzilish,) degan ma’noni anglatadi. Konstitutsiya davlatning asosiy Qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yaratilish tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi dastlabki qadam – Konstitutsiyaviy komissiyaning tashkil etilishiga borib taqaladi.
Oliy Kengash qarori bilan 1990-yil 21-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar a’zoni o‘zida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi va Konstitutsiya loyihasi ana shu komissiya tomonidan 2 yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlandi.
Birinchi Prezidentimiz Konstitutsiyaviy komissiya ish boshlashi bilan mamlakatimizning o‘ziga xos jihatlarini va xususiyatini munosib ravishda aks ettiradigan, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan, jahon tajribasini, demokratiya va eng rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyaviy qonunchiligi erishgan yutuqlarni inobatga oladigan asosiy Qonun loyihasini tayyorlashga bevosita rahbarlik qildi. 1991-yil 31-avgustda o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida mamlakatimizning mustaqilligi e’lon qilinishi, Konstitutsiya qabul qilinishligi uchun ulkan huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qildi.
Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan 1992-yil 6-dekabrda Konstitutsiya loyihasi oxirgi marta muhokama etildi. Uzoq muhokamalardan so‘ng, nihoyat, 1998-yil 8-dekabrda Bosh Qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan e’tiboran, 8 dekabr – umumxalq bayrami deb e’lon qilindi. Mustaqillik yillarida Konstitutsiyamizga bir necha bor o‘zgartirish kiritilib, takomillashtirilib borildi.
Barchamizga ma’lumki, hozirda yurtimizda Konstitutsion islohotlar amalga oshirilmoqda. Bundan sal kam bir yil oldin Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi bilan tabriklash tantanalarida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini yangi tahrirda qabul qilish taklifini ilgari surgan edi. Joriy yilning 25-iyun kuni “Bu mening Konstitutsiyam” portalida konstitutsiyani o‘zgartirishga oid qonun loyihasi umumxalq muhokamasi uchun o‘zbek va rus tillarida e’lon qilindi. Loyiha Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda bir ovozdan qabul qilingan edi. Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha 46 kishidan iborat Konstitutsiyaviy komissiya bir oy ichida hujjat loyihasini ishlab chiqdi. Portal orqali fuqarolar va tashkilotlardan 60 mingdan ortiq takliflar qabul qilib olindi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Konstitutsiyamizni takomillashtirish bo‘yicha 60 mingdan ziyod takliflarni kelib tushishi fuqarolarimizning ushbu masaladagi faolliklarini yana bir bor ko‘rsatib berdi. Fuqarolarimizdan ushbu masalalarda yanada faol bo‘lishlarini so‘ragan bo‘lar edim. Chunki, Konstitutsiya davlatimizning eng asosiy Qonunidir, boshqa qonunchilik hujjatlari Konstitutsiyaga monand yaratilishi hechkimga sir emas.
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 30 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman. Ilohim yurtimizdagi tinchlik, xotirjamlikka ko‘z tegmasin, osmonimiz hamisha musaffo bo‘lsin. Konstitutsiyamizning 30 yilligi barchamizga muborak bo‘lsin.
Olmaliq shahar adliya bo‘limi boshlig‘i A.Umarov