Янгиликлар
Konstitutsiya 30 yoshda.
Konstitutsiya 30 yoshda.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora oʻsib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini yaratish osonlik bilan amalga oshirilgan emas. Oʻzbekiston Respublikasining huquqiy poydevori boʻlgan Konstitutsiyaning yaratilishi ikki yil davomida koʻplab mutaxassislarning, fuqarolarning, siyosatchilarning va huquqiy ekspertlarning mehnati, takliflari, baxslari va munozaralari maxsulidir.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini yaratish gʻoyasi ilk bor 1990-yilning mart oyida oʻn ikkinchi chaqiriq Oliy Kengashning birinchi sessiyasida ilgari surilgan. Oliy Kengash qarori bilan 1990-yil 21-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar aʼzoni oʻzida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi va Konstitutsiya loyihasi ana shu komissiya tomonidan 2 yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlangan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi loyixasi ikki bor matbuotda umumxalq muhokamasi uchun eʼlon qilindi. Matbuotda, radioeshittirish va telekoʻrsatuvlarda qizgʻin bahs-munozaralar boʻldi. Koʻplab uchrashuvlar oʻtkazildi, Konstitutsiya loyihasiga doir masalalar boʻyicha suhbatlar, anjumanlar tashkil qilindi.
Shuningdek, Konstitutsiya loyihasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya kabi demokratik davlatlar mutaxassislarining sinchkov ekspertizasidan oʻtgan.
Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasi Oʻzbekiston xalqining xohish-irodasini aniqlash hamda juda boy material toʻplash imkonini berdi. Ushbu material chuqur va har tomonlama oʻrganib chiqildi, umumlashtirildi va xalqning umumiy irodasi shaklida oʻn ikkinchi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining oʻn birinchi sessiyasi muhokamasiga kiritildi.
Oliy Kengash sessiyasiga muhokama qilish uchun kiritilgan Konstitutsiya loyihasiga 80 ga yaqin oʻzgarishlar, qoʻshimchalar taklif etildi va aniqliklar kiritildi. Parlament deputatlari tomonidan loyiha moddama-modda muhokama qilinib, unga yana bir qator oʻzgartishlar kiritilgach, 1992-yil 8-dekabr kuni Bosh Qomusimiz qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 6 boʻlim, 26 bob, 128 modda va Muqaddima (kirish) qismidan iborat.
Maʼlumot oʻrnida shuni aytishimiz mumkinki, Respublikada roʻy berayotgan demokratik oʻzgarishlar sababli yurtimiz Konstitutsiyasiga hozirgi kunga qadar 14-marta oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan.
Unutmasligimiz kerakki, 1992-yil 8-dekabr kunidan eʼtiboran,
8-dekabr – umumxalq bayrami deb eʼlon qilingan. Shu munosabat bilan, Ohangaron tumani adliya boʻlimi xodimlari nomidan barcha fuqarolarni Mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi bayrami bilan tabriklaymiz.
Ohangaron tumani adliya Joʻrayev Baxriddin
boʻlimi boshligʻi Nasriddinovich