Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Raqamlashtirish jarayoni “Advokatura” faoliyatiga ham keng joriy etiladi.


Raqamlashtirish jarayoni “Advokatura” faoliyatiga ham keng joriy etiladi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarga zamonaviy axborot-texnologiyalarini joriy qilish orqali ularni raqamlashtirish, buning natijasida aholiga xizmat koʻrsatish sifatini yanada kuchaytirish va bir qator sohalar vakillari faoliyatining samaradorligini oshirish boʻyicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda ushbu yoʻnalishda belgilangan vazifalar amalga oshirilishining tizimliligi va izchilligini taʼminlash, buning doirasida advokatura faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam koʻrsatishni yangi bosqichga olib chiqish zarurati mavjud.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-maydagi PQ–263-son Qarorga koʻra, 2023-yil 1-yanvardan:

advokatlik faoliyati uchun litsenziya berish, malaka imtihonini topshirish tartibi saqlangan holda, “Litsenziya” axborot tizimi orqali;

advokatlik tuzilmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish YAIDXP orqali amalga oshiriladi;

advokatlikni boshlashda malaka imtihonini topshirish, litsenziya olish va advokatlik byurosini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha kompozit xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.

2023-yil 1-yanvardan fuqarolarga yuridik yordam koʻrsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushiriladi.

Mazkur axborot tizimi doirasida:

advokatlar elektron reestri va advokatlarning shaxsiy elektron kabineti shakllantiriladi;

advokatning shaxsiy elektron kabineti orqali jismoniy va yuridik shaxslar bilan onlayn muloqot qilish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda ishonch bildiruvchi shaxs xohishiga asosan masofadan turib yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida onlayn bitimlar (shartnomalar) tuzish va onlayn yuridik yordam koʻrsatish imkoniyati yaratiladi;

advokatura, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari oʻrtasida elektron hujjatlar almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi;

tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov harakatlari yoki sud majlisi oʻtkazilish vaqti va joyi toʻgʻrisida advokatga elektron xabar berish imkoniyati yaratiladi;

advokat soʻrovini elektron yuborish va advokat soʻrovi asosida yuridik yordam koʻrsatish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;

advokatning oʻz arizasiga koʻra advokatlik maqomini toʻxtatib turish elektron tarzda advokat tomonidan xabarnoma berish shaklida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, ushbu qarorga koʻra, 2023-yil 1-fevraldan:

QR-kod qoʻyilgan “Elektron advokatlik orderi”ni berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;

order qogʻoz shaklda rasmiylashtirilganida, “Yuridik yordam” axborot tizimiga kiritiladi;

advokat soʻrovi shakliga qoʻyilgan talablar, shu jumladan unga orderning koʻchirma nusxasini ilova qilish, orderni qayd etish daftarini yuritish talablari bekor qilinadi.

Bundan tashqari, “Yuridik yordam” axborot tizimi joriy etilishi munosabati bilan:

davlat hisobidan advokatlarni ishga jalb etish elektron tartibda tasodifiy tanlash yoʻli bilan aniqlanadi;

advokatlarning onlayn malaka oshirishini tashkil etish va malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlarni elektron shaklda berish tartibi joriy etiladi;

advokatlik tuzilmalaridan statistik maʼlumotlarni anʼanaviy shaklda yigʻish bekor qilinib, ular avtomatik ravishda umumlashtiriladi.

Mazkur qaror, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va inson omilini bartaraf etish orqali advokatura institutining davlat organlari va boshqa tuzilmalardan mustaqilligini oshirishga xizmat qiladi.

           Ohangaron tuman adliya                                        Joʻrayev Baxriddin       

            boʻlimi boshligʻi                                                        Nasriddinovich