Янгиликлар
Yer-uchastkalarini noqonuniy olib qo’yganlik uchun alohida javobgarlik
Yer-uchastkalarini noqonuniy olib qo’yganlik uchun alohida javobgarlik
“Yer uchastkalarini noqonuniy olib qoʻyganlik uchun javobgarlik kuchaytirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga qoʻshimchalar kiritilgan.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, yerni noqonuniy olib qoʻyish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.Agar mazkur huquqbuzarlik mulkdorga yetkazilgan zararning oʻrni oldindan va toʻliq qoplanmagan holda binolarning buzib tashlanishiga olib kelsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.
Agar mansabdor shaxs maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin takroran yerlarni noqonuniy olib qoʻysa Jinoyat kodeksiga asosan quyidagi jazo choralari qoʻllanadi:
- bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 250 baravarigacha (44 mln 600 ming soʻmdan 55 mln 750 ming soʻmgacha) miqdorda jarima;
- 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
- 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari.
Yer uchastkasining noqonuniy olib qoʻyilishi olib qoʻyilayotgan yer uchastkasidagi binolarni, boshqa imoratlarni, inshootlarni yoki dov-daraxtlarni yoxud ularning qismlarini, mazkur mol-mulkning bozor qiymati, shuningdek uning mulkdoriga bunday olib qoʻyish munosabati bilan yetkazilgan zararning oʻrni oldindan va toʻliq qoplanmagan holda buzib tashlashga sabab boʻlsa, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin yoki ancha miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa:
-bazaviy hisoblash miqdorining 250 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud muayyan huquqdan mahrum etib 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xuddi shunday harakatlar koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa:
-bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xuddi shunday harakatlar koʻpchilik uchun xavfli boʻlgan usulda yoki juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa:
-muayyan huquqdan mahrum etib 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Nurafshon shahar adliya bo’limi boshlig’i I.Xatamov