Янгиликлар
Uyi buzilish rejasiga tushganlarga kompensatsiya toʻlash tartibi
Uyi buzilish rejasiga tushganlarga kompensatsiya toʻlash tartibi
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-noyabrdagi 911-son qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari olib qoʻyilishi va olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 41-moddasida koʻchmas mulk obyektlari buzib tashlanishi munosabati bilan mulkdorlarga kompensatsiya berishning umumiy tartibi belgilab qoʻyilgan.
Ushbu moddaga koʻra quyidagilar kompensatsiya qilib beriladi:
1.olib qoʻyilgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlarining bozor qiymati;
2. olib qoʻyilgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati;
3. koʻchirish, shu jumladan, boshqa koʻchmas mulk obyektini vaqtinchalik olish bilan bogʻliq xarajatlar;
4. jismoniy va yuridik shaxslarning boy berilgan foydasi;
5.qonun hujjatlarida yoki Kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlar va zararlar.
Oʻzboshimchalik bilan qurilgan uy-joy, ishlab chiqarish va boshqa binolar va inshootlarning qiymati ham qoplanishi lozim.
Eslatma: agar uy-joy va binolar oʻzboshimchalik bilan qurilgan boʻlsa, bu yerda faqat inshootlarning qiymati toʻlab beriladi. Ushbu binolar egallab turgan yer maydoni uchun kompensatsiya toʻlanmaydi.
Ushbu Nizomning 42 - moddada beriladigan kompensatsiya turlari belgilab qoʻyilgan.
a) pul mablagʻlari;
b) boshqa koʻchmas mulk obyektini mulk qilib berish;
v) yer uchastkasi;
g) kelishuvda nazarda tutilgan kompensatsiyaning boshqa turlari.
Tomonlarning kelishuviga binoan mulkdorga koʻchmas mulkni baholash qiymatini hisobga olgan holda kompensatsiyaning bir necha turlari berilishi mumkin. Buzib tashlangan koʻchmas mulk oʻrniga yangi qurilayotgan koʻchmas mulk obyekti berish muddati boshqa koʻchmas mulk obyekti vaqtincha foydalanishga berilgan kundan boshlab 24 oydan oshmasligi kerak. Kompensatsiya sifatida mulk taqdim etilishi nazarda tutilgan kelishuv qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Nurafshon shahar adliya bo’limi boshlig’i I.Xatamov