Янгиликлар
Inson manfaatlari konstitutsiyasi
Inson manfaatlari konstitutsiyasi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddimasidanoq “O‘zbekiston xalqi inson huquqlariga va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqligini tantanali ravishda e’lon qilib” degan so‘zlardan boshlanishidan ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa Asosiy qomusimizning 13-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi” deb mustahkamlanishi davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar faoliyatining asosiy maqsadi va yo‘nalishlarini yaqqol ifoda etdi.
Asosiy qomusimiz 128 moddadan iborat bo‘lgani holda uning 30 dan ortiq moddalari bevosita inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangandir. Konstitutsiyamiz Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining deyarli barcha prinsipial qoidalarini o‘zida mujassamlantirgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat inson huquqlari bo‘yicha bir qator majburiyatlar olgan bo‘lib, ularga xususan davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshirishi, davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul ekanliklari, O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi, O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlashi kabilarni misol qilib keltirish mumkin.
Konstitutsiya nafaqat huquq va erkinliklarni mustahkamladi, balki ularni amalga oshirishning real imkoniyatlarini ta’minlash chora-tadbirlarini, kafolatlarini ham yaratdi. Xususan, hokimiyatlar bo‘linishi, Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinishi, demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi, har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kabilar kafolatlandi. Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsiz deb e’lon qilinib, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas, deb belgilab qo‘yildi.
Konstitutsiyamizda nazarda tutilgan g‘oyalar esa demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sari to‘xtovsiz harakat qilishni, buning uchun esa Asosiy qomusimizda belgilangan barcha ezgu g‘oyalarni to‘laqonli ro‘yobga chiqarish uchun uni yanada sinchkovlik bilan o‘rganishimiz, inson manfaatlarini ta’minlash nuqtai nazaridan qonunchiligimizni muttasil takomillashtirib borishimiz, har birimiz o‘z harakatlarimizni qanchalik Konstitutsiya doirasida amalga oshirayotganligimizni muntazam idrok etib borishimiz darkor.
Jo’shqin BADALOV
Quyichirchiq tuman adliya bo’limi boshlig’i