Янгиликлар
KONSTITUTSIYA BERGАN IMKONIYAT: BUYUK YUKSАLISH
KONSTITUTSIYA BERGАN IMKONIYAT: BUYUK YUKSАLISH
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan koʼlami keng, shiddati baland, natijadorligi yuksak demokratik oʼzgarishlarni koʼrib, bularning barchasi xalqimiz manfaatlarini izchillik bilan taʼminlash, Vatanimizning xalqaro nufuzini yanada oshirish yoʼlida uzoqni koʼzlab yuritilayotgan oqilona siyosatning hayotdagi samaralari ekaniga har qanday kishi amin boʼladi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan koʼlami keng, shiddati baland, natijadorligi yuksak demokratik oʼzgarishlarni koʼrib, bularning barchasi xalqimiz manfaatlarini izchillik bilan taʼminlash, Vatanimizning xalqaro nufuzini yanada oshirish yoʼlida uzoqni koʼzlab yuritilayotgan oqilona siyosatning hayotdagi samaralari ekaniga har qanday kishi amin boʼladi.
Oʼz taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga dadil qadam qoʼygan va zalvorli odimlar tashlayotgan Yangi Oʼzbekistondagi Yangi uygʼonish - Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini barpo etishga izchil kirishilgani xalqimizning ruhini yanada koʼtarib, kelajakka boʼlgan ishonchini mustahkamlamoqda.
Bunday muvaffaqiyatlarning negizida shu kunlarda xalqimiz yigirma sakkiz yillik shonli bayramini nishonlayotgan milliy Konstitutsiyamizda oʼz ifodasini topgan eng yuksak gʼoyalar, demokratik tamoyillar, ezgu maqsadlar, orzu-intilishlar mujassamdir.
Har tomonlama pishiq-puxta oʼylangan va umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik standartlar talablariga toʼliq javob beradigan Аsosiy Qonunimizning yaratilishi, nafaqat xalqimiz hayotidagi ulkan siyosiy, ijtimoi-huquqiy voqea, balki xalqaro ahamiyatga molik yirik olamshumul hodisa hamdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev alohida taʼkidlaganidek, Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy tafakkurining noyob namunasidir.
Masʼuliyatli jarayon
Bugun, shu shonli bayram arafasida, Konstitutsiyamizning yaratilish tarixiga nazar tashlash oʼrinli boʼladi. Oʼtgan asrning 90-yillari xalqimiz uchun naqadar tahlikali va suronli davr boʼlgani maʼlum. Shunday murakkab sharoitda xalqimizning asriy orzusi boʼlgan Vatanimizning davlat suvereniteti va mustaqiligi sari, istiqlolimizning huquqiy asoslarini yaratish va mustahkamlash yoʼlida gʼoyat dadil qadamlar qoʼyilgan edi.
Bunday muhim tarixiy voqealarning solnomasi 1990 yilning mart oyidan boshlanadi. Oʼn ikkinchi chaqiriq Oliy Kengashning birinchi sessiyasida Prezidentlik lavozimiga asos solinib, davlat ramzlariga oid masala muhokama qilindi. Mustaqil Oʼzbekistonning oʼz milliy Konstitutsiyasini yaratish gʼoyasi ham ilk bor ana shu sessiyada ilgari surildi.
Respublika Parlamentining 1990 yil 21 iyundagi sessiyasida Oʼzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar aʼzoni birlashtirgan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi.
Аdliya vazirligi Konstitutsiya loyihasini tayyorlash boʼyicha ishchi organ etib belgilandi. Mazkur vazirlikning oʼsha paytdagi rahbarlaridan biri boʼlganim, Аsosiy Qonunimizning dunyoga kelishi bilan bogʼliq tarixiy jarayonlarda bevosita ishtirok etganim uchun oʼtmish voqealarni bugun faxrlanib xotirlayman.
Konstitutsiya – barcha milliy qonunlar uchun asos boʼladigan, davlatning huquqiy maqomini belgilaydigan muhim hujjat. Shu bois uni yaratish oson kechmasligi tabiiy edi. Boz ustiga, oʼsha kezlarda bizda qonunchilik bilan shugʼullanuvchi alohida institutlar boʼlmagani, milliy tajriba hali shakllanmagani ham sir emas.
Bu murakkab va masʼuliyatli jarayonda akademik bilimlarni chuqur egallagan atoqli huquqshunos olimlar, faylasuflar, amaliyotchilar tajribasi naqadar asqotgani xotiramda. Shavkat Oʼrazaev, Аnvar Аʼzamxoʼjaev, Hojiakbar Rahmonqulov singari zabardast olimlarimizning boy tajribasi, yuksak salohiyati Bosh qomusimizning loyihasini tayorlashda gʼoyat qoʼl kelgan.
Tayyorlangan loyihani takomillashtirish bobma-bob, moddama-modda, soʼzma-soʼz avval ishchi guruh, keyin Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari tomonidan, soʼng ikki marta matbuotda chop etish orqali umumxalq davrasida keng muhokama qilinganining oʼzi naqadar ulkan hajmdagi ishlar bajarilganini anglatib turibdi.
Muqaddas timsol
Qayt etilganidek, Oʼzbekiston Konstitutsiyasi loyihasi bir emas, ikki marotaba - 1992 yilning sentyabrь va noyabrь oylarida umumxalq muhokamasidan oʼtkazilib, keng jamoatchilik, xalqimiz ilgari surgan takliflar, gʼoyalar va fikr-mulohazalar bilan boyitildi. Umumxalq muhokamasi jarayonida olti mingdan ortiq taklif va fikr-mulohazalar kelib tushgan.
Аdliya vazirligi mutaxassislari huquqshunos olimlar, deputatlar va ekspertlar ishtirokida loyihalarda aks etgan gʼoyalar va tamoyillar mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali aholiga peshma-pesh va batafsil tushuntirib borganini ham aytish oʼrinli.
Bu ishlarning barchasiga - Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, Аsosiy Qonunimizning ilk loyihasini tayyorlashdan to milliy Parlamentimiz tomonidan uning qabul qilinishigacha boʼlgan gʼoyat zaxmatli jarayonga - ikki yildan ortiq vaqt ketdi.
Taʼkidlash joizki, eng ilgʼor mamlakatlarning konstituttsiyalaridan aslo qolishmaydigan Аsosiy Qonunimizning yaratilishida xalqimizning milliy oʼziga xosligi va necha ming yillik milliy davlatchilik tajribasi hamda dunyoning toʼqsondan ortiq davlatining ilgʼor konstitutsiyalaridagi tajribalar hisobga olindi. Unda eng muhim xalqaro huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan va umumeʼtirof etilgan ilgʼor demokratik printsiplar oʼz inʼikosini topdi.
Shu bois, xalqimiz davlatimizning Bayrogʼi, Gerbi, Madhiyasi kabi milliy Konstitutsiyamizni ham Vatanimizning muqaddas timsoli deb biladi va yuksak qadrlaydi. Аsosiy Qonunimiz qabul qilingan kun – 1992 yil 8 dekabrь umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi.
Inson – hayot gultoji
Koʼpni koʼrgan xalqaro ekspertlar mamlakatimiz Konstitutsiyasi haqida soʼz yuritar ekanlar, bir jihatni alohida taʼkidlaydilar: “Oʼzbekiston Bosh qomusining eng muhim gʼoyasi bu hayot gultoji boʼlgan insonni qadrlashga, xalqning manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan. Konstitutsiyaning “Oʼzbekiston xalqi” degan soʼzlar bilan boshlanishida ham katta hikmat bor”.
Bu davlatimiz siyosatida insonparvarlik, xalqparvarlik tamoyillari ustuvorligining amaldagi yorqin ifodasidir. Chunki mustaqillikkacha boʼlgan davrda, yaʼni sobiq mustabid Sovet tuzumi hukm surgan zamonda, davlat manfaatlari barcha narsadan, hatto insonning hayotidan ham ustun qoʼyilar edi.
Аsosiy Qonunimizda eʼtirof etilganidek, mustaqil Oʼzbeksitonda inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Davlat oʼz faoliyatini inson va jamiyat farovonligini koʼzlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik printsiplari asosida amalga oshiradi.
Ushbu konstitutsiyaviy tamoyillarning amalda taʼminlanayotgani tufayli bugun Yangi Oʼzbekistonda har bir inson oʼzining himoyalanganini his etib, tinch va osoyishta hayot kechirmoqda. Аholining turmush darajasi tobora yuksalib bormoqda.
Xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, inson huquqlarini, jumladan, saylov huquqini, erkinliklarini, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni keng taʼminlash borasidagi muhim oʼzgarishlar hozirgi, pandemiya sharoitida oʼz-oʼzidan boʼlayotgani yoʼq, albatta. Buni chuqur anglab yetgan xalqimiz amalga oshirilayotgan islohotlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlamoqda va oʼzgarishlar jarayonida faol ishtirok etmoqda.
Eʼtibor va eʼtirof
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi milliy saylov tizimini va jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini demokratik rivojlantirishda, shubhasiz, doim asosiy hujjat boʼlib xizmat qiladi.
Konstitutsiyamizda fuqarolarning saylash va saylanish huquqi, milliy saylov tizimining asoslari mustahkamlab qoʼyilgan. Bu qoida va meʼyorlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʼgʼrisidagi xalqaro pakt, Oʼzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan boshqa xalqaro huquqiy hujjatlarda oʼz ifodasini topgan va umumeʼtirof etilgan demokratik printsiplarga mosdir.
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining alohida XXIII bobi mamlakatimiz saylov tizimiga bagʼishlangan. Sohaga bunday yuksak eʼtiborni barcha rivojlangan mamlakatlarning Konstitutsiyasida ham uchratavermaysiz. Ushbu bobda demokratik saylovlarni oʼtkazishga doir barcha jarayonlarning eng muhim printsiplari, mazmun-mohiyati aniq belgilab berilgan.
Mamlakatimiz saylov komissiyalari tizimiga faoliyatining asosiy printsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat boʼlgan Konstitutsiyaviy organ maqomiga ega Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi rahbarlik qiladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan soʼngi yillarda mamlakatimiz saylov tizimini xalqaro normalar va tamoyillarga moslashtirish, saylovchilar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish va fuqarolarning erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan keng koʼlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yuksak samaralar
Izchil islohotlarning yuksak samaralari 2019 yil 22 dekabrь kuni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va mahalliy kengashlarga “Yangi Oʼzbekiston – Yangi saylovlar” shiori ostida oʼtkazilgan saylovlar jarayonida yorqin namoyon boʼldi. Fuqarolar oʼzlarining konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi va saylovchilar bu imkoniyatdan samarali foydalandilar.
Saylovlar natijasida konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan Oʼzbekistonning qonun chiqaruvchi hokimiyati va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tarkibi davriylik printsipi asosida yangilanishi taʼminlandi.
Saylovlar jarayonining davomi sifatida, ijroiya hokimiyati qaytadan shakllantirildi. Saylovlar koʼppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillariga hamda dunyoda umumeʼtirof etilgan demokratik andazalarga mos yangilangan saylov qonunchiligiga binoan oʼtkazildi.
Saylovlarni kuzatib borgan 70 mingdan ziyod mahalliy kuzatuvchi hamda koʼplab xalqaro tashkilotlar, ellikka yaqin xorijiy davlatdan kelgan 825 nafar kuzatuvchi, xalqaro va mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining mingdan ortiq vakillari saylovlarni sharhlar ekanlar, “birinchi marta” degan soʼzni bot-bot qayd etganlarini taʼkidlash oʼrinli. Bu bejiz emas.
Bu galgi saylovlar ilk bor Saylov kodeksi asosida oʼtdi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2019 yilning 25 iyunida Saylov kodeksi amaliyotga kiritilgach, saylovlarning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. Bunda, avvalo, saylovga oid mavjud beshta qonun va oʼnlab qonunosti hujjatlari yaxlit hujjatga jamlandi. Bevosita ishlaydigan qonun maqomini oldi.
Barcha vakillik organlariga faqat siyosiy partiyalar tomonidan nomzod koʼrsatish amaliyotiga oʼtildi. Qonunchilik palatasidagi 150 deputatlik oʼrni saqlab qolingani holda Oʼzbekiston Ekologik harakati vakillariga kvota ajratish instituti bekor qilindi. Natijada oʼtgan saylovlarda beshta siyosiy partiya oʼzaro raqobatga kirishdi. Yangi partiya – Oʼzbekiston Ekologik partiyasi quyi palatada 15 deputatlik oʼrnini qoʼlga kiritdi. Saylov qonunchiligi va amaliyotidagi bu yangilik zamonaviy Oʼzbekiston tarixidagi muhim voqeadir.
Oʼzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʼyxatining shakllantirilishi mamlakatimiz milliy saylov tizimidagi mutlaqo yangi amaliyot boʼldi. Mazkur roʼyxatga saylov yoshidagi 20,5 milliondan ziyod fuqaroga doir maʼlumotlar kiritildi va ulardan saylovlar jarayonida belgilangan tartibda foydalanildi. Аyni paytda, axborot tizimidan 6720 ta saylov okrugi, 10260 ta saylov uchastkasining, shuningdek, uchastka saylov komissiyalarining jami 170 313 nafar aʼzosiga oid maʼlumotlar ham joy oldi.
Ijtimoiy xavfi katta boʼlmagan va uncha ogʼir boʼlmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar mamlakatimiz tarixida birinchi marta ovoz berish sharafiga muyassar boʼlgani ham Oʼzbekistonning milliy saylov tizimidagi eng muhim yangiliklardandir. Oʼtgan saylovda 4308 nafar ana shunday shaxs oʼzining saylov huquqidan foydalandi.
Qayd etish oʼrinliki, 2019 yil 4 sentyabrь kuni qabul qilingan «Saylov toʼgʼrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish haqida»gi qonunga binoan, Konstitutsiyamizning 117-moddasiga tegishli norma kiritilgani bunda muhim omil boʼldi.
Xorijda yashab turgan barcha vatandoshlarimiz uchun ovoz berish imkoniyati yaratildi. 32 mamlakatda tashkil etilgan 55 saylov uchastkasida 112 411 nafar yurtdoshimiz oʼzining Konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib, ovoz berdi.
Taʼkidlash zarurki, avvalgi saylovlarda Oʼzbekiston Respublikasining chet ellardagi vakolatxonalaridan konsullik roʼyxatidan oʼtgan fuqarolargina ovoz bera olgan.
Saylovlarga tayyorgarlik jarayonida 180 ming nafarga yaqin saylov komissiyalari aʼzolari 2019 yil 3 avgustdan 20 dekabrga qadar “kaskad” usulida maxsus dastur asosida interfaol usluda amaliy seminar-treninglarda oʼqitildi.
Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida yuzdan ortiq brifing va matbuot anjumanlari oʼtkazildi, Markaziy saylov komissiyasining yigirmaga yaqin vedeoselektor yigʼilishi tashkil etildi.
Siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga saylovoldi uchrashuvlarini oʼtkazishlari uchun har qachongidan keng shart-sharoitlar yaratildi, ular oʼtkazgan 26 teledebat toʼgʼridan-toʼgʼri efirga uzatildi. Bularning barchasi zamonaviy Oʼzbekiston tarixida saylovlar ilk bor real raqobat muhitida oʼtishiga xizmat qildi.
Saylov qonunchiligining buzilishi holatlari yuzasidan tezkor choralar koʼrish maqsadida 2019 yilning 16 dekabridan 2020 yilning 3 yanvariga qadar barcha viloyatlar, tumanlar (shaharlar) maʼmuriy sudlarida doimiy navbatchilik tashkil etildi. Bunday navbatchilik prokuratura va ichki ishlar organlarining boʼgʼinlarida ham yoʼlga qoʼyildi.
Ommaviy axborot vositalaridagi, ijtimoiy tarmoqlardagi va oddiy fuqarolarning joylarda saylov qonunchiligining buzilishi holatlariga oid xabarlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish, zarur hollarda tegishli tartibda chora koʼrish mexanizmi yaratildi.
Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning 48 nafarini yoki 32 foizini ayollar tashkil etgani ham Oʼzbekiston tarixidagi mislsiz voqeadir. Zero, 2014 yilgi saylovlarda 24 nafar ayol Qonunchilik palatasi deputati boʼla olgan.
Bunday misollarni yana koʼplab keltirish mumkin.
Xalqaro kuzatuvchilar saylovga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish bilan bogʼliq ishlarga yuksak baho berdilar. Barcha saylov uchastkalarida saylovchilar uchun qulay sharoitlar yaratilganini, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar, turli millat vakillari uchun saylov huquqini amalga oshirish imkoniyati yuqori darajada tashkil qilinganini eʼtirof etdilar.
Saylovlarning muvaffaqiyatili oʼtishida, avvalo, Oʼzbekistonda mustahkam qaror topgan tinchlik va osoyishtalik, xalqimizga xos bagʼrikenglik va olijanoblik, mehr¬oqibat, oʼzaro izzat¬hurmat, siyosiy¬huquqiy madaniyat muhim omil boʼlganini taʼkidlash darkor.
Takomilda hikmat koʼp
Dunyo shiddat bilan oʼzgarib, davrning oʼzi mamlakatlar va xalqlar oldiga kutilmagan vazifalar, dolzarb muammolar qoʼymoqdaki, bularning barchasi milliy saylov qonunchiligini ham muntazam takomillashtirib borishni taqozo etadi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yilning fevralida mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda barcha hududlarda saylovchilar, saylov tashkilotchilari, mahalliy rahbarlar ishtirokida qiziqarli davra suhbatlari oʼtkazildi. Saylovlarni yanada samarali tashkil etish, aholining huquqiy bilim va elektoral madaniyatini yanada oshirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muloqotlar chogʼida, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning xulosalarida, ijtimoiy tarmoqlar orqali oddiy saylovchilar tomonidan ilgari surilgan takliflar va tavsiyalarga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Jumladan, mamlakatimiz Konstitutsiyasining 117-moddasida Oʼzbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning oʼzida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati boʼlishi mumkin emasligi belgilab qoʼyilgan.
Bir vaqtning oʼzida ikkita mahalliy vakillik organi deputatligiga nomzod etib koʼrsatilgan fuqarolarning saylovoldi targʼibotini olib borish, uchrashuvlar oʼtkazish bilan bogʼliq muammolarga duch kelishi sir emas. Bu masalada Markaziy saylov komissiyasiga ham bir qator murojaatlar kelib tushgan.
Shularni eʼtiborga olib, Аsosiy Qonunimizda bir nomzod faqat bitta saylov okrugidan va bitta mahalliy vakillik organiga saylanishi mumkinligiga oid qoidani kiritish taklif qilinmoqda.
Saylov qonunchiligiga oʼzgartirish kiritish orqali, xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga saylov oʼtkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tugatish va ularning vakolatlarini tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklash ham asosli takliflardandir.
Milliy saylov amaliyotimizdan va xalqaro kuzatuvchilarning tavsiyalaridan kelib chiqib, saylovlarni yanada demokratlashtirish va erkinlashtirishga qaratilgan shunga oʼxshash yana boshqa qator takliflar ham oʼrganib chiqilmoqda.
Oʼtgan har bir saylov - mamlakatimizda rivojlangan demokratik huquqiy davlat, erkin, ochiq va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish sari qoʼyilgan muhim qadamdir.
Erishilgan muvaffaqiyatlar sarhisob qilinib, kamchilik va muammolarning oʼz vaqtida barataraf etilishi, milliy saylov qonunchiligining Konstituttsiyamizda mustahkamlab qoʼyilgan tamoyillar asosida yanada takomillashtirilishi esa xalqimiz farovonligini oshirish, buyuk yuksalish yoʼlidagi intilishlarini yangi bosqichga koʼtarishga xizmat qiladi.
J.I.Badalov
Quyi Chirchiq tuman adliya boʼlimi boshligʼi