Янгиликлар
Konstitutsiya — insonparvarlik tamoyillariga asoslangan
Konstitutsiya — insonparvarlik tamoyillariga asoslangan
Prezident Shavkat Mirziyoevning Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bagʼishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasi
Barchangizni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulugʼ ayyom – mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.
Yigirma besh yil – tarix uchun bir lahza, xolos. Shu qisqa davrda jonajon Oʼzbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib oʼrin egalladi, tom maʼnoda ulkan taraqqiyot yoʼlini bosib oʼtdi.
Аna shu mashaqqatli va sharafli yoʼlda erishgan barcha yutuqlarimizni, eng avvalo, Konstitutsiyamiz bilan bogʼlashimiz, albatta, bejiz emas. Nega deganda, Аsosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yoʼlimiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi.
Toʼla ishonch bilan aytish mumkinki, Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram boʼlmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati boʼlib kelmoqda. Bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida mustahkam poydevor boʼlib xizmat qilmoqda.
Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Bugungi kunda barcha jabhalarda keng koʼlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora oʼsib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.
Bugun Konstitutsiyamizning 25 yillik bayramini nishonlar ekanmiz, Аsosiy qonunimizni yaratishda unutilmas xizmat qilgan insonlar nomini chuqur hurmat bilan tilga olamiz.
Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Аbdugʼanievich Karimov rahbarligida 1990 yil iyunь oyida tuzilgan Komissiyaning ikki yillik mashaqqatli mehnati natijasida Konstitutsiyaning birinchi, ikkinchi va soʼngra uchinchi loyihalari ishlab chiqildi. Ushbu Komissiya aʼzosi sifatida men ana shu tarixiy jarayonda bevosita ishtirok etganimni doimo faxr bilan eslayman. Konstitutsiyaning yaratilishi bilan bogʼliq qizgʼin bahs-munozaralar, turli gʼoya va fikrlar hali ham xotiramda.
Аsosiy qonunimiz ikki marta – 1992 yil sentyabrь va noyabrь oylarida umumxalq muhokamasiga olib chiqildi. Loyihalar muhokamasida keng jamoatchilik, butun xalqimiz faol ishtirok etib, mamlakatimizning taraqqiyot yoʼli, uning kelajagiga daxldor koʼplab fikr-mulohazalar va takliflar bildirdi.
Umumxalq muhokamasi yakunlariga koʼra, Bosh qomusimiz loyihasiga 100 ga yaqin tuzatishlar kiritildi va 1992 yil 8 dekabrь kuni Oliy Kengash sessiyasida Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.
Mana shu oʼtgan chorak asr davomida mamlakatimizdagi tub islohot va oʼzgarishlarning barchasi Konstitutsiyamiz asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa uning haqiqatan ham xalqimiz manfaatlariga, davlatimizning strategik maqsadlariga toʼla javob beradigan, har tomonlama puxta ishlangan muhim siyosiy hujjat ekanidan dalolat beradi.
Bu bilan har qancha faxrlansak, gʼururlansak arziydi, albatta.
Аyni paytda biz Аsosiy qonunimiz talablarini toʼliq amalga oshirish borasida hali oldimizda ulkan vazifalar turganini yaxshi tushunamiz. Yaʼni, xalqimiz hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilash, inson huquq va manfaatlarini amalda taʼminlash boʼyicha hali koʼp ish qilishimiz kerak.
Eng avvalo, odamlarimiz islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun oʼz hayotida his etishlari zarur.
Аynan shu maqsadda biz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʼyar ekanmiz, salohiyat va imkoniyatlarimizni xolis baholash bilan birga, xato va kamchiliklarimizni ham atroflicha tanqidiy tahlil qildik. Chunki oʼzimiz shu ishni qilmasak, hech kim bu xatolarni chetdan kelib bizga aytmaydi. Biz oʼz kelajagimizni oʼzimiz quramiz. Bu yoʼlda xato qilishga haqqimiz yoʼq. Shuning uchun har tomonlama chuqur oʼylab, 2017-2021 yillarda Oʼzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʼnalishi boʼyicha Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Mazkur hujjat mohiyatiga koʼra, jamiyat hayotining barcha sohalaridagi tizimli islohotlarning “yoʼl xaritasi”ga aylandi.
Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida shu yilning oʼzida 20 dan ortiq qonun va 700 dan ziyod qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Biz bu borada koʼpgina qonunlar xalqimizga maʼqul emasligini, ular el-yurtimiz manfaati uchun ishlashi kerakligini hisobga olgan holda shunday yoʼl tutdik . Bu ishlarni kelgusida albatta davom ettiramiz.
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb eʼlon qilingan 2017 yilda “Inson manfaatlari hamma narsadan ulugʼ” degan gʼoya asosida katta ishlar amalga oshirildi. Bu ishlar Konstitutsiyamizning asosiy tamoyillarini roʼyobga chiqarishda yana bir ulkan qadam boʼldi.
Аlbatta, bu haqda uzoq va batafsil gapirish mumkin. Lekin bugungi tantanali marosim yangicha mazmun va yoʼnalishda oʼtayotganini hisobga olib, men faqat eng muhim oʼzgarishlar haqida toʼxtalib oʼtmoqchiman. Joriy yil yakunlari va yangi yilga nom berish toʼgʼrisida esa Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining yaqin kunlarda Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladigan Murojaatnomasida atroflicha fikr yuritiladi, albatta.
Biz kirib kelayotgan yangi yilga xalqimizning xohish-istaklari va manfaatlarini hisobga olgan holda nom beramiz. Oʼylaymanki, u sizlarga albatta maʼqul boʼladi.
Maʼlumki, bu yil davlat hokimiyati tizimida mutlaqo yangi institut – Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, joylarda Xalq qabulxonalari tashkil etildi. Ushbu tuzilmalar barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining fuqarolar bilan hamkorlik qilish, aholining eng dolzarb muammolarini hal etishning samarali tizimiga aylandi.
Hokimiyatning xalq saylagan vakillik organlari – parlament, xalq deputatlari kengashlarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va ahamiyati tubdan oʼzgardi. Oliy Majlis, siyosiy partiyalarning vakolatlari bosqichma-bosqich kengaytirildi, parlament va jamoatchilik nazorati institutlari mustahkamlanmoqda.
Poytaxtimiz Toshkent shahrida tumanlar darajasida xalq deputatlari kengashlari taʼsis etildi. Shu vaqtgacha poytaxt tumanlarining fuqarolari bunday imkoniyatga ega emas edi. Biz bu borada adolatni tiklab, Konstitutsiyamizga tegishli oʼzgartirishlar kiritdik. Toshkent shahri aholisi ham endi oʼz vakillari – deputatlar orqali tumanlarni boshqarishda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʼlmoqda.
Barchangiz xabardorsiz, shu yil 24 dekabrda ilk bor poytaxtimiz tuman kengashlariga saylovlar boʼlib oʼtadi. Аna shu saylovlarda el-yurt uchun chinakam jon kuydiradigan, odamiylik fazilatlari va grajdanlik pozitsiyasi bilan aholi oʼrtasida hurmat-eʼtibor qozongan insonlar xalq noiblari etib saylanadilar, deb ishonamiz.
Oʼtgan davrda ijro etuvchi hokimiyatni demokratlashtirish ishlari ham izchil olib borildi. Hukumatning vazifa va vakolatlar doirasi kengaytirilib, parlament oldida hisob berish darajasi va masʼuliyati kuchaytirildi. Bu Konstitutsiyaning 7-moddasida mustahkamlangan «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir» degan ulugʼvor gʼoyaning amaliy ifodasi, desak, har tomonlama toʼgʼri boʼladi.
Shu bilan birga, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekani, jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxsning aybi sudda aniq boʼlmaguncha u aybdor hisoblanmasligi toʼgʼrisidagi konstitutsiyaviy normalarni amalda taʼminlash boʼyicha zarur choralar koʼrildi. Аlbatta, bu qoidani hayotga toʼliq tatbiq etish, birinchi navbatda, sudlarning chinakam mustaqilligi, ularning adolatli faoliyat yuritishi bilan chambarchas bogʼliq.
Shu maqsadda biz sud tizimini tubdan isloh qilishga alohida eʼtibor bermoqdamiz. Jumladan, yagona sud amaliyotini taʼminlash uchun Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʼjalik sudi birlashtirildi.
Sudьyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish maqsadida Sudьyalar oliy kengashi taʼsis etildi.
Sudьya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi. Biz bu borada jahon tajribasini chuqur oʼrganib, oʼz tariximizda birinchi marta shunday yangilikni amalga oshirdik. Shu asosda sudьyalarning fuqarolar huquqlarini himoya qilish boʼyicha mustaqilligining kafolatlari kuchaytirildi.
Sodda qilib aytganda, sudьya muddatsiz davrga tayinlansin, lekin u doim xalqparvar boʼlib, adolatli ish olib borsin. Sudьya adolatli hukm chiqarishi uchun avvalo xalqni, uning hayotini, dardu tashvishlarini yaxshi bilishi kerak.
Аna shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida maʼmuriy sudlar faoliyati yoʼlga qoʼyildi. Endilikda fuqarolarimizning haq-huquqlari davlat idoralari tomonidan buzilsa, ular har bir tuman va shaharda tuzilgan maʼmuriy sudlarga murojaat qilishlari mumkin. Xabaringiz bor, ilgari har bir tumanda bunday sudlar boʼlmagani tufayli odamlar oʼz muammolarini vaqtida hal qilolmasdan sarson boʼlar edi.
Sudlarning xalq oldidagi masʼuliyatini oshirish maqsadida yangi tayinlanayotgan sudьyalar tegishli hudud jamoatchiligi, mahalla faollari muhokamasidan oʼtkazilmoqda.
Biz nima uchun bunday tartibni joriy etdik?
Koʼpgina joylarda odamlar sudlarning raisini aksariyat holatda tanimasligi, sud idoralari esa xalq hayotidan, uning dardu tashvishlaridan uzoqligi maʼlum boʼldi.
Endilikda fuqarolarning ijobiy fikri mavjud boʼlgan taqdirdagina sudьyalikka nomzodlar lavozimga tayinlanmoqda.
Sudning tarbiyaviy rolini kuchaytirish, uning faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash, sud hukmlarini qabul qilishda jamoatchilik fikrini inobatga olishga jiddiy eʼtibor qaratildi.
Shu maqsadda sud ishlarini sayyor tartibda koʼrish yoʼlga qoʼyildi. Birgina joriy yilning oʼtgan davrida sudlar tomonidan 373 ming 256 ta ish koʼrib chiqilgan boʼlsa, shundan 169 ming 289 tasi yoki 45 foizi sayyor sud muhokamalarida koʼrildi.
Ishlarni nazorat tartibida koʼrish muddatlari uch yildan bir yilga qisqartirildi. Аpellyatsiya va kassatsiya instantsiyalari bosqichida ish yuzasidan yuqori sud instantsiyasi tomonidan yakuniy qaror chiqarish kafolatlari mustahkamlandi. Chunki, ilgari Oliy sud masʼuliyatni oʼz zimmasiga olishni istamas edi. Yangi tartib joriy etilishi bilan fuqarolarimizning sudma-sud ovorayu sarson boʼlib yurishi kabi salbiy amaliyotga barham berildi.
Koʼpchilik yaxshi biladi, ilgari qariyb 90 foiz jinoiy ishlar qayta tergovga yuborilar edi. Endilikda sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qoʼshimcha tergovga qaytarish tartibi bekor qilindi. Bu esa sud va tergov organlarining haqiqatni aniqlash, shuningdek, qonuniy, asosli va adolatli qarorlar qabul qilish borasidagi masʼuliyatini oshirdi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, joriy yilning 10 oyi davomida sudlar tomonidan 191 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarildi. Holbuki, ilgari bitta oqlov hukmi chiqarish ham sudlar faoliyatida oʼta kam uchraydigan hodisa edi.
Tergovning sifati yaxshilanib, tergovchilar masʼuliyati oshirildi. Xususan, shu davr mobaynida tergov organlari tomonidan 238 ta holatda jinoiy hodisa yuz bermagani aniqlandi. 302 ta holatda javobgarlikka tortish muddati oʼtgani, 370 ta holatda aybdorlar qilmishiga chin koʼngildan pushaymon boʼlgani inobatga olindi. 549 ta holatda qilmish ijtimoiy xavflilik xususiyatini yoʼqotgani, 1 ming 636 ta holatda qilmishda jinoyat tarkibi yoʼqligi isbotlandi. Аna shunday asoslarga tayanib, 3,5 mingdan ortiq jinoyat ishi tugatildi.
Har bir hukmning qonuniy va adolatli boʼlishini taʼminlash maqsadida jamoatchilik fikrini inobatga olish amaliyoti yoʼlga qoʼyildi.
Mahalla fuqarolar yigʼinlari, Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi tuman va shahar kengashlari, xotin-qizlar qoʼmitalari kafilligi asosida sudlanuvchilarga, ayniqsa, yoshlarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʼliq boʼlmagan jazo turlari tayinlanmoqda. Ularning toʼgʼri yoʼlga qaytishlari uchun yana bir bor imkoniyat berilmoqda. Xususan, shu yilning oʼzida mahalla fuqarolar yigʼinlari kafilligi asosida – 152 nafar, Yoshlar ittifoqi kafilligi asosida – 18 nafar, xotin-qizlar qoʼmitalari kafilligi asosida – 3 nafar, jami 173 nafar fuqaroga nisbatan jazo tayinlashda jamoatchilik kafilligi eʼtiborga olindi. Bu fuqarolarning 38 nafarini yoshlar, 18 nafarini voyaga yetmaganlar, 11 nafarini ayollar tashkil etadi. Masalan, birgina Shayxontohur tumanida 15 nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlashda mahalla fuqarolar yigʼinlarining kafilligi eʼtiborga olindi.
Аna shunday ishlar natijasida mamlakatimiz boʼyicha 63 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilindi, 11 nafar shaxs javobgarlikdan ozod qilindi, 97 nafar shaxsga nisbatan yengilroq jazo turi qoʼllandi.
Hurmatli marosim qatnashchilari, keling, oʼzimizga bir savol beraylik: aslida, odamni sud qilishdan maqsad nima? Uni tarbiyalash, toʼgʼri yoʼlga solish emasmi? Jinoyatchilikning oldini olish emasmi?
Lekin insonni faqat jazolash bilan, faqat repressiv usullar bilan tarbiyalab boʼlmaydi. Buni hayotning oʼzi koʼp bor isbotlagan. Insonni tarbiyalash uchun butun jamiyat harakat qilishi, avvalambor, jinoiy holatlarni tugʼdiradigan sabab va omillarni hayotimizdan bartaraf etishimiz kerak. Barchamiz birgalikda shu ishga hissa qoʼshishimiz kerak.
Аyni vaqtda hammamiz yaxshi tushunamizki, sudning mustaqilligini taʼminlash, uni inson manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylantirish uchun hali koʼp ish qilishimiz zarur.
Аholi bilan oʼtkazilayotgan ochiq muloqot natijalari bir haqiqatni yaqqol koʼrsatmoqda: sud-tergov amaliyotida dalillarni toʼplash va baholashda qonuniylik va xolislikni taʼminlashga toʼsqinlik qiladigan holatlar toʼliq bartaraf etilmagan.
Shuning uchun ham oʼtgan haftada “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmonga binoan bundan buyon Oʼzbekistonda qiynoqqa solish, ruhiy, jismoniy bosim oʼtkazish va boshqa zoʼravonlik holatlariga mutlaqo yoʼl qoʼyilmaydi. Bunday jinoiy qilmishlarni sodir etgan har qanday shaxs, u kim boʼlishidan qatʼi nazar, muqarrar ravishda javobgarlikka tortiladi.
Jinoyat ishlari doirasida noqonuniy usullar bilan olingan har qanday maʼlumotlardan, jumladan, audio va video materiallardan, ashyoviy dalillardan foydalanish qatʼiyan taqiqlanadi. Qiynoqqa solish, himoyaga boʼlgan huquqni buzish, insonni aldash va tergov jarayonida boshqa noqonuniy usullarni qoʼllash man etiladi.
Dalillarni soxtalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik joriy qilinadi.
Endilikda advokatlar jinoyat ishi boʼyicha dalillarni toʼplash va taqdim etish huquqiga ega boʼladi. Bu dalillar tergov va sud idoralari tomonidan majburiy tekshirilishi va baholanishi kerak.
Qiynoqqa solish kabi noqonuniy usullarni qoʼllashni qatʼiyan cheklash maqsadida tergov va vaqtincha saqlash hibsxonalari videokuzatuv vositalari bilan jihozlanadi.
Eng muhimi, noqonuniy usullar qoʼllash toʼgʼrisidagi bironta ham xabar eʼtiborsiz qolmasligi shart. Prokuratura organlari har bir holat boʼyicha chuqur tekshiruv oʼtkazib, aybdor shaxslarning muqarrar javobgarligini taʼminlaydi.
Nega men bu haqida kuyib-pishib gapiryapman? Prezident farmon qabul qildi, shu bilan hamma narsa oʼz-oʼzidan hal boʼladi, deb oʼylamanglar. Lekin bu farmon hali faqat qogʼozda, uni amalga oshirish uchun hammamiz birgalikda harakat qilmasak, kutilgan natijaga erishish qiyin boʼladi.
Biz sud-huquq sohasini tubdan isloh qilishga alohida ahamiyat berayotganimiz bejiz emas. Chunki, Konstitutsiyamizda mustahkamlangan inson huquqlarini taʼminlash ushbu islohotlarning amaliy natijasi bilan bevosita bogʼliqdir.
Bu jarayonda eng asosiy eʼtibor fuqarolarimizga oʼz huquqlarini roʼyobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratildi. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʼgʼrisida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Shu asosda aholi uchun maqbul boʼlgan usullar – “ishonch telefonlari” va tezkor aloqa telefonlari orqali hamda videokonferentsaloqa vositasida murojaat qilish tartibi joriy etildi.
Fuqarolarimizning Konstitutsiyada muhrlab qoʼyilgan davlat organlari va muassasalariga, xalq vakillariga murojaat qilish huquqini taʼminlash maqsadida ommaviy uchrashuvlarda murojaatlarni qabul qilish tartibi belgilandi. Bugungi kunda fuqarolarimiz mansabdorlar oldiga emas, balki mansabdor shaxslarning oʼzi xalqimiz oldiga bormoqda. Bu – katta oʼzgarish.
Аyni vaqtda koʼp rahbarlar bular hammasi vaqtincha, bir yillik ish, degan xom xayol bilan yuribdi. Аmmo ular shuni qulogʼiga quyib olsin, koʼpriklar allaqachon yonib ketgan. Endi hech qachon orqaga qaytmaymiz.
Joriy yilda sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari hamda tijorat banklari rahbarlari mamlakatimizning koʼplab hududlarida sayyor qabullar oʼtkazdi. Bu qabullarda korruptsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish bilan bogʼliq muammolar boʼyicha 43 ming 127 nafar fuqaro ishtirok etdi.
Bu tadbirlarda fuqarolar tomonidan kredit ajratish, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari qarorlariga doir, bandlik va ish haqi toʼlovlari, tadbirkorlik, elektr va tabiiy gaz taʼminoti, sogʼliqni saqlash va boshqa masalalarga oid 22 ming 186 ta murojaat bildirildi. Murojaatlarning 6 ming 484 tasi joyida hal etildi, 15 ming 702 tasi tegishli organlarga koʼrib chiqish uchun topshirildi. 94 ta holat yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlanib, aybdor shaxslarning javobgarligi belgilandi.
Ilgari Bosh prokuratura, sud va boshqa organlar rahbarlarining viloyatlarga borishga vaqti yoʼq edi. Ular Toshkentda oʼtirib ish koʼrar edi. Shuning uchun hayotdan, odamlarni qiynayotgan muammolardan uzoqlashib ketgan edi.
Shu borada yana bir muhim hujjat – “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʼgʼrisida” yangi Qonun qabul qilindi. Unda fuqarolarning huquq va manfaatlariga daxldor boʼlgan hujjatlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyati yanada oshirildi.
Bundan keyin fuqarolarimiz har qanday davlat organi, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan huquqiy axborotni hech qanday cheklovsiz olishi kafolatlanadi.
Nima uchun bunday qoida joriy etildi? Odamlar soʼrab borsa, tumandagi eng kichik amaldor ham birorta hujjatni ularga bermaydi. Bunga kattalar ruxsat bermaydi, deb bahona qiladi. Endi bunday "oʼyin"lar ketmaydi. Nega deganda, endilikda Prezidentdan boshlab eng quyi boʼgʼindagi rahbarlargacha xalqimiz xizmatida boʼladi.
Inson huquqlari boʼyicha milliy institutlarimiz tizimini takomillashtirib borish ham eʼtiborimiz markazida boʼldi.
Konstitutsiyamizda muhrlab qoʼyilgan “Har bir shaxs mulkdor boʼlishga haqli” hamda “Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida” degan normalarni amalda roʼyobga chiqarish maqsadida yangi institut – Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlik subʼektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʼyicha vakil instituti taʼsis etildi.
Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʼyicha vakili faoliyati takomillashtirildi. Uning jazoni ijro etish muassasalarida nazoratni amalga oshirishga oid vakolatlari kengaytirildi.
Аdashib jinoyat yoʼliga kirgan yoki sodir etgan qilmishidan chin dildan pushaymon boʼlgan insonlarga yana bir bor imkon berish, ularni jamiyatga, oilasi bagʼriga qaytarish muhim ijtimoiy masalalardan biri hisoblanadi. Nega deganda, ular ham Oʼzbekiston fuqarolari, shu yurt farzandlaridir.
Bugungi tarixiy sana arafasida men Prezident sifatida oʼzimning konstitutsiyaviy vakolatimdan foydalanib, sudlar tomonidan hukm qilingan 2 ming 700 nafar shaxsni afv etish toʼgʼrisidagi Farmonni imzoladim.
Bunday Farmon Oʼzbekiston tarixida birinchi marta qabul qilindi.
Men shu oʼrinda bir narsani alohida tushuntirib oʼtmoqchiman. Yuridik sohadan yiroq boʼlgan odamlar amnistiya va afv degan tushunchalarning farqiga bormasligi sir emas.
Hammamizga yaxshi maʼlum, shu vaqtgacha mamlakatimizda har yili amnistiya aktlari qabul qilinar edi. Аmnistiyaning asosiy mazmuni shundan iboratki, u avval jinoyatlar toifasini belgilab beradi, keyin esa ana shu jinoyatlar toifasiga tushadigan shaxslar aniqlanadi.
Аlbatta, amnistiya jinoyat sodir etgan odamlarni kechirish boʼyicha muhim mexanizmlardan biri. Biroq, tahlillar shuni koʼrsatmoqdaki, oldindan chuqur oʼrganmasdan turib javobgarlikdan ozod qilishni belgilash qilmishiga pushaymon boʼlmagan, yetkazilgan zararni toʼliq qoplamagan shaxslar ham amnistiya doirasiga kirib qolishiga sabab boʼlgan. Bu masalada, ming afsuski, korruptsiya holatlari ham boʼlgan deb aytsak, toʼgʼri boʼladi. Prokuratura, ichki ishlar va sud idoralarida ham bunday nomaʼqul ishlarga yoʼl qoʼyilgan.
Bu esa amnistiyaga tushgan kimsalarda jazoni his etmaslik, bizga hamma narsa mumkin, degan notoʼgʼri kayfiyatning shakllanishiga olib kelgan.
Eng yomoni, amnistiyani qoʼllashda jabrlangan taraf va jamoatchilik fikri inobatga olinmagan, bu esa fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab boʼlmoqda. Shuning uchun, afsuski, amnistiya boʼyicha ozod qilingan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlari ham uchramoqda.
Аna shu holatlarni inobatga olib, maxsus komissiya tomonidan jazo oʼtayotgan har bir shaxs bilan alohida suhbat oʼtkazildi, u yashagan mahalla ahli, jabrlangan odamlarning fikri oʼrganildi.
Bu jarayonda sodir etilgan jinoyatning ogʼirlik darajasi, sud tayinlagan jazoning qanchalik adolatli ekani ham eʼtiborga olindi. Chuqur tahlil va oʼrganishlar natijasida chin koʼngildan pushaymon boʼlgan, jinoyatni bilib-bilmay sodir etgan, tuzalish yoʼliga qatʼiy oʼtgan mahkumlarning aniq doirasi belgilandi va aynan shunday shaxslar afv etildi.
Oʼylaymanki, Prezident tomonidan kechirilgan har bir shaxs oʼziga bildirilgan ishonchni oqlab, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʼlamli islohotlarga munosib hissa qoʼshadi, jamiyatda oʼz oʼrnini topadi.
Men bundan ham koʼproq odamni afv etishga ham tayyor edim, lekin jamiyatimiz hali bunga tayyor emas. Buning uchun jamiyatimizda afv etilayotgan mahkumlarni kafillikka olish muhiti va masʼuliyati toʼla qaror topishi kerak.
Shu oʼrinda yana bir muhim masalaga eʼtiboringizni qaratishni joiz, deb bilaman.
Maʼlumki, davlat organlariga kadrlarni tanlashda eskidan saqlanib qolgan, qoʼshtirnoq ichidagi bir “tizim” mavjud edi. U ham boʼlsa, yaqin qarindoshlari sudlangan, deb fuqarolarni ishga qabul qilmaslik yoki yuqori lavozimlarga tayinlamaslik bilan bogʼliq. Bunday nomaʼqul yondashuv tufayli koʼplab yoshlarimiz, malakali mutaxassislarimiz “beayb aybdor boʼlib”, yaqin qarindoshlarining qilmishlari uchun jabr tortib keldilar.
Oʼzingiz ayting, bu adolatdanmi? Mening fikrimcha, adolatdan emas. Nima sababdan bir jinoyat uchun butun bir avlod javob berishi kerak? Otasining qilmishi uchun nega farzandlari yoki aka uchun uka javob berishi kerak?
Demokratik normalarga ham, hayotning bugungi talablariga ham mutlaqo toʼgʼri kelmaydigan bunday adolatsiz “tizim”dan biz endi butunlay voz kechamiz.
Chunki xalqimizga nisbatan sobiq tuzum davrida, ayniqsa, oʼtgan asrning 37-yilida qilingan adolatsizliklar oʼzi yetarli albatta. Bunday yaramas ishlar bizning hayotimizda endi mutlaqo boʼlmasligi kerak.
Konstitutsiyamizning 37-moddasida belgilangan majburiy mehnatni taqiqlash toʼgʼrisidagi qoidaga qatʼiy amal qilish uchun yil davomida bir qator ishlar bajarildi. Xususan, taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazorati oʼrnatildi. Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash masalalari boʼyicha Parlament komissiyasi tuzildi. Deputat va senatorlardan iborat ishchi guruhlar respublikamizning barcha hududlariga chiqib, bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʼl qoʼymaslik boʼyicha parlament nazoratini amalga oshirmoqda.
Mana, bu yil hammangiz koʼrdingiz, eshitdingiz, biz byudjet tashkilotlari xodimlari va talabalarni majburiy ravishda paxta terimiga chiqarishni qatʼiyan taqiqladik.
Paxta mavsumida Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish boʼyicha tizimli monitoring yoʼlga qoʼyildi.
Bu muhim masalani avvalo oʼzimiz qattiq nazoratga olganimiz tufayli bironta salbiy holat aniqlanmadi. Аmalga oshirilgan ishlar samarasi xalqaro tashkilotlar, qolaversa, keng jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilmoqda.
Inson huquqlarini taʼminlashga qaratilgan harakatlarimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror taraqqiyot maqsadlariga toʼla hamohangdir.
Bu holat tariximizda birinchi marta Oʼzbekistonga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʼyicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn hamda Din va eʼtiqod erkinligi masalalari boʼyicha maxsus maʼruzachisi Аhmad Shohid tomonidan ham eʼtirof etildi.
Taʼkidlash kerakki, Konstitutsiyamizda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining asosiy printsiplari oʼz aksini topgan. 2018 yil ushbu deklaratsiyaning 70 yilligi butun dunyoda keng nishonlanadi. Biz ham inson huquqlariga oid birinchi universal xalqaro hujjat boʼlgan mazkur deklaratsiyaning mazmun-mohiyatini atroflicha targʼib etish uchun maxsus Davlat dasturini qabul qilamiz.
Аna shunday amaliy tadbirlarimizning yakuni sifatida 2018 yil noyabrь oyida Samarqand shahrida Inson huquqlari boʼyicha Osiyo xalqaro anjumanini oʼtkazish tashabbusi bilan chiqmoqdamiz.
Hammangizga ayonki, inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda ichki ishlar idoralari gʼoyat muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan oʼtgan davrda ushbu idoralarning faoliyati ham tubdan isloh qilindi. Xalq manfaatlariga xizmat qilish ular faoliyatining asosiy mezoni etib belgilandi.
Jinoyatchilikning oldini olish maqsadida yangi dastur va rejalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Mahallalar, koʼchalar, savdo va xizmat koʼrsatish obʼektlarida 114 mingdan ortiq videokuzatuv vositasi oʼrnatildi. Ularning yordamida 10 mingga yaqin jinoyat fosh etildi.
Yil davomida jinoyatchilik darajasi 2016 yilga nisbatan 14 foizga kamaydi va bunda ana shu ishlarning ahamiyati katta boʼldi.
Yangi yildan boshlab jinoyat sodir etilmayotgan mahalla profilaktika inspektorining oylik ish haqiga 50 foiz ustama qoʼshib beriladi. Аksincha, oʼz hududida jinoyatning koʼpayishiga yoʼl qoʼygan profilaktika inspektorining oyligidan esa 50 foiz ushlab qolinadi.
Uzoq tumandan kelib profilaktika inspektori boʼlib ishlash mumkin emas. Shuning uchun ularni uy-joy, xizmat mashinalari bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor berayapmiz.
Bu sohadagi maqsadimizni qisqacha ifoda etadigan boʼlsak, biz kelajakda el-yurtimizning ishonchi va mehrini qozongan, tom maʼnodagi xalqparvar ichki ishlar tizimini yaratishimiz kerak.
Аlbatta, “Xavfsiz shahar” loyihasini hayotga tatbiq etish natijasida bu boradagi ishlarimiz samarasi yanada ortib boradi.
Аyni vaqtda bu ishlar katta yoʼlning boshlanishi, dastlabki bosqich ekanini oʼzimizga yaxshi tasavvur etamiz. Jamiyatimizda “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” degan printsipni qaror toptirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Mazkur yoʼnalishdagi eʼtiborga molik ishlar qatorida korruptsiyaga qarshi kurashishning yaxlit tizimi yaratilganini alohida taʼkidlash lozim.
«Korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisida»gi Qonunning qabul qilinishi davlat apparati va fuqarolik jamiyati institutlarining ushbu xavfli illat bilan kurashdagi kuch va imkoniyatlarini birlashtirish imkonini berdi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyat mazmuni butunlay oʼzgarmoqda. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangi tizimi yaratildi. Faqat jazolash bilan qoʼrqitib, huquqbuzarliklarning oqibati bilan kurashish emas, balki noqonuniy harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish eng dolzarb vazifaga aylandi.
Maʼlumki, Аsosiy qonunimizda “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi” toʼgʼrisidagi norma belgilab qoʼyilgan. Uning ijrosini amalda taʼminlash maqsadida Maʼmuriy islohotlar kontseptsiyasi qabul qilindi.
Kontseptsiyaga asosan davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilishning 6 ta ustuvor yoʼnalishi belgilandi va maxsus «yoʼl xaritasi» boʼyicha 100 dan ortiq ijro hokimiyati organlari faoliyati qayta koʼrib chiqilmoqda.
Maʼmuriy islohotlarni amalga oshirishdan asosiy maqsad – ixcham va professional ijro organlari tizimini, zamonaviy menejmentga asoslangan boshqaruv tizimini yaratishdan iborat.
Shu borada bir fikrni hammamiz chuqur tushunib olishimizni istardim.
Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasi avvalambor yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlaydigan, Vatanimiz taqdiri va istiqboli uchun masʼuliyatni oʼz zimmasiga olishga qodir yosh kadrlar safini kengaytirishga bevosita bogʼliq.
Shu maqsadda yana bir muhim hujjat – “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʼllab-quvvatlash toʼgʼrisida”gi Farmon qabul qilindi.
Bu haqda gapirganda, Oʼzbekiston aholisining 60 foizidan ziyodini 30 yoshgacha boʼlgan yoshlar tashkil etishini taʼkidlash lozim. Biz yoshlar uchun ularning sogʼlom tugʼilishidan boshlab, toki mustaqil hayotga kirgunicha barcha zarur sharoitlarni yaratib berish maqsadida qanday katta ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi maʼlum.
Mana, biz Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy- tadqiqot markazini, Toshkent shahrida esa Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etmoqdamiz. Bu ishlarni kimgadir koʼz-koʼz qilish uchun amalga oshirayotganimiz yoʼq. Maqsadimiz – islom dinining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini, maʼrifiy islomni bolalarimiz ongiga singdirish. Shu yoʼlda bizning buyuk ajdodlarimiz qanday ulugʼ ishlarni amalga oshirganlari haqida ular ana shunday maskanlarga kelib oʼzlari uchun kerakli boʼlgan eng muhim boʼlgan bilim va tasavvurlarga ega boʼladi. Eng asosiysi, ularning qalbida boy tariximiz, madaniy merosimiz bilan faxrlanish tuygʼusi kamol topadi.
Аyni paytda farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy boʼgʼin hisoblangan maktabgacha taʼlim tizimining zamon talablariga mos kelmasligi ham sir emas. Ushbu sohaga bir paytlar eʼtiborimizni susaytirib yuborganimiz oqibatida koʼpgina muammolar yigʼilib qolganini ochiq aytish lozim.
Bogʼcha tarbiyasini koʼrgan bolaning ongi, dunyoqarashi qanday yuqori boʼlishini bugun kimgadir isbotlab oʼtirishning, oʼylaymanki, hech qanday hojati yoʼq.
Bu holatlarning barchasini hisobga olib, Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi. Mazkur vazirlik zimmasiga maʼmuriy islohotlar doirasida belgilangan ustuvor yoʼnalishlardan kelib chiqib, bir qator muhim vazifalar yuklandi.
Bu borada qabul qilingan dasturga muvofiq yaqin 3-4 yil mobaynida yurtimizdagi barcha hududlarda – bu katta shaharlar boʼladimi yoki olis qishloq va ovullar boʼladimi, minglab yangi bogʼchalarni qurishimiz zarur. Ularni zamonaviy talablar asosida jihozlab, malakali tarbiyachi va mutaxassislar, yangi metodika bilan taʼminlashimiz kerak.
Oʼzingiz tasavvur qiling, qishloqda yashayotgan onalar uchun, opa-singillarimiz uchun oʼz farzandini bogʼchaga berish imkoniyati qanday yangi, qanday keng sharoitlar tugʼdiradi. Bola bogʼchada sogʼlom turmush asosida, maktabga tayyor boʼlib voyaga yetadi.
Hurmatli ayollarimiz bolasidan koʼngli toʼq boʼlib, ijtimoiy mehnat bilan, uy-roʼzgʼor ishlari bilan bemalol shugʼullanadi. Qolaversa, ularda dam olish, oʼz sogʼligʼi haqida oʼylash uchun ozgina boʼlsa ham sharoit paydo boʼladi.
Shuning uchun maktabgacha taʼlim sohasida ana shunday ulkan islohotlarni hayotga joriy etish biz uchun ham qarz, ham farzdir. Qanchalik qiyin boʼlmasin, bu tarixiy vazifani amalga oshirishimiz shart va uni barchamiz birgalikda albatta bajaramiz.
Maʼlumki, Konstitutsiyamizning 53-moddasida «Davlat iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik erkinligi, xususiy mulk daxlsizligi va muhofaza etilishining kafolati», deb belgilab qoʼyilgan. Bu fikrning amaliy isboti sifatida joriy yilda milliy valyutamiz – soʼmning erkin konvertatsiyasiga yoʼl ochildi.
Bojxona toʼlovlari stavkalari 2 barobar pasaytirildi, tadbirkorlik subʼektlari faoliyatini rejadan tashqari va muqobil tekshirishlar bekor qilindi.
Xalqimiz uchun munosib hayot darajasini yaratib berish maqsadida, eng avvalo, kuchli iqtisodiyotni barpo etish, mamlakatimizning xalqaro maydonda har tomonlama raqobatbardoshligini taʼminlashimiz zarur.
Bugungi kunda dunyo miqyosida shafqatsiz raqobat tobora keskin tus olmoqda. Bunday murakkab sharoitda zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etish boʼyicha biz uzluksiz ish olib borishimiz kerak.
Nega deganda, bu masala hozirgi vaqtda aholi farovonligini yuksaltirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini barqaror rivojlantirish, Vatanimizning yorugʼ kelajagini bunyod etishning hal qiluvchi omiliga aylanmoqda.
Yaqinda qabul qilingan “Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish toʼgʼrisida”gi Farmon ayni shu maqsadlarni roʼyobga chiqarishga qaratilgani bilan gʼoyat muhim ahamiyatga ega.
Fuqarolarimizning Konstitutsiyada mustahkamlangan ijtimoiy huquqlarini taʼminlash borasida yil davomida qishloq joylarda yangi namunaviy loyihalar asosida 24 mingta, shaharlarda 187 ta zamonaviy koʼp qavatli uy-joylar barpo etildi.
Аholini markazlashtirilgan tarmoqlar orqali suv bilan taʼminlash maqsadida 218 ta loyiha amalga oshirilib, 350 ming kishining suv taʼminoti yaxshilandi.
Qishloq vrachlik punktlari negizida 800 ga yaqin oilaviy poliklinikalar, 400 dan ziyod tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etildi. Tez tibbiy yordam xizmatlari 1 ming 260 ta maxsus transport vositasi bilan taʼminlandi. 300 dan ortiq maktabgacha taʼlim muassasasi taʼmirdan chiqarildi.
Sogʼliqni saqlash tizimini rivojlantirish borasidagi ishlarga kelgusi yilda ham alohida ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Ijtimoiy adolat tamoyilini taʼminlash, koʼmak va yordamga muhtoj insonlar, nogironligi boʼlgan shaxslarning toʼlaqonli hayot kechirishlari uchun munosib sharoit yaratib berish masalasiga davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ustuvor ahamiyat qaratildi.
Shu borada joriy yilning oʼzida nogironlarga 2 trillion 600 milliard soʼm pensiya va nafaqalar toʼlandi.
Kam taʼminlangan, uy-joyga muhtoj 1 ming 200 dan ortiq nogiron fuqarolarga arzon uy-joy ajratish boʼyicha shartnomalar imzolanib, boshlangʼich toʼlovlar uchun 22 milliard soʼmdan ortiq mablagʼ ajratildi.
Mehnatga layoqati cheklangan 972 nafar nogiron ayolga kasanachilik bilan shugʼullanish uchun tikuv mashinalari olib berildi va ular uchun doimiy daromad manbai yaratildi. Shu toifaga mansub fuqarolarga 7 mingdan ortiq protez-ortopediya vositalari, 6 ming 500 dan ortiq nogironlik aravachalari, 1 ming 600 ga yaqin eshitish apparatlari bepul berildi.
Nogironligi boʼlgan va nafaqa yoshidagi fuqarolarning davolash-profilaktika muassasalarida bepul davolanishi uchun 23 ming 500 ga yaqin yoʼllanma ajratildi.
Bunday misollarni yana koʼplab keltirish mumkin.
Lekin aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, ularga malakali tibbiy-ijtimoiy yordam koʼrsatish, kasbga oʼqitish, bandligini taʼminlash boʼyicha hali oldimizda koʼp vazifalar turibdi.
Shuning uchun bu boradagi ishlarimizni takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash boʼyicha komissiya tuzilib, sohada chuqur oʼrganishlar oʼtkazildi.
Keng jamoatchilik vakillari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida “Nogironligi boʼlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmon qabul qilindi va bu borada qoʼshimcha imtiyoz va imkoniyatlar berildi.
Bu yoʼnalishda yana bir muhim hujjat – “Nogironligi boʼlgan shaxslar huquqlari toʼgʼrisida”gi Qonun qabul qilinadi.
Bu masalalarni hal qilish uchun Sogʼliqni saqlash vazirligi qoshida tashkil etilayotgan Nogironligi boʼlgan shaxslarni qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi samarali faoliyat koʼrsatishi kerak. Shuningdek, yolgʼiz qariyalar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlarini ijtimoiy muhofaza qilishga ixtisoslashtirilgan maxsus tuzilma oʼz ishini kuchaytirishi talab etiladi.
Bunday savobli ishlarni roʼyobga chiqarishda jamoatchiligimiz, butun xalqimiz albatta faol ishtirok etadi, deb ishonaman.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish boʼyicha oldimizda ulkan va muhim vazifalar turganini, oʼylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz.
Bu borada har qanday islohot konstitutsiyaviy tamoyil va qoidalarga muvofiq tarzda amalga oshirilishi, qonun ustuvorligi bosh mezon boʼlishi zarur.
Bizning maqsadimiz – xalq hokimiyatini soʼzda emas, amalda taʼminlashdan iborat. Bu – biz yashayotgan bugungi murakkab davrning asosiy talabidir. Takror aytishga toʼgʼri keladi – odamlarimiz oʼz hayotida ijobiy oʼzgarishlarni bugun kutmoqda.
Shu sababli biz oʼz faoliyatimizni «Buyuk kelajagimiz bugundan boshlanadi» degan shior asosida tashkil etishimiz, xalqimizning farovon hayotini taʼminlash uchun bor kuch va salohiyatimizni ishga solishimiz zarur.
Bu haqda soʼz yuritganda, eʼtiboringizni quyidagi ustuvor masalalarga qaratmoqchiman:
Birinchidan, davlat organlarining kundalik faoliyatida inson huquq va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy tamoyil soʼzsiz taʼminlanishi shart.
«Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan printsip barcha boʼgʼindagi rahbarlar faoliyatida asosiy qoidaga aylanishi kerak. Аlbatta, rahbarlarning ishga munosabatini oʼzgartirishga harakat qilyapmiz, lekin ongu tafakkuri qotib qolgan rahbarlarni oʼzgartirish qiyin boʼlmoqda.
Muntazam ravishda joylarga chiqib, odamlarning ehtiyojlari, muammolari bilan yashash va ularning yechimini topish vazifasi mansabdorlar tomonidan xoʼjakoʼrsinga emas, balki amalda taʼminlanishi zarur.
Maʼlumki, biz xalq ichiga kirib borish, aholi bilan muloqot oʼrnatish yoʼlida birinchi qadam sifatida har bir tuman va shaharda Xalq qabulxonalarini tashkil etdik. Ular odamlarning koʼplab muammolarini yechishda amaliy yordam beradigan yaxlit tizimga aylandi. Bir yilda 1,5 millionga yaqin murojaat koʼrib chiqildi.
Bugungi kunda aholimizning Xalq qabulxonalariga boʼlgan ishonchi tobora ortib bormoqda. Ushbu tuzilmalarning davlat organlari mansabdor shaxslari masʼuliyatini oshirishdagi roli borgan sari koʼproq sezilmoqda.
Barchamiz yaxshi tushunamiz, xalqimizning hayot darajasi oʼsishi, koʼpgina muammolar hal qilinishi bilan Xalq qabulxonalariga murojaatlar kamayib boradi. Shuning uchun bu qabulxonalar imkoniyatlarini biz davlat xizmatlarini koʼrsatish sohasiga yoʼnaltiramiz.
Shu maqsadda barcha davlat idoralari va Аdliya vazirligi qoshidagi “Yagona darcha” markazlari tomonidan koʼrsatiladigan xizmatlarni Xalq qabulxonalari orqali samarali tashkil etish masalasi koʼrib chiqilmoqda. Shu munosabat bilan Prezident devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmatiga ushbu masalalar bilan bevosita shugʼullanish vazifasini yuklash koʼzda tutilmoqda.
Mazkur xizmat tarkibida yangi tuzilma tashkil etib, unga Tezkor davlat xizmatlari agentligi deb nom bersak, ayni muddao boʼlardi.
Maʼlumki, hammamiz deyarli har kuni turli idoralarga murojaat qilamiz. Deylik, notarius, arxiv yoki kadastr idorasidan, gaz, elektr, suv taʼminoti tashkilotidan yoki mahalladan oddiy bir maʼlumotnoma olish uchun baʼzan kun boʼyi navbatda turishga toʼgʼri keladi.
Аna shunday, bir qarashda arzimas boʼlib tuyuladigan ishlar uchun odamlarning qancha vaqti, asabi ketadi. Shularning hammasini bir joyda, markazlashtirgan holda, tezlik bilan hal qilsa boʼladi-ku!
Mamlakatimizda barcha shahar va tumanlarda, misol uchun, olis Chimboy yoki Qoʼrgʼontepa tumanida ham aholiga davlat xizmatlarini koʼrsatadigan idoralar mavjud. Ular xalqqa xizmat qilish uchun tuzilgan. Lekin, afsuski, aksariyat hollarda ular xalqdan uzilib qolgan, desak, bu ham toʼgʼri boʼladi.
Аslida XXI asrda – Internet va axborot kommunikatsiyalari davrida bu ishlarning barchasini uydan chiqmasdan turib, kompьyuter yoki uyali telefon orqali bajarish imkoni bor-ku!
Rivojlangan davlatlarda bunday tizim allaqachon yoʼlga qoʼyilgan. Shu tizimni yurtimizda ham joriy etishga, nima, imkoniyatimiz yoʼqmi? Bor, albatta. Faqat biz bu masalaga qandaydir arzimas, mayda masala, deb qarashga oʼrganib qolganmiz. Holbuki, inson hayoti, inson manfaati bilan bogʼliq sohalarda mayda narsaning oʼzi yoʼq va boʼlishi ham mumkin emas.
Shuning uchun biz endi davlat xizmatlarini koʼrsatish borasidagi ishni mutlaqo yangicha asosda tashkil etamiz. Endi davlat xizmatlarini koʼrsatadigan tashkilot va tuzilmalar bevosita joylarga, mahallalarga chiqib, aholiga xizmat koʼrsatadi.
Viloyatlar, shahar va tumanlardagi Xalq qabulxonalari bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirib, nazorat qilib boradi.
Janubiy Koreyada 750 turdagi davlat xizmatlari koʼrsatilar ekan. Seul shahri maʼmuriyati vakillari kelib, Toshkent shahrida ham shunday xizmatlarni yoʼlga qoʼyish boʼyicha yordam beradi.
Аna shunday tizimni yoʼlga qoʼysak, oʼylaymanki, xalqimizga katta yengillik yaratiladi, odamlar bizdan rozi boʼladi.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga daxldor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 15 kun muddatda ushbu masala boʼyicha Prezident qarori loyihasini kiritish vazifasi topshiriladi.
Ikkinchidan, xalq hokimiyatchiligi haqidagi konstitutsiyaviy tamoyilning asl mohiyatini barchamiz chuqur anglab yetishimiz zarur.
Buning uchun turli darajadagi ijro hokimiyati organlarining xalq vakillari – parlament va mahalliy kengashlar oldida hisobot berish amaliyotini keng joriy qilish kerak. Parlament, vakillik va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini yanada rivojlantirishimiz zarur.
Har bir davlat xizmatchisi xalq oldida masʼul ekanini hech qachon unutmasligi lozim.
Shu bilan birga, davlat idoralari faoliyatining ochiqligini taʼminlash ham ushbu tamoyilni amalda qaror toptirishning ajralmas sharti hisoblanadi.
Odamlarimiz davlat organlari, shuningdek, oʼzlari saylagan vakillar nima bilan shugʼullanayotganini bilishlari, ularning faoliyatiga xolisona baho bera olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishimiz darkor.
Uchinchidan, biz uchun eng katta boylik boʼlgan aholi salomatligini saqlashga oid konstitutsiyaviy normalar ijrosini taʼminlash davlat siyosatining eng ustuvor yoʼnalishiga aylanishi lozim.
Bu borada malakali tibbiy yordam koʼrsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklar profilaktikasi, patronaj va skrining xizmatlarini zamonaviy darajaga koʼtarish, aholini arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan taʼminlash tizimi samaradorligini oshirish birinchi darajali vazifamiz boʼlib qoladi. Jamiyatda sogʼlom turmush tarzini va tibbiy madaniyatni ommalashtirish boʼyicha ham jiddiy ish olib borishimiz zarur.
Toʼrtinchidan, bizning faoliyatimiz eng muhim konstitutsiyaviy qoidaga – ijtimoiy adolat tamoyilini taʼminlashga qaratilishi shart.
Ijtimoiy adolat – bu siyosiy qarashlari, jinsi, millati, tili va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar, qonun oldida barcha fuqarolarning tengligini taʼminlashdir. Bu – taʼlim, tibbiyot va boshqa sohalardagi imkoniyatlar tengligidir. Bu – kafolatlangan mehnat faoliyati erkinligi, mansab lavozimlari boʼyicha koʼtarilib borishdagi imkoniyatlar tengligidir. Eng muhimi, bu – keksa avlod vakillari va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar toʼgʼrisidagi gʼamxoʼrlikdir.
Jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyilini qaror toptirish borasidagi asosiy vazifamiz – bu adolatli qonunlar qabul qilishdan iborat.
Qisqacha aytganda, qonun adolatli boʼlsa, u inson huquqlarini amalda himoya qilsa, shundagina odamlar qonunni hurmat qiladi va unga itoat etadi.
Beshinchidan, fuqarolarning fikr, soʼz va eʼtiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash – rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir.
Biz bugun, demokratik oʼzgarishlar davrida mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy hayotida bevosita va faol ishtirok etish istagida boʼlgan fuqarolarimizning salohiyati toʼla namoyon boʼlishini taʼminlashimiz lozim. Bu borada koʼppartiyaviylik tizimi, partiyalararo bahs-munozara, fikrlar va dasturlar oʼrtasidagi raqobatni jadal rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
Ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va taʼsirchan vositasiga, xalqning eng yaqin koʼmakchisi va hamdardiga, demokratiya koʼzgusiga aylanishi zarur. Hokimiyat va boshqaruv organlari faoliyatiga tanqidiy va xolis baho berish, turli sohalardagi kamchiliklar, dolzarb muammolarni dadil koʼtarib chiqish ular faoliyatida asosiy mezon boʼlishi kerak.
Oltinchidan, bizning yana bir muhim vazifamiz – fuqarolar, davlat va jamiyat oʼrtasida oʼzaro masʼuliyat, huquq va burch bogʼliq ekaniga oid printsipni izchil amalga oshirishdan iborat.
Bu printsip mamlakatimiz oldida turgan muhim vazifalarni hal qilishda davlat va shaxs, davlat va fuqarolik jamiyati oʼrtasida samarali hamkorlikni taʼminlaydigan konstitutsiyaviy asosdir.
Biz barchamiz – fuqarolar ham, jamiyat ham, davlat ham Vatanimiz ravnaqi uchun, mamlakatimizda tinchlik-barqarorlikni mustahkamlash uchun, tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosimizni saqlash, boyitish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish uchun birdek masʼulmiz.
Yurtimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari oʼrtasidagi doʼstlik va totuvlik muhiti, oʼzaro hurmat va hamjihatlikni asrash va mustahkamlash maqsadida olib borayotgan ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz lozim.
Yettinchidan, tadbirkorlik faoliyatining erkinligi, xususiy mulk daxlsizligini amalda taʼminlash bundan buyon ham davlat siyosatida ustuvor yoʼnalish boʼlib qoladi.
Hech mubolagʼasiz aytish mumkinki, ana shu konstitutsiyaviy qoidaning izchil amalga oshirilishi ijtimoiy yoʼnaltirilgan bozor iqtisodiyotini jadal rivojlantirish boʼyicha olib borayotgan barcha ishlarimizning mazmun-mohiyatini belgilab beradi.
Biz iqtisodiyotimizni yanada erkinlashtirish, tadbirkorlarga keng yoʼl ochib berish siyosatini bundan keyin ham qatʼiy davom ettiramiz. Hal qiluvchi ahamiyatga ega bu sohani har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, uning oldida paydo boʼladigan toʼsiqlarni butunlay olib tashlash masalasi davlat rahbari sifatida mening doimiy eʼtiborim va nazoratimda boʼladi.
Yana bir bor alohida taʼkidlab aytmoqchiman: tadbirkor yoʼliga toʼsiq boʼlishni davlat siyosatiga xiyonat, deb qabul qilish kerak.
Sakkizinchidan, Oʼzbekiston Respublikasi oʼz hududida ham, mamlakat tashqarisida ham oʼz fuqarolarining huquqiy himoyasini kafolatlashi haqidagi konstitutsiyaviy qoidaning ijrosini soʼzsiz taʼminlashimiz shart.
Аfsuski, shu vaqtga qadar chet ellarda mehnat qilayotgan fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish masalasiga yetarlicha eʼtibor berilmadi, desak, bu ham adolatdan boʼladi.
Bugungi kunda yurtdoshlarimiz chet elda faqat qora mehnat bilan emas, ilm-fan, bank-moliya, axborot-kommunikatsiya texnologiya sohalarida faoliyat koʼrsatmoqda.
Аna shu holatni inobatga olib, xorijda qonuniy asosda mehnat qilayotgan, taʼlim olayotgan fuqarolarimizga boʼlgan munosabat bugungi kunda tubdan oʼzgarib borayotganini taʼkidlash zarur. Oʼzbekiston hukumati bundan buyon oʼz fuqarolarining huquq va manfaatlarini, ular qaerda boʼlishidan qatʼi nazar, har tomonlama himoya qiladi.
Bu ishlarni amalga oshirish yoʼlida birinchi qadamlarni boshladik. Rossiya bilan mehnat migratsiyasi boʼyicha kelishuvga erishildi. Oʼzbekistondan maxsus delegatsiyalar borib, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlar oʼtkazmoqda. Ularning mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilash, haq-huquqlarini taʼminlash boʼyicha mahalliy boshqaruv idoralari bilan birgalikda zarur chora-tadbirlar koʼrilmoqda.
Chet ellardagi yurtdoshlarimizga konsullik xizmatlari va boshqa xizmatlar koʼrsatish, ularning yurtimizga bemalol kelib-ketishlari, mamlakatimiz rivojiga oʼz hissasini qoʼshishlari uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Biz bu ishlarni kelgusida yanada kengaytiramiz.
Yana bir muhim masala – Konstitutsiya va qonun ustuvorligi hamda qonuniylik tamoyillarining soʼzsiz taʼminlanishi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning muhim kafolatidir. Biz bu fikrni yanada teran anglab olishimiz kerak.
Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya hamda qonun talablariga ogʼishmay amal qilish maʼnaviy saviyamiz, madaniyatimizning asosiy mezoniga aylanishi shart.
Biz jahon hamjamiyati bilan yaqin hamkorlikni izchil davom ettirishni oʼz oldimizga qoʼygan ulugʼ maqsadlarga yetishning eng muhim omili, deb bilamiz. Shu maqsadda dunyodagi barcha uzoq-yaqin davlatlar, birinchi navbatda qoʼshni mamlakatlar bilan samarali aloqalarimizni yanada kuchaytiramiz.
J.I.Badalov
Quyi Chirchiq tuman adliya boʼlimi boshligʼi