Янгиликлар
Konstitutsiya va shaxs daxlsizligi kafolati
Konstitutsiya va shaxs daxlsizligi kafolati
Insonparvarlik tamoyillariga asoslangan Asosiy Qonunimiz – O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganligiga ham yigirma besh yil to‘lish arafasida.
Albatta, inson manfaatlari ustuvor bo‘lgan yurtdagina yuksalish bo‘ladi, bunday davlat fuqarosi har tomonlama barkamol bo‘lib, vatan uchun, xalq uchun joni-jahonini fido qilishga doimo tayyor bo‘ladi.
Inson huquqlari muammosi bugungi kunda insoniyat oldida turayotgan eng dolzarb muammolardan biridir. Aynan inson huquqlarining ta’minlanganganlik darajasi bilan davlatning demokratik rivojlanganlik darajasi o‘lchanadi, inson huquqlari muayyan bir mamlakatda demokratik-huquqiy davlat barpo etish siyosatining o‘ziga xos barometridir. Zero, inson huquqlarini ta’minlash jamiyatning barcha jabhalardagi taraqqiyotning asosi, chunki inson huquqlari ta’minlangan jamiyatda raqobat muhiti paydo bo‘ladi hamda ijobiy o‘zgarishlar va yangilanishlar sur’atlari jaddalashadi hamda pirovardida demokratik huquqiy davlat qurish bo‘yicha strategik maqsadga erishiladi.
Birinchi Prezidentimiz I.Karimov rahnamoligida mustaqil respublikamizning Konstitutsiyasini yaratishda jahondagi taraqqiy topgan mamlakatlarning tajribalaridan keng foydalanilganligi, shuningdek xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalariga amal qilinganligi, Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasida belgilangan insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquqlarining Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topganligi Konstitutsiya loyihasining xalq tomonidan keng muhokama qilinib, kelib tushgan takliflar e’tiborga olingan holda qabul qilinganligining o‘zi uning inson huquq va manfaatlarining ustuvorligini kafolotlovchi Konstitutsiya deyishga to‘liq asos bo‘la oladi.
Konstitutsiyaviy-huquqiy taraqqiyotimizning yana bir muhim jihati – davlatimiz rivojlanishida insonparvarlik tamoyillari tobora mustahkamlanib, jinoiy jazolarni liberallashtirish, ijtimoiy adolat, jazoning muqarrarligini ta’minlashga erishish borasida salmoqli yutuqlarga erishganimizdir. Bu borada mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq islohotlari inson huquqlarini ta’minlashning muhim kafolati sifatida namoyon bo‘ladi.
Muxtasar aytganda, inson huquqlariga oid xalqaro prinsip va standartlarni o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalari va prinsiplari milliy qonunchilik negizini tashkil etdi hamda yurtimizda inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning barqaror huquqiy asoslarini yaratishda mustahkam poydevor bo‘ldi.
Jo’shqin BADALOV
Quyichirchiq tuman adliya bo’limi boshlig’i