Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

O‘zbekiston Konstitutsiyasi


      O‘zbekiston Konstitutsiyasi

 

Ma’lumki, davlat va jamiyat hayotida ba’zi bir narsalar bo‘ladiki, u Vatanimiz kabi yagonadir: bayrog‘imiz bitta, gerbimiz bitta, madhiyamiz bitta, shu qatori Konstitutsiyamiz ham bitta. Bularning har biri o‘z timsolida ona Vatanimiz, xalqimizning ezgu-maqsadlarini o‘zida aks ettiradi. Shu ma’noda Konstitutsiyamiz har bir fuqaro uchun bayrog‘imiz, gerbimiz, madhiyamiz kabi muqaddasdir.

Bosh qomusimiz qabul qilinishidan maqsad va vazifalarga e’tibor beradigan bo‘lsak, muqaddimasida mamlakatimiz fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga intilish, demokratik huquqiy davlat barpo etish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida Konstitutsiya qabul qilinganligi qayd etilgan. Ya’ni Konstitutsiyamizning asosiy mohiyati insonga munosib hayot sharoitlari yaratish, uni baxtli qilishdan iborat.

Yana muhim hamda xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etiladigan xususiyat – bu Konstitutsiyaning “O‘zbekiston xalqi” deb boshlanishidir. Bunday jumlalarni boshqa biron bir qonunda uchratmaymiz. Buning o‘zi ham xalq hokimiyatchiligining yorqin dalolati.

Konstitutsiyamizda inson manfaatlari ustun qo‘yilgan. Asosiy qonunimizni sinchiklab o‘rgangan har bir shaxs bevosita guvohi bo‘ladiki, uning butun mazmun-mohiyati insonga xizmat qilishga yo‘g‘rilgan. Konstitutsiyamizning biron bir joyida “davlatning huquqi” yoki “fuqarolar davlat hoxish-irodasini bajarishi shart” qabilidagi qoidalar uchramaydi. Aksincha, Asosiy qonunimizda “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar”, “Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi” kabi davlatning majburiyatlarini uchratamiz.

Konstitutsiyamiz o‘zining insonparvarligi bilan ham ajralib turadi. Unga ko‘ra voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir. Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantiradi.

Qayd etish joizki, dunyodagi eng rivojlangan davlatlar Konstitutsiyalari bilan raqobatlashadigan Konstitutsiyani ishlab chiqish va qabul qilish masalaning bir jihati. Masalaning boshqa bir muhim tomoni, qabul qilingan hujjatni hayotimizga samarali tatbiq etishda namoyon bo‘ladi. Bu Konstitutsiyada ko‘zlagan maqsadlarimizning eng muhim shartidir.

Qadimdan huquqshunoslikda “huquq, qonun hushyor, ogoh, g‘ayratli odamlar uchun yoziladi, g‘aflatda qolganlar uchun emas. Kim huquqlaridan foydalanmasa, ko‘rgan zarari uchun o‘zi aybdor” degan qarashlar mavjud.

Shunday ekan, Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda kafolatlangan huquqlardan har birimiz o‘z o‘rnida foydalana olsak, hamisha, har yerda huquqlarimiz ta’minlanishiga erishamiz.

 

Abdulaziz KAZIMBAYEV

Quyichirchiq tuman adliya bo’limi yetakchi maslahatchisi.