Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Eng yuksak insoniy qadriyatlar qomusi


Eng yuksak insoniy qadriyatlar qomusi

 

1992-yil 8-dekabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimizning, davlatimizning dunyodagi mavqei, istiqbolini huquqiy jihatdan mustahkamlagan va kafolatlagan muhim hujjat bo‘ldi.

 

1990-yil 20-iyun kuni Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qilish jarayonida O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasini yaratish taklifi ilgari surildi. Shu maqsadda Konstitutsiya komissiyasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislarni o‘zida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi.

Konstitutsiya – qonunlarga asos bo‘luvchi, davlatning huquqiy maqomini belgilovchi muhim hujjatligi bois uni yaratish oson kechmagan.

1992-yil 8-dekabr kuni Bosh qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan e’tiboran, 8 dekabr – umumxalq bayrami, deb e’lon qilindi.

Konstitutsiyaning qabul qilinishi ijtimoiy va davlat qurilishining barcha jabhalaridagi munosabatlarni, milliy qonunchiligimizning barcha sohalarini tartibga soluvchi aniq huquqiy tizimni tashkil etdi.

Konstitutsiya yaratilishi va qabul qilingunigacha bo‘lgan barcha jarayonlarda Birinchi Prezidentimizning doimiy e’tibori, fikr-mulohazalari, talabchanligi alohida o‘rin tutdi. Shuning uchun ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev alohida qayd etganidek, Islom Karimovni haqli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muallifi, deb e’tirof etish uchun barcha asoslarga egamiz.

Darhaqiqat, Bosh qomusimizning muhim g‘oyasi – bu hayot gultoji bo‘lgan insonni qadrlashga, uning manfaatlarini muhofazalashga qaratilgan. Bu davlatimiz siyosatida insonparvarlik prinsipi ustuvorligining yaqqol namunasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki mustaqillikkacha bo‘lgan davrda, ya’ni sobiq tuzumda davlat manfaatlari barcha narsadan ustun qo‘yilganini yodga olsak, bugungi maqsad-muddaolarimiz ezguligi, Konstitutsiyamiz esa eng yuksak insoniy qadriyatlar mujassamlashgan xalqchil qomus ekanligi oydinlashadi.

Asosiy qonunimizda e’tirof etilganidek, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi.

Ushbu konstitutsiyaviy tamoyillar va ularning amalda ta’minlanayotgani tufayli yurtimizda har bir inson o‘zini himoyalangan his etadi. Tinch va farovon hayot kechirmoqda. Aholining o‘z muammo va tashvishlari bilan davlat organlariga murojaat etishi uchun imkoniyatlar Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida yanada kengaydi.

Bosh qomusimizning ko‘plab boshqa mamlakatlar Konstitutsiyalaridan farqli o‘laroq o‘ziga xos xususiyatini ko‘rsatuvchi asosiy jihatlardan biri – bu unda saylov tizimiga bag‘ishlangan maxsus bob ajratilganidir.

Mamlakatimiz saylov qonunchiligi asosini Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt va O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan boshqa xalqaro huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan va jahonda e’tirof etilgan muhim demokratik prinsiplar tashkil qiladi. Aksariyat xorijlik mustaqil ekspertlar bugungi kunda O‘zbekiston saylov qonunchiligi demokratiyaga muvofiqlik darajasi bo‘yicha dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlarining saylov to‘g‘risidagi qonunlaridan ustundir, deb e’tirof etmoqda.

Xulosa qilib aytganda, hayotimiz qomusida mustahkamlangan tamoyillar amalga izchil tatbiq etilayotgani tufayli mamlakatimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lgan huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etilmoqda. Davlatimiz xalq farovonligini, uning hayot sifatini va darajasini muttasil oshirib borish, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallash yo‘lida olamshumul yutuqlarga erishmoqda.

 

Abdulaziz KAZIMBAYEV

Quyichirchiq tuman adliya bo’limi yetakchi maslahatchisi.