Янгиликлар
Hujjatlar va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari Konstitutsiyaga muvofiq boʼlishi shart
Hujjatlar va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari Konstitutsiyaga muvofiq boʼlishi shart
Konstitutsiyamiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, Oʼzbekistonning xalqaro maydonda munosib oʼrin egallashida mustahkam poydevor boʼlib xizmat qilmoqda.
Konstitutsiya shaxs, jamiyat va davlat oʼrtasidagi munosabatlarda oʼzaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi.
Bosh qomusimiz, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini eʼtirof etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.
Sohibqiron Аmir Temur “Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yoʼqoladi”, deb taʼkidlagan. Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash biz bunyod etayotgan demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanadi.
Har qanday demokratik islohotlar samarasi, tinchlik va taraqqiyotning asosiy garovi ham Konstitutsiya va qonun ustuvorligi taʼminlanishi bilan bevosita bogʼliq.
Qonun ustuvorligi – bu davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari chiqarayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq boʼlishi shart, deganidir.
Yoshlarni qonunlarga itoatkorlik ruhida tarbiyalash, maktab davridan ularda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni rivojlantirish eng muhim masalalardan biri boʼlib turibdi. Fuqarolarda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni rivojlantirishni, albatta, birinchi navbatda Konstitutsiyada belgilangan normalarni bilishdan boshlash maqsadga muvofiq boʼladi.
Konstitutsiyaning 15-moddasida, shunday normalar mavjud:
– Oʼzbekiston Respublikasida Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʼzsiz tan olinadi;
– Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish koʼradilar.
Koʼrinadiki, har bir shaxsda qonunlarga va odob-axloq qoidalariga hurmat bilan qarashni shakllantirish Konstitutsiyada ham belgilab qoʼyilgan.
Konstitutsiya deganda nimani tushunamiz? Konstitutsiya – davlatning asosiy qonuni hisoblanadi. Konstitutsiya davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning oʼzaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning oʼzaro munosabatlarini belgilab beradi.
Oʼzbekiston Konstitutsiyasi Sharq va Gʼarb, Janub va Shimolning 97 ta mamlakati toʼplagan ilgʼor konstitutsiyaviy tajribani hisobga olib yaratilgan. Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini tayyorlash, muhokama etish, qabul qilish va uning amal qilishi yoʼlidagi 10 ta huquqiy qadamni esa eng muhim tarixiy voqealar sifatida sanab oʼtish mumkin.
Konstitutsiyani yaratish yoʼlidagi birinchi huquqiy qadam – Oʼzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi, ikkinchi huquqiy qadam – Prezidentlik instituti taʼsis etilishi va yangi davlat ramzlarini tayyorlash boʼyicha komissiya tuzilishi bilan bogʼliqligi, uchinchi huquqiy qadam – “Mustaqillik deklaratsiyasi”ning eʼlon qilinishi, toʼrtinchi huquqiy qadam – Konstitutsiyaviy komissiyaning tashkil etilishi, beshinchi huquqiy qadam – Birinchi Prezidentimizning Hindistonga 1991 yilgi tashrifi bilan chambarchas bogʼliqligi, oltinchi huquqiy qadam – Davlat mustaqilligining eʼlon qilinishi, yettinchi huquqiy qadam – 1991 yil 29 dekabrda Prezident saylovi va Davlat mustaqilligi toʼgʼrisidagi referendumning oʼtkazilishi, sakkizinchi huquqiy qadam – birinchi Konstitutsiya loyihasining ilk bor matbuotda umumxalq muhokamasi uchun eʼlon qilinishi, toʼqqizinchi huquqiy qadam – Konstitutsiya loyihasining ikkinchi marta matbuotda umumxalq muhokamasi uchun eʼlon qilinishi, oʼninchi huquqiy qadam – Konstitutsiya loyihasining qabul qilinishi boʼlganini alohida taʼkidlab oʼtish joiz.
Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasi Oʼzbekiston xalqining irodasini bevosita aniqlash, shuningdeq muhokama davomida toʼplangan boy materiallarni har tomonlama chuqur oʼrganish va umumlashtirish, uni davlatning mujassam Аsosiy Qonuni sifatida ifodalash imkonini berdi.
Respublikamizda davlat hokimiyati xalq manfaatlarini koʼzlab, Konstitutsiya hamda uning asosida qabul qilingan qonun-qoidalar vakolat berilgan idoralar tomonidan amalga oshirilishi, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etilishi, respublikada demokratiya umuminsoniy tamoyillarga asoslanishini, ularga koʼra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, Oʼzbekiston Respublikasida Konstitutsiya va qonunlarning soʼzsiz tan olinishi kabi munosabatlar oʼz aksini topgan. Shuning uchun ham eng oliy qadriyat — inson, uning hayoti, qadr-qimmati toʼgʼrisidagi tamoyil Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qyilgan.
Konstitutsiyamizda fuqarolarini nafaqat Oʼzbekiston hududida, balki uning tashqarisida ham huquqiy himoya qilish va ularga homiylik koʼrsatish, ularning yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi ekanligi, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emasligi, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita oʼz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanligi, mulkdor boʼlish, mehnat qilish, dam olish, bilim olishi kafolatlangan.
Konstitutsiyaning barcha printsiplari va qoidalarini hayotimizga joriy etish ularning mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetishdan boshlanadi. Shu bois, Аsosiy Qonunimizning tub maʼno-mazmuni asosida Konstitutsiya qoidalarini hayotimizning tarkibiy qismiga aylantirish barcha davlat idoralari, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning oʼta masʼuliyatli vazifasi, sharafli burchidir.
Аbdulaziz Kazimbev
Quyi Chirchiq tuman adliya boʼlimi Yetakchi maslahatchisi