Янгиликлар
Davlat va jamiyat o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik
Davlat va jamiyat o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik
Vijdon erkinligi – insoniyatning maʼnaviy yuksalishida muhim o‘rin tutgan omillardan sanaladi. Aynan u umumbashariy qadriyatlar, insonning asosiy huquq va erkinliklarining ajralmas qismidir. Zero, inson so‘zdagina emas, amalda oliy qadriyat bo‘lgan, uning huquq va erkinlari esa davlat faoliyatining mazmuni va asosiy vazifasi hisoblangan joydagina maʼnaviy va moddiy farovonlik, tinchlik va totuvlik hukm suradi. Shu jihatdan yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun aynan jamiyatimiz ravnaqiga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Shunisi eʼtiborliki, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririda O‘zbekistonda huquqning ushbu sohasida shu paytgacha maʼlum darajada mavhum bo‘lib kelgan ko‘plab tushunchalarga aniqlik kiritilgan. Qolaversa, unda vijdon erkinligi meʼyorlari aniq ko‘rsatilib, fuqarolarning xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqi belgilandi.
Qonunning asosiy jihatlaridan yana biri - unda diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish tizimi soddalashtirilganidir. Xususan qonunning tegishli moddasida mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobarga kamaytirilib, 50 nafardan kam bo‘lmagan holda etib belgilandi.
Xulosa o‘rnida aytish kerakki, insoniy jamiyatlar alohida tamaddunlar, yaʼni sivilizatsiyalar negizida, muayyan qadriyatlar tizimi poydevorida tashkil topdi. Ularning barchasida umumiy foyda uchun harakat qilish, ota-onani ulug‘lash, oilaviy rishtalarni mustahkamlash kabi bashariyat uchun umumiy hisoblangan qadriyatlar mavjud. Shu tariqa, dinlar maʼnaviyat va axloq meʼyorlarini belgiladi. Mazkur qonun davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar takomillashuviga, ijtimoiy taraqqiyotimiz jadallashuviga va pirovardida dinlararo totuvlikka xizmat qiladi. Zero, insonga xos halollik, adolatparvarlik, boshqalarga ozor bermaslik, qonunlarga itoatkorlik kabi eng oliy qadriyatlar aynan diniy manbalardan ildiz olib, rivojlangan. Demak, ushbu poydevor to‘laqonli fuqarolik jamiyatining rivojlanishi, huquq tizimini yana-da takomillashtirishga xizmat qiladi.
Bekobod shahar adliya bo`limi Yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuristkonsulti: F.R.Mamatov