Янгиликлар
Muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish tartibi
Muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish tartibi
O‘zbekiston Respublikasining 2002 yil 12 dekabrdagi “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi 436-II-sonli Qonunining 21-moddasiga asosan Chaqiriluvchilarning muddatli harbiy xizmatga, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish hududiy komissiyaning qarori asosida ularning oilaviy sharoitiga ko‘ra, salomatligiga ko‘ra, o‘qishni davom ettirishi uchun amalga oshiriladi.
Chaqiriluvchilarning muddatli harbiy xizmatga va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini oilaviy sharoitga ko‘ra kechiktirish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
1) chaqiriluvchining ota-onasi mehnatga qobiliyatsiz bo‘lib, ularni boqishi shart bo‘lgan mehnatga qobiliyatli voyaga yetgan boshqa o‘g‘li bo‘lmasa. Ota-onaning mehnatga qobiliyatsizligi qonunchilikka muvofiq aniqlanadi;
2) chaqiriluvchining mehnatga qobiliyatli yolg‘iz onasi yoki otasi bo‘lib, ularning qaramog‘ida o‘n olti yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq farzandi bo‘lgani holda mehnatga qobiliyatli voyaga yetgan boshqa o‘g‘li bo‘lmasa;
3) chaqiruv kunida chaqiriluvchining tug‘ishgan aka-ukalaridan biri muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan bo‘lsa;
4) chaqiriluvchining onasiz tarbiyalanayotgan voyaga yetmagan bir farzandi bo‘lsa;
5) chaqiriluvchining birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan xotini va voyaga yetmagan ikki va undan ortiq farzandi bo‘lsa.
Chaqiriluvchini uning ota-onasi vafot etganligi, ular uzoq muddat betobligi munosabati bilan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra kamida besh yildan beri o‘z qaramog‘ida saqlayotgan shaxslar uning ota-onasiga tenglashtiriladi.
Ushbu modda ikkinchi qismining 1-bandida ko‘rsatilgan chaqiriluvchilar o‘z roziligi va ota-onasining (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) roziligi bilan harbiy xizmatga chaqirilish muddati kechiktirilmagan holda chaqirilishi mumkin.
Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan chaqiriluvchilar, shuningdek oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi o‘qishda tahsil olayotgan talabalar o‘qishni davom ettirishlari uchun ularning chaqirilish muddati o‘qishni tamomlagunlariga qadar kechiktiriladi.
Oliy ta’lim muassasalaridagi ta’limning kunduzgi va kechki shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘z roziligi bilan safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olinishi mumkin. Bunda talabalar bir oylik harbiy yig‘inlarni o‘tashga iyul-avgustda jalb etiladi.
Ta’lim muassasalaridan o‘qishdan chiqarilgan shaxslar chaqirilish muddatini kechiktirish huquqidan mahrum bo‘ladilar.
Chaqirilish muddatini kechiktirish asoslarini yo‘qotgan chaqiriluvchilar, shuningdek ushbu Qonunga muvofiq chaqirilish muddatini kechiktirish huquqiga yoxud chaqirilishdan ozod etish uchun asoslarga ega bo‘lmagan va turli sabablarga ko‘ra muddatli harbiy xizmatga yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilmagan shaxslar chaqirilish kuni yigirma yetti yoshga to‘lguniga qadar Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi chaqiruv paytida chaqiriladilar.
Bekobod shahar Adliya bo‘limi
YUXKM bosh yuriskonsulti J.Norqo‘ziyev