Янгиликлар
OB-HAVO NOQULAY KELGANLIGI SABAB ISHGA KECh QOLGAN XODIMLARNI JAZOLASH TOʻGʻRIMI?
OB-HAVO NOQULAY KELGANLIGI SABAB ISHGA KECh QOLGAN XODIMLARNI JAZOLASH TOʻGʻRIMI?
Ayni vaziyatdagi ob-havo sabab xodimlarning oʻzi xohlamagan holatda ish joyiga kechikib kelayotganini hisobga olib hamkorimiz Saidali Muxtoraliyev quyidagilarni yozmoqda: Bugundan qish haqiqiy qishligini boshladi. Qalin qor. Transport, ayniqsa, jamoat transporti harakatlarida jiddiy noqulayliklar yuzaga kelmoqda. Avtomobillarga gaz qoʻyish shaxobchalari toʻxtab qolgan. Turgan gapki, bunaqangi sharoitda ishchi va xizmatchilar ishxonaga oʻz vaqtida kelishlari qiyin boʻladi.
Faraz qiling, bir tashkilotda 10 daqiqa kech qolgan xodimdan tushuntirish xati olib, unga jarima qoʻyishmoqchi bo`lyapti. Shunday vaziyatlarda amaldagi Mehnat kodeksining 182-moddasidagi mana bu qoidalarga qarab qoʻyaylik:
➖intizomiy jazoni qoʻllanishda sodir etilgan nojoʻya xatti-harakatning qay darajada ogʻir ekanligi, “shu xatti-harakat sodir etilgan vaziyat” xodimning oldingi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi.
Yaʼni, bu yerda intizomiy jazo haqida oʻylashdan oldin, “shu xatti-harakat sodir etilgan vaziyat” degan omilga ham qarash kerak. Hamda qalin qor yoqqani va noqulay ob-havo sababli transport qatnovida qiyinchilik yuzaga kelganligi uchun ishga kech qolgan xodimlarga intizomiy jazo qoʻllamaslik kerak.
Albatta, ishga kech qolgan xodimlardan tushuntirish xati olinishi qonuniy talab, biroq xodimlar ham uzrli sabab sifatida noqulay ob-havo va shuning hisobiga yuzaga kelgan qiyinchiliklarni keltirishlari mumkin. Bunaqangi holatlarda rahbarlar ham koʻngillarini biroz kengroq qilganlari maʼqul deb oʻylaymiz.
Xullosa qilib aytganda, hozirgidek ob-havo sabab ishga kech qolgan xodimlarga intizomiy jazo qoʻllamaslik eng toʻgʻri yoʻl deb hisoblaymiz. Aksincha, bu vaziyatni hisobga olmagan ish beruvchilarning harakatlarini oqlash insofdan boʻlmaydi.
Yuqori Chirchiq tuman adliya bo`limi boshli`g`i O.Buriyev