Янгиликлар
AYoLGA E’TIBOR
AYoLGA E’TIBOR
Har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va ma’naviy barkamolligi ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanadi. Shu jihatdan yurtimiz dunyoda o‘ziga xos o‘ringa ega desak, xato bo‘lmaydi.
Shuning uchun ham mustaqillik yillarida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ular uchun munosib mehnat va turmush sharoitini yaratib berish, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Shu asosda onalik va bolalikni himoyalash, oila institutini qo‘llab-quvvatlash, ayollarning og‘irini yengil qilish, ularning jamiyat hayotidagi nufuzini oshirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.
Mo‘tabar ayol zoti haqida so‘z yuritar ekanmiz, Ona siymosi ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Muqaddas degan so‘zga eng munosib zot esa, bu avvalo, onadir. Xalqimiz ona siymosini doimo ulug‘lab, ardoqlab yashaydi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, biz Ona timsolida Vatanimizni, uning go‘zal va betakror qiyofasini ko‘ramiz. "Ona Vatan" degan ibora bejiz aytilmagan, bunda chuqur ma’no bor. Ayolni e’zozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat hisoblanadi. Biz, barchamiz qanday kasb, qanday lavozimda ishlamaylik, qalbimiz, yuragimizdagi jamiki ezgu fazilatlar uchun siz, mehribon ayollardan umrbod qarzdormiz.
Bugungi kunda O‘zbekiston xotin-qizlari hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida o‘zlarini to‘la namoyon etib kelmoqda.
Davlat va boshqaruv idoralari, vakillik organlarida, ishlab chiqarish, tadbirkorlik va fermerlik tarmoqlarida, ijtimoiy sohalarda samarali mehnat qilib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasida qayd etganidek, "Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda. Yangi Parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga ko‘paydi".
Haqiqatan ham, Oliy Majlisga bo‘lib o‘tgan oxirgi saylovlar natijasida birinchi marotaba O‘zbekiston parlamentida ayollar soni bo‘yicha BMT tavsiyalari to‘liq bajarildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi va "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlar qabul qilindi.
Xotin-qizlarning hukumat va jamiyatdagi rolini oshirish, ularning bandligini ta’minlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va muhtoj ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani ham ayollarga bo‘lgan munosabatning yuqori darajasidan dalolatdir.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlarning bilim olish imkoniyatlari yanada kengaytirilib, oliy ta’lim muassasalariga davlat grantlari ajratildi.
Barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari faoliyati tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi hamda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi faol ishlamoqda. Yanada muhimi, Prezidentimiz parlamentga taqdim etgan Murojaatnomasida Senat Raisi rahbarligida Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etish vazifasini kun tartibiga qo‘yildi.
Bugungi kunda 1 ming 400 nafarga yaqin ayol respublika va viloyatlar, 43 mingdan ziyodi tuman va shaharlar darajasidagi rahbarlik lavozimlarida ishlab kelmoqda. Ushbu dalil va raqamlarning o‘zi ham yurtimiz ayollarining jamiyatda haqiqiy o‘rnini egallab borayotganining isbotidir.
Shonli tariximiz zarvaraqlarida To‘maris va Bibixonim, Gulbadanbegim va Zebunniso, Nodirabegim va Anbar otin kabi oqila momolarimizning muborak nomlari manguga muhrlangan. Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy "Nasoyim ul-muhabbat" tazkirasining "Erkaklar martabasiga yetgan orif ayollar zikri" nomli faslida moziydan to o‘z davrigacha yashab o‘tgan yoki o‘ziga zamondosh bo‘lgan islom olamida mashhur 35 nafar shayx, orifa xotin-qizlarning ruhiyati, shariati, tariqati, ijodlari xususida lavhalar bitgan.
Alisher Navoiy bobomizning "Farhod va Shirin" dostonida ta’riflangan 10 nafar olima qiz, jumladan, mantiq ilmida tengsiz Diloso, astronom Gulandom, faylasuf Sumanbo‘y, hikmat fani bilimdoni Parizod obrazlari ham real hayotdan olingan. Ularning prototipi hazratga zamondosh bo‘lgan zakiy momolarimizdir. Shunday ekan, bugun zamondoshlarimiz bo‘lgan oqila va zukko xotin-qizlarni qadrlash hamda ulug‘lash biz uchun ham qarz, ham farzdir.
Bugun zamonning o‘zi barchamizdan yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasidagi islohotlarning nafaqat ishtirokchisi, balki tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishni, boshqalarga namuna ko‘rsatishni talab etmoqda.
Davlatimiz rahbari "Oliy ma’lumotli bo‘lishni istagan, qobiliyati, bilimi bor, lekin taqdir taqozosi bilan orzusiga erisha olmagan xotin-qizlarni rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi. Ya’ni, ota-onasining biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning shartnoma to‘lovi hokimlik va oliy o‘quv yurti hisobidan qoplab beriladi. Bu yangi tizim. Ilgari bunday qilolmasdik. Endi imkoniyat bor", deb ta’kidladi.
Mamlakatimiz aholisining qariyb yarmi — 17 millioni xotin-qizlardir. Shu ma’noda, qizlarning sifatli ta’lim olishi, kasb egallab, ishli bo‘lishi uchun katta imkoniyatlar yaratilgani natijasida bugungi kunda talabalarning 48 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani diqqatga sazovor.
Bugungi kunda mamlakatimiz ilmiy-ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan fan doktorlari va akademiklarning ko‘pchiligi ayollardir.
Ayniqsa, kimyo, biotexnologiya, qishloq xo‘jaligi kabi sohalardagi olimalarning intellektual mehnati samaralari nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham yuksak baholanmoqda. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi ilmiy institutlarda qariyb 3 ming nafar xotin-qizning tadqiqot bilan shug‘ullanayotgani esa, yangi natijalardan darak beradi.
Ayni chog‘da yurtimiz va xorijiy mamlakatlardagi mashhur olimalarning ta’lim, ilm-fan sohalaridagi ibratli tajriba hamda yutuqlari bilan tanishish, ilmiy an’analar borasida fikr almashish, xotin-qizlarimizning salohiyatini ilmiy-innovatsion faoliyatga rag‘batlantirish va keng jalb qilish bo‘yicha aniq maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasida so‘zlagan tarixiy nutqida, gender tenglik siyosatiga doir yangi tashabbuslarni ilgari surgani bejiz emas. Darvoqe, davlatimiz rahbari xotin-qizlarning davlat va jamiyat oldidagi fidokorona xizmatlari, o‘z sohalarida erishgan yutuqlarini rag‘batlantirish uchun O‘zbekistonda alohida davlat mukofotini ta’sis etish taklifini ham bildirdi.
Shu bilan birga, yurtimizda ayollarning tadbirkorligi, tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanayapti.
Xulosa qilib aytganda, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarga mos holda, onalarimiz, opa-singillarimiz, umr yo‘ldoshlarimiz, qizlarimizning jamiyatdagi o‘rni va mavqei yanada oshirilib, izzat-ikromi joyiga qo‘yil-moqda. Zotan, ayolni e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos buyuk fazilat bo‘lib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, "Ayolga bo‘lgan hurmat-e’tibor — bu avvalo oilaga, jamiyat kelajagiga bo‘lgan hurmat-e’tibor ifodasidir".
Yuqori Chirchiq tuman adliya
Bo‘limi bosh maslahatchisi Erkin Eshonboboev