Янгиликлар
Korruptsiyaga qarshi kurash boʼyicha milliy va xalqaro tajriba
Korruptsiyaga qarshi kurash boʼyicha milliy va xalqaro tajriba
“Korruptsiya bilan hech qachon maqsadimizga erisha olmaymiz”
Sh.Mirziyoyev
Korruptsiya soʼzi lotincha “buzish”, “aynish” degan maʼnolarni anglatadi. Biror mansabdor shaxsning qonunchilikka va axloqqa zid ravishda oʼzining boshqaruv vakolatlari va huquqlaridan shaxsiy manfatlar maqsadida foyda olishidir. Korruptsiya atamasi odatda siyosiy apparatga nisbatan ishlatiladi. Mansabdor shaxslarni sotib olish, ularning poraga sotilishi ham korruptsiya deyiladi. Xalqaro darajda 1970 yilda Yaponiyaga samolyotlar sotishda kompaniya tomonidan oily davlat amaldorlarini sotib olish boʼyicha “Lokxid ishi” eng yirik korruptsiya koʼrinishlariga misol boʼladi.
Korruptsiyaning eng keng tarqalgan turlariga poraxoʼrlik, firibgarlik, tovlamachilik, nepotizm kiradi. Bunday jinoyatlarning koʼplab sodir etilishi iqtisodiyotni zaiflashtirib, siyosiy boshqaruvni izdan chiqarishi va fuqarolarni davlat tizimi va siyosiy tizimlarga nisbatan ishonchsizligini keltirib chiqarishi mumkin. Mustaqillikga erishganimizdan keying davrda ushbu turdagi jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan qator normativ huquqiy hujjatlar qabul qilingan, unga qarshi kurashuvchi davlat idoralari, ularning tarkibiy tuzilmalari tashkil etilgan boʼlsada, unga qarshi kurashish koʼngildagidek boʼlayotgani yoʼq tom maʼnoda korruptsiyaviy jinoyatchilik ildiz otib, miqdori kun sayin oshib bormoqda. Eng xatarlisi esa odamlarni bunday holga nisbatan befarqligi, unga oddiy holat sifatida munosabatda boʼlishidir. Chuqurroq oʼylab qarasak korruptsiya va unga bogʼliq boʼlgan iqtisodiy jinoyatchilik davlatlarning bugungi iqtisodiy va siyosiy vaziyatida taraqqiyotga toʼsqinlik qiluvchi asosiy xavf manbai, xavfsizlikka tahdid hisoblanadi.
Bugungi kunda har bir davlatda korruptsiyaga qarshi kurash davom etmoqda. Har bir davlat va jamiyat korruptsiyaga qarshi kurashish yoʻlini oʼzi tanlaydi, aniqrogʼi, qanday yoʻl toʼgʼri ekanini hayot koʼrsatadi. Qonunda korruptsiyaga qarshi kurashni keng qamrovda olib borish choralari koʼzda tutilgani, bu borada har bir masalaga alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emas.
Mamlakatimizda ham korruptsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, uning oldini olishning mustahkam huquqiy bazasi va aniq tizimi yaratilgan. Oʼzbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvardagi “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisida”gi Qonuni, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Qonun qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisidagi 2017 yil 2 fevraldagi PQ-2752-sonli qarori hamda 2017-2018 yillarda Korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida barcha davlat va xoʼjalik boshqaruvi organlari, korxona va muassasalarda davra suhbatlari, seminar va muloqotlar oʼtkazilmoqda.
Mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurash sohasida mustahkam huquqiy asos yaratilgan. Xususan, 1997 yilda qabul qilingan Oʼzbekiston Respublikasining “Milliy xavfsizlik konsepsiyasi”da korruptsiya mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdidlardan biri deya eʼtirof etilgan. «Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi»da ham korruptsiyaga qarshi kurashish nuqtalari belgilangan. Mamlakatimiz 2008 yil 7 iyulda BMTning “Korruptsiyaga qarshi kurash” toʼgʼrisidagi konventsiyasiga qoʼshilgan. 2017 yil 8 sentabrda qabul qilingan Prezident farmoni bilan tasdiqlangan Maʼmuriy islohotlar kontseptsiyasiga muvofiq davlat boshqaruvini isloh qilish natijasida takrorlash va parallelizmni tugatish orqali davlat boshqaruv tizimini optimallashtirishga erishish maqsad qilib qoʼyilgan . Mazkur farmon natijasida bir-birini takrorlovchi, umumiy vazifa va maqsadlari bir xil boʼlgan organlar birlashtirildi yoki ularning vazifalari yangidan alohida tuzilma tashkil qilinib, shunga oʼtkazildi. Davlatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar barcha sohalarni qamrab olayotgani bois kontseptsiyaga muvofiq davlatning korruptsiyaga qarshi kurash siyosatini amalga oshiruvchi organlar faoliyatini qayta koʼrib chiqkan holda optimallashtirish masalasi ham yuzaga keldi. Аna shu maqsadlarni amalga oshirish uchun 2019 yil 27 mayda qabul qilingan “Oʼzbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Prezident farmonida ham maxsus komissiya zimmasiga huquqni muhofaza qilish organlarining korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini, shu jumladan umum eʼtirof etilgan xalqaro standartlar va chet el ijobiy tajribasini inobatga olgan holda ushbu faoliyatni tashkil etish va mazkur yoʼnalishdagi funktsiyalarini optimallashtirishda yagona yondashuvlarni joriy etish orqali tubdan takomillashtirish boʼyicha takliflarni ishlab chiqish boʼyicha topshiriq berilgan edi.
Prezidentimiz 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisga yoʼllagan murojaatnomasida shu xususda toʼxtalib, parlament va Prezidentga hisob beradigan, korruptsiyaga qarshi kurashishda masʼul boʼladigan alohida organ tuzishni taklif qildi . Shu munosabat bilan korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha alohida davlat organi tashkil etish masalasi jamoatchilikning qizgʼin muhokamasidan oʼtganidan soʼng Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 martda qabul qilingan “2017-2021 yillarda Oʼzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʼnalishi boʼyicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʼgʼrisida” gi farmonida ham aks etdi .
Koʼrinib turibdiki, hozirgi kunda davlatimizda korruptsiyaga qarshi kurash sohasida yangi islohotlar amalga oshirishga obʼektiv zarurat mavjud. Chunki korruptsiyaga qarshi kurashish faoliyatini tartibga soluvchi yetarli huquqiy baza mavjud boʼlsa-da, korruptsiyaning oldini olishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy mexanizmlar mukammal emas. Shu nuqtai nazardan korruptsiyaga qarshi kurashuvchi organlarning funktsiyalarini optimallashtirgan holda korruptsiyaga qarshi kurashuvchi alohida organ orqali korruptsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarining samaradorligini oshirish imkoniyati mavjud. Biroq buning uchun, avvalo, korruptsiyaga qarshi kurashuvchi organning faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy asoslarni har jihatdan mukammal qilib ishlab chiqish lozim.
Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib, Oʼzbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarning yanada samarali boʼlishi uchun, shuningdek, bu sohada ilgʼor xorijiy tajribaga murojaat qilgan holda qonunchilikni takomillashtirish maqsadida yangi tashkil etiladigan organning faoliyati yuzasidan quyidagi takliflar beriladi:
Huquqiy maqomi boʼyicha:
korruptsiyaga qarshi kurashuvchi organni alohida tergov organi sifatida qilish va uning faoliyatini qonun bilan tartibga solish, xususan, mazkur organga tashqi tarafdan hech qanday taʼsir oʼtkazilmasligini, uning ishlariga aralashilmasligini bilan kafolatlash;
organ oʼz faoliyatida Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdorligini belgilab qoʼyish, organning yuqori mansabdor shaxslarini Prezident tomonidan tayinlanishi va bu nomzodlarning Oliy Majlis tomonidan tasdiqlanish tartib-taomilini belgilash;
korruptsiyaga qarshi kurashuvchi organni bir huquqni muhofaza qiluvchi organ yoki ijro hokimiyati huzurida tashkil etmagan holda tuzish. Chunki bunday holatda organ bilan u huzurida tashkil etilayotgan organ oʼrtasida manfaatlar toʼqnashuvi yuzaga kelishi, uning mustaqilligi muayyan darajada taʼminlanmasligi mumkin. Misol uchun, asosiy vazifalaridan biri korruptsiyaga qarshi kurashish hisoblanadigan Iqdisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti boshligʼi Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavoziminidan ozod qilinadi. Departament boshligʼining oʼrinbosarlari Departament boshligʼining taqdimnomasiga binoan Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Departamentning markaziy apparati tarkibiy boʼlinmalari va hududiy boshqarmalari boshliqlari Departament boshligʼining taqdimnomasiga binoan Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Bu holat korruptsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga qoʼyilgan xalqaro standartlarga mos emas. Binobarin, Birlashgan Millatlar Tashkilotining korruptsiyaga qarshi kurash toʼgʼrisida konventsiyasi 6-moddasiga muvofiq har bir ishtirokchi Davlat korruptsiyaga qarshi kurashuvchi organ yoki organlarga ular har qanday nomaqbul taʼsirdan xoli sharoitlarda oʼz vazifalarini samarali bajarishlari mumkin boʼlishi uchun, oʼz huquqiy tizimlarining asosiy tamoyillariga muvofiq, zaruriy mustaqillikni taʼminlashi lozim .
Vakolat doirasi boʼyicha:
Singapur va Gongkongning korruptsiyaga qarshi kurash sohasidagi ilgʼor tajribasini inobatga olgan holda korruptsiyaga qarshi kurashuvchi alohida organ uchta eng muhim vakolatlarni, yaʼni korruptsiyaviy jinoyatlarning oldini olish, bunday jinoyatlarning barcha turini tergov qilish va jamiyatda korruptsiya qarshi huquqiy targʼibotni amalga oshirishni oʼzida birlashtirishi lozim.
Аna shunda mazkur organ faqat korruptsiya oqibatlari bilan kurashmasdan, bunday jinoyatlarning profilaktikasini ham oʼzi amalga oshiradi;
organ tomonidan barcha korruptsiyaviy jinoyatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv, tezkorqidiruv tadbirlari oʼtkazish, dastlabki tergov va surishtiriv olib borilishi maqsadga muvofiq;
tashkil qilinadigan organning toʼla mustaqilligi taʼminlash uchun unga korruptsiyaviy jinoyatlar bilan bogʼliq har qanday shaxsni (ushlab turish, qamoqqa olish, jinoiy javobgarlikka nisbatan immunitetga ega boʼlgan respublika darajasidagi mansabdor shaxslarni Prezident roziligi bilan) tergov qilish vakolatini berish;
sudyalar, prokurorlarning korruptsiyaga oid harakatlari yuzasidan jinoyat ishi faqat Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining roziligi bilan qoʼzgʼatilishi mumkinligini belgilash;
tashkil qilinadigan organ u tergov qilayotgan korruptsiyaviy jinoyat bilan bevosita bogʼliq boʼlgan boshqa jinoyatlarni ham tergov qilish vakolatiga ega boʼlishi kerak;
qonunchilikda organning maxsus vazifalarini, xususan, mansabdor shaxslarning mol-mulk deklaratsiyalarini oʼz vaqtida topshirilishini nazorat qilish, ularning qonuniyligini tekshirib borish, deklaratsiyalarni toʼldirish yuzasidan koʼrsatmalar berish, ularning ochiqligi taʼminlashni belgilab qoʼyish;
organ tomonidan anonim murojaatlarning koʼrib chiqish tartibini ishlab chiqish. Qonunchiligimizga korruptsiyaga qarshi kurash sohasida yangi usullarni nazarda tutuvchi oʼzgarishlarni kiritmoqchi ekanmiz, mazkur jarayonda eʼtibor berilishi lozim boʼlgan yana bir jihat organ tomonidan anonim murojaatlarni koʼrib chiqish masalasidir. PF-5729-sonli farmon bilan tasdiqlangan 2019-2020 yillarda korruptsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturida korruptsiya faktlari haqida anonim xabarlarni oʼrganish imkoniyatlarini nazarda tutuvchi tashkiliy choratadbirlar ishlab chiqilishi belgilangan . Korruptsiya qarshi kurashish mexanizmi qanchalik yaxshi tashkil etilmasin, agar fuqarolarning ongida korruptsiyaga qarshi immunitet shakllanib, ular korruptsiya holatlariga nisbatan murosasiz munosabat boʼlmas, jamiyatda sodir etiladigan har qanday korruptsiya holatlarining oʼzlariga ham zarari borligini his qilmas ekan, natija kutilganidek boʼlmaydi. Korruptsiyaviy jinoyatlar latentlik xususiyatiga ega boʼlganligi uchun uni ochish birmuncha qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Misol uchun, bir yilda sodir qilinadiga barcha poraxoʼrlik jinoyatlarini 100% deb hisoblasak, ularning atigi 0.1-2 foizigina ochiladi, xolos . Shu nuqtai nazardan ham samaradorlikni oshirish maqsadida anonim murojaatlarni koʼrib chiqishning tartib-taomillarini belgilab olish lozim. Chunki korruptsiyaga kurashishda asosan fuqarolar yordamiga tayaniladi, bu holatda ular oʼz murojaatini anonim tarzda yoʼllashni afzal koʼrishi mumkin. Masalan, Gongkongda korruptsiya haqidagi xabarlarning 75 foizi anonim manbalardan keladi . Bunday murojaatlarni koʼrib chiqishning aniq tartib-taomillari
Gongkong qonunchiligida belgilab qoʼyilgan. Biroq Oʼzbekiston Respublikasi qonunchiligida anonim murojaatlarni koʼrib chiqishning aniq mexanizmlari mavjud emas. Xususan, JPK 323-moddaga koʼra anonim xabarlar jinoyat ishini qoʼzgʼatish uchun sabab boʼla olmaydi. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʼgʼrisida”gi qonunning 29-moddasiga muvofiq, anonim murojaatlar koʼrib chiqilmaydi . Vaholanki, bunday murojaatlar ham korruptsiyaning oldini olishda katta ahamiyat kasb etishi mumkin. Shunday holatlarni nazarda tutib, Istanbul harakatlar rejasining 20-monitoring uchrashuv yakunlari boʼyicha hisobotda ehtimoliy jinoyatlar haqidagi murojaatlarni majburiy koʼrib chiqishni nazarda tutuvchi oʼzgartirishlarni qonunchilikka kiritish tavsiya qilingan .
Organ faoliyati ustidan nazorat boʼyicha:
organ tomonidan qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni prokuratura organlari amalga oshirilishi, organning oʼz faoliyatida Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentiga har yilda 2 marta hisobot berishini belgilab qoʼyish;
organ oʼz faoliyatida mustaqil boʼlishi, shuningdek, keng vakolatlarga ega boʼlishi munosabati bilan uning oʼziga xos “yopiq tashkilot” yoki “mustaqil hokimiyat”ga aylanib qolishining oldini olish maqsadida Gongkong va Litva Respublikasi tajribalariga tayangan holda, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalarida korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari boʼyicha qoʼmitalar tomonidan uning faoliyatini doimiy monitoring qilish institutini joriy qilish lozim.
Umuman, dunyo siyosatidagi bu qusurni yaʼni korruptsiyani tuzatish shart! Nafaqat bizning jamiyat, balki butun dunyo jamiyatlari bu haqda oʼylab koʼrishi kerak endi. Insonning insondek yashab oʼtishi uchun muayyan moddiy-maʼnaviy daraja kifoya qilishini insonga yoshligidan uqtirmoq kerak. Shunda u yuzidagi insonlik pardasini shilib tashlab boy boʼlishga intilmaydi, mansabga oʼtirish uchun otasini sotishga tayyor kun kechirmaydi. Bir kosa ovqat-u ikki uchta kiyim, bitta boshpana bilan ham baxtli boʼlishini bilgan insonning korruptsiyaga ehtiyoji qolmaydi.
J.I.Badalov
Quyi Chirchiq tuman adliya boʼlimi boshligʼi