Янгиликлар
Mamlakatimizda huquqiy munosabatlar fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solingan
Mamlakatimizda huquqiy munosabatlar fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solingan
Qadimgi antik davrlardan boshlab inson hayoti va sogʼligʼiga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik instituti boʼlgan. Yaʼni dastlab yetkazilgan zarar uchun xun (qonga qon – jonga jon) olingan boʼlsa, sivilizatsiyaning rivojlanib borishi natijasida xun oʼrniga tovon undirish tizimi joriy etila boshlangan. Yaʼni jabrlanuvchi yoki uning yaqinlari aybdordan maʼlum miqdorda pul undirishgan. Kishilik jamiyati taraqqiy etganidan keyin ushbu munosabatlar maʼlum bir huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan.
Delikt majburiyat hisoblangan mazkur huquqiy munosabatlar mamlakatimizda fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solingan.
Fuqarolik kodeksida sogʼliqqa yetkazilgan zarar va uni qoplashning doirasi, deganda qanday holatlarni tushunish mumkinligi va u nimalardan iborat ekanligi yoritib berilgan.
Fuqaroning hayoti va sogʼligʼiga yetkazilgan zarar bilan bogʼliq tarzda vujudga keladigan majburiyat munosabatlarini shartli ravishda ikki turga ajratish mumkin. Birinchi fuqaroning sogʼligʼiga yetkazilgan zararni undirish bilan bogʼliq munosabatlar boʼyicha javobgarlik, ikkinchisi, fuqaroning vafot etishi oqibatida boquvchisini yoʼqotganlik uchun yetkazilgan zararni undirish bilan bogʼliq.
Yuqorida sanab oʼtilgan majburiyat munosabatlari, yuz beradigan oqibatlari va huquqiy tartibga solinish asoslariga koʼra bir-biridan ancha farq qiladi.
Birinchi majburiyat huquqiy munosabatda fuqaroning sogʼligʼiga zarar yetkazilganda zarar yetkazuvchi shaxsning aybi bilan u faqat maʼlum bir mehnat qobiliyatini yoʼqotadi, yaʼni mehnat unumdorligi darajasi oʼzi xohlamagan holda majburiy tarzda pasayadi. Bunday holatda fuqaroda qonunchilikka muvofiq sogʼligʼiga yetkazilgan zarar oʼrnini qoplashni talab qilish huquqlari paydo boʼladi.
Qonunga koʼra, fuqaro mayib qilinganda yoki uning sogʼligʼiga boshqacha shikast yetkazilganda jabrlanuvchi oladigan yoki muayyan ravishda olishi mumkin boʼlgan yoʼqotilgan ish haqi (daromadlari), shuningdek, salomatligiga shikast yetkazilishi tufayli qilgan xarajatlari, jumladan, davolanish, qoʼshimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish, protez qoʼydirish, birovning parvarishida boʼlish, sanatoriy-kurortda davolanish, maxsus transport vositalarini sotib olish, boshqa kasbga tayyorgarlikdan oʼtish xarajatlari, agar jabrlanuvchining ana shu yordam va parvarish turlariga muhtojligi hamda ularni bepul olish huquqiga ega emasligi aniqlansa, oʼrni qoplanishi lozimligi belgilangan.
Fuqaroning sogʼligʼiga zarar yetkazilganida u buning natijasida kundalik (vazifasini bajarolmasligi) ishini davom ettira olmasligi oqibatida ilgari olib kelgan yoki kelajakda ishlab topishi mumkin boʼlgan ish haqi va boshqa daromadlaridan toʼliq yoki qisman mahrum boʼlib qolishini tushunish lozimdir.
Mazkur holatda moddiy zarar deganda fuqaroning sogʼligʼiga yetkazilgan zararni daʼvolash va uni tiklash uchun haqiqatda oʼzining hisobidan qilgan moddiy xarajatlarini tushunish kerak. Yaʼni jabrlangan fuqaroda, yaʼni jismoniy shaxsda sogʼligʼini (tanasi, organizmining olgan moddiy jarohatlarini) tiklash uchun xarajatlar qilish zaruriyati vujudga keladi. Аlbatta bular (davolanish, qoʼshimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish, protez qoʼydirish, birovning parvarishida boʼlish) bepul tarzda amalga oshirilmaydi, yaʼni sogʼliqni tiklash ishlari maʼlum bir toʼlov va xarajatlarni talab qiladi.
Ikkinchi majburiyat, bu – fuqaroning hayotiga, yashashga boʼlgan huquqiga zarar yetkazish bilan bogʼliqdir. Mazkur holatda aybdor shaxs tomonidan gʼayriqonuniy tarzda boshqa bir jismoniy shaxsni yashash huquqidan mahrum qilish oqibatida, yaʼni fuqaroning vafot etishi oqibatida uning qaramogʼida boʼlgan va moddiy tomondan ularni taʼminlab kelgan shaxslarga aybdordan boquvchisini yoʼqotganlik natijasida yetkazilgan zarar oʼrnini qoplatishdir. Bu haqda Oʼzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1009-moddasida bunday huquqqa ega boʼlgan shaxslar va ularning doirasi belgilab berilgan.
Boquvchisining vafoti oqibatida yetkazilgan zararni undirish huquqiga ega boʼlgan shaxslarning marhum bilan boʼlgan qarindoshlik aloqalari Oʼzbekiston Respublikasi Oila qonunchiligida belgilab berilgan normalardan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Fuqarolik qonunchiligi talablari asosida aybdor shaxs oʼzi sodir etgan huquqbuzarlik oqibatida vafot etgan jabrlanuvchining oila aʼzolariga yoki oila aʼzosiga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga, shuningdek, jabrlanuvchi vafot etganligi tufayli koʼrilgan zarar uchun dafn etishga zarur boʼlgan xarajatlar oʼrnini bu xarajatlarni qilgan shaxslarga qoplab berishga majburdir.
Qonunchilikda marhumning yaqinlari fuqaroning vafoti sababli davlatdan olgan yoki olishga haqli boʼlgan dafn etish nafaqasi aybdor shaxs toʼlashi yoki qoplashi lozim boʼlgan toʼlovlarning hisobiga kiritilmasligi belgilab qoʼyilgan.
Delikt majburiyat boʼlgan hayot va sogʼliqqa yetkazilgan zarar oʼrnini qoplash bilan bogʼliq majburiyatlar uzoq davomiylikka ega boʼlgan munosabatlar hisoblanadi. Shu bois, vaqt oʼtishi bilan toʼlanadigan summalar ham inflyatsiya va narxlarning oshishiga qarab indeksatsiya qilib boriladi.
Xulosa qilib aytganda, gʼayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroga yetkazilgan zararning oʼrnini qoplash instituti huquqlarni himoya qilishning eng muhim fuqarolik-huquqiy vositasi hisoblanadi.
J.I.Badalov
Quyi Chirchiq tuman adliya boʼlimi boshligʼi