Янгиликлар
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida prokuratura organlarining huquqiy maqomi
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida prokuratura organlarining huquqiy maqomi
Xalq manfaatlarini hamma narsadan ustun qoʼyish, odamlarni rozi qilish, xalqimizning farovon, tinch va osoyishta hayot kechirishini taʼminlash, mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish barchamizning hozirgi kundagi eng muhim maqsadimizdir.
Bugungi kunda mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng koʼlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish doirasida prokuratura organlari faoliyatini takomillashtirish boʼyicha bir nechta muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Barchamizga maʼlumki, Oʼzbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni Oʼzbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga boʼysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi.
Prokuraturaning ushbu konctitutsiyaviy maqomida davlat organi sifatida uning oldiga qoʼyilgan barcha vazifalar mujassamlashgan.
Huquqiy demokratik davlatning eng asosiy talablaridan biri qonunning ustuvorligi, unga itoat etish va uni hurmat qilish hisoblanadi. Shu bilan birga, normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiya va qonunlarga mosligini taʼminlashda davlat organlari, jamoat birlashmalari va jamoalar, mansabdorlarning Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq faoliyat yuritishi muhim ahamiyatga ega.
Prokuratura aynan shu qoida va talablarning bajarilishini, yaʼni mamlakatimizda qonunlarning aniq va bir xil ijro etilishini nazorat qiladi. Prokuratura organlarining faoliyati mamlakat hududida qonunning ustuvor boʼlishini, qonuniylikni taʼminlashni va uning barqaror boʼlishini, fuqarolarning Konstitutsiya bilan kafolatlangan shaxsiy huquq va erkinliklari, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
Prokuratura organlarining har bir xodimi Konstitutsiyamizda belgilab berilgan ustuvor tamoyil va qoidalarning toʼliq roʼyobga chiqishi uchun hissa qoʼshishni, el-yurtga sadoqat bilan xizmat qilishni oʼzining sharafli burchi deb biladi.
Prokuratura organlari qonun ustuvorligini taʼminlashda Konstitutsiyaning 18-moddasida belgilangan “Oʼzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʼlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar” degan qoidaga amal qiladi.
Prokuratura organlari jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning barqarorligini taʼminlar ekan, jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish yoʼli bilan huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari buzilishini aniqlash va bartaraf etishni nazarda tutadi.
Oʼzbekistonda prokuratura oʼz vakolatlarini har qanday davlat organi, jamoat birlashmasi hamda mansabdor shaxsdan mustaqil ravishda, faqat qonunga boʼysungan holda amalga oshiruvchi davlat organidir. Prokuraturaga bunday konstitutsiyaviy maqomning berilishi prokuratura organlari samarali faoliyat yuritishining va ular mustaqilligining muhim omili hisoblanadi.
Prokuror nazorati – davlat faoliyatining shu davlat nomidan amalga oshiriluvchi alohida koʼrinishi va prokuraturaning asosiy funktsiyasi hisoblanadi. Mazkur funktsiya prokuraturaning davlat organi sifatidagi oʼziga xos maqomini, ijtimoiy-siyosiy ahamiyatini belgilab beradi. Davlat mamlakatdagi qonun ustuvorligini, qonuniylikning mustahkamligini aynan prokuror nazorati orqali taʼminlaydi.
Konstitutsiyada prokuratura organlari faoliyatiga aralashish taqiqlanishi alohida qoida sifatida belgilangan. Аynan ana shu mustaqillikda prokuror nazoratining oʼziga xos xususiyati namoyon boʼladi. Uning oʼziga xosligi shundaki, prokuror faoliyati na qonun chiqaruvchi, na ijro etuvchi va na sud hokimiyatiga daxldor, uning huquqiy mohiyatida hokimiyatning har uchala tarmogʼiga xos alomatlar bor. Prokuratura oʼz vazifalari nuqtai nazaridan hokimiyatning har bir tarmogʼi bilan bogʼliq boʼlsa-da, lekin ularning birortasiga ham kirmaydi.
Prokuratura organlarining huquqiy maqomi ularning oldiga qoʼyilgan vazifalar, jamiyat taraqqiyoti, boshqaruv tizimining demokratlashuvi va erkinlashuvi bilan bogʼliq tarzda takomillashib bormoqda. Prokuratura organlari faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida milliy qonunchilikka prokuratura organlari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, uning vakolatlarini kuchaytirishga qaratilgan bir qator oʼzgartirishlar kiritilmoqda.
Prokuraturaning konstitutsiyaviy maqomida uning oldiga qoʼyilgan barcha vazifalar mujassamlashgan.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʼgʼrisida”gi farmoni mamlakatimizda tergov faoliyatida “Inson qadri uchun” degan ezgu gʼoyani toʼliq roʼyobga chiqarish, jinoyatlarni oʼz vaqtida fosh etishni tashkil etish tergov organlarining faoliyatini, qonun ustuvorligini va qilmish uchun jazo muqarrarligini taʼminlash tamoyili asosida takomillashtirishning muhim vazifalaridan biri boʼldi.
Yangi Oʼzbekiston sharoitida jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash amaliyotini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ushbu yoʼnalishga ilgʼor xalqaro standartlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yuqori malakali kadrlarga boʼlgan ehtiyojini qondirish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasini tashkil etilmoqda.
Prokuratura organlari faoliyatiga oid qonunchilikka kiritilgan oʼzgartishlarning tahlili shundan dalolat beradiki, bu oʼzgartishlar birinchi navbatda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va manfaatlarini, davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilishga, mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlash, qonuniylikni va huquq-tartibotni mustahkamlashga yoʼnaltirilgan.
Prokuratura organlarining har bir xodimi buni chuqur his qilgan holda, mamlakatimiz Prezidenti taʼkidlaganidek, olijanob xalqimizning haqiqiy himoyachisi, adolat va qonuniylik posboni boʼlib qoladi hamda faqat xalq manfaati yoʼlida ogʼishmay xizmat qiladi.
Z.R.Jumonov
Quyi Chirchiq tuman adliya boʼlimi bosh maslahatchisi