Янгиликлар
Qonunchilikda Аyollarga berilgan imtiyozlar
Qonunchilikda Аyollarga berilgan imtiyozlar
Аyollar, shu jumladan, homilador va yosh bolali ayollar mehnat qonunchiligida belgilangan qator imtiyozlardan foydalanishlari mumkin
Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. Homilador ayolni yoki uch yoshga toʼlmagan bolasi bor ayolni ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda ish beruvchi rad etishning sabablarini ularga yozma ravishda maʼlum qilishi shart.
Mehnat sharoiti noqulay ishlarda, shuningdek yer osti ishlarida ayollar mehnatini qoʼllanish taqiqlanadi, yer ostidagi baʼzi ishlar (jismoniy boʼlmagan ishlar yoki sanitariya va maishiy xizmat koʼrsatish ishlari) bundan mustasnodir.
Аyollarning ular uchun mumkin boʼlgan normadan ortiq yukni koʼtarishlari va tashishlari man etiladi.
Tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat koʼrsatish normalari kamaytiriladi yoki ular avvalgi ishlaridagi oʼrtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʼlgan ishga oʼtkaziladi.
Homilador ayolga yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari taʼsiridan xoli boʼlgan ish berish masalasi hal etilgunga qadar, u ana shu sababdan ishga chiqmagan barcha ish kunlari uchun oʼrtacha oylik ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim.
Ikki yoshga toʼlmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin boʼlmagan taqdirda, bolasi ikki yoshga toʼlgunga qadar avvalgi ishidagi oʼrtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʼlgan ishga oʼtkaziladi.
Homilador ayollarni va oʼn toʼrt yoshga toʼlmagan bolasi (oʼn olti yoshga toʼlmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yoʼl qoʼyilmaydi. Shu bilan birga homilador ayollarni va uch yoshga toʼlmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish ona va bolaning sogʼligʼi uchun xavf tugʼdirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa boʼlgan taqdirdagina yoʼl qoʼyiladi.
Uch yoshga toʼlmagan bolalari bor, byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga oʼttiz besh soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilanadi.
Homilador ayolning, oʼn toʼrt yoshga toʼlmagan bolasi (oʼn olti yoshga toʼlmagan nogiron bolasi) bor ayolning, shu jumladan homiyligida shunday bolasi bor ayolning yoki oilaning betob aʼzosini parvarish qilish bilan band boʼlgan shaxsning iltimosiga koʼra, ish beruvchi tibbiy xulosaga muvofiq ularga toʼliqsiz ish kuni yoki toʼliqsiz ish haftasi belgilashga majburdir.
Oʼn toʼrt yoshga toʼlmagan bitta va undan ortiq bolani (oʼn olti yoshga toʼlmagan nogiron bolani) tarbiyalayotgan yolgʼiz ota, yolgʼiz onaga (beva erkaklar, beva ayollar, nikohdan ajrashganlar, yolgʼiz onalarga) va muddatli harbiy xizmatni oʼtayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga yillik taʼtillar, ularning xohishiga koʼra yoz vaqtida yoki ular uchun qulay boʼlgan boshqa vaqtda beriladi.
Oʼn ikki yoshga toʼlmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki oʼn olti yoshga toʼlmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili uch ish kunidan kam boʼlmagan muddat bilan haq toʼlanadigan qoʼshimcha taʼtil beriladi.
Oʼn ikki yoshga toʼlmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki oʼn olti yoshga toʼlmagan nogiron bolasi bor ayollarga ularning xohishiga koʼra, har yili oʼn toʼrt kalendar kundan kam boʼlmagan muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda taʼtil beriladi. Bunday taʼtil yillik taʼtilga qoʼshib berilishi yoki ish beruvchi bilan kelishib belgilanadigan davrda undan alohida (toʼliq yoxud qismlarga boʼlib) foydalanilishi mumkin.
Аyollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tugʼish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tugʼilgan hollarda – yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tugʼish taʼtillari berilib, davlat ijtimoiy sugʼurtasi boʼyicha nafaqa toʼlanadi.
Homiladorlik va tugʼish taʼtili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tugʼishga qadar amalda bunday taʼtilning necha kunidan foydalanilganidan qatʼi nazar ayolga toʼliq beriladi.
Аyolga, uning xohishiga koʼra, bolasi uch yoshga toʼlgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qoʼshimcha taʼtil ham beriladi.
Bolani parvarishlash taʼtillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu taʼtillar mehnat stajiga lekin hammasini jamlaganda koʼpi bilan uch yil, shu jumladan mutaxassisligi boʼyicha ish stajiga ham qoʼshiladi.
Ikki yoshga toʼlmagan bolasi bor ayollarga, dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari, bolani ovqatlantirish uchun qoʼshimcha tanaffuslar ham beriladi. Bu tanaffuslar kamida har uch soatda bir marta har biri oʼttiz minutdan kam boʼlmagan muddat bilan beriladi. Ikki yoshga toʼlmagan ikki va undan ortiq bolasi boʼlgan taqdirda, tanaffusning muddati kamida bir soat qilib belgilanadi.
Bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va oʼrtacha oylik ish haqi hisobi boʼyicha haq toʼlanadi.
Bolasi bor ayolning xohishiga koʼra, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun belgilangan tanaffusga qoʼshib berilishi yoki umumlashtirilib, ish kunining (ish smenasining) boshiga yoki oxiriga koʼchirilib, ish kuni (ish smenasi) shunga yarasha qisqartirilishi mumkin.
Homilador ayollar va uch yoshga toʼlmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʼl qoʼyilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno, bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi. Mazkur ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonun hujjatlarida belgilangan tegishli ijtimoiy toʼlovlar bilan taʼminlagan holda amalga oshiradi.
Hududiy bandlikka koʼmaklashish markazlari yoʼllanmasi asosida ishga joylashtirilgan ayollar ish beruvchi tomonidan ularning malakasini oshirishga ketadigan xarajatlarning eng kam oylik ish haqining 3 barobarigacha boʼlgan qismi Bandlikka koʼmaklashish davlat jamgʼarmasi hisobidan bir martalik subsidiya sifatida moliyalashtiriladi.
Davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun masʼul boʼlgan homilador ayollar, bolani ikki va uch yoshgacha parvarish qilish boʼyicha taʼtilda boʼlgan ayollar, ular ishga chiqqandan keyingi birinchi yil davomida attestatsiyadan oʼtkazilmaydi.
Tegishli ish stajiga ega boʼlgan ayollar ellik toʼrt yoshga toʼlganda pensiyaga chiqishi mumkin.
Oʼzbekistonda Xotin-qizlarni va oilani qoʼllab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etilgan boʼlib, uning asosiy vazifalari xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, shu jumladan, ogʼir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi boʼlgan ayollarga moddiy yordam koʼrsatish, xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda, mehnat bozorida talab yuqori boʼlgan kasblar boʼyicha bilim va koʼnikmalarni egallashda koʼmaklashish hisoblanadi.
Bundan tashqari qonunchilikka muvofiq, ogʼir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar beriladi. Bunda boshlangʼich badal (25 foiz)maxsus fond yoki talabgor ishlayotgan tashkilot tomonidan toʼlab beriladi.
Jinoyat qonunchiligiga koʼra ham ayollarga ayrim jazolarni qoʼllash boʼyicha cheklovlar mavjud.
Xususan jinoiy jazo tariqasida majburiy jamoat ishlari yoki axloq tuzatish ishlari homilador ayollarga, uch yoshga toʼlmagan bolalari bor ayollarga nisbatan qoʼllanmaydi.
Bundan tashqari, homilador ayollarga va uch yoshga toʼlmagan bolalari bor ayollar ehtiyotsizlik oqibatida yoki qasddan uncha ogʼir boʼlmagan jinoyat sodir etsa, ularga nisbatan ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazo tayinlanmaydi.
Аyolga nisbatan uzoq muddatga (20 yildan ortiq 25 yildan koʼp boʼlmagan) yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin emas.
Shuningdek, homilador ayolning jinoyat sodir etishi jazoni yengillashtiruvchi holat sifatida hisoblanadi.
Quyi Chirchiq tuman adliya boʼlimi
bosh maslahatchisi
Z.R.Jumonov