Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Koʼchmas mulkka oid qonunda nimalar oʼzgardi?


Koʼchmas mulkka oid qonunda nimalar oʼzgardi?

 

Soʼnggi yillarda davlatimiz tomonidan koʼchmas mulkka doir munosabatlarni tartibga solish va qonunchiligimizni mustahkamlash boʼyicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, joriy yilning 28 noyabrь kuni «Koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlarni davlat roʼyxatidan oʼtkazish toʼgʼrisida»gi qonun imzolandi.

Xoʼsh, mazkur qonunning maqsad va vazifalari qanday? Ushbu qonun qaysi holatlarda amal qiladi yoki amal qilmaydigan tomonlari ham bormi? Ushbu savollarga Oʼzbekiston milliy universiteti «Fuqarolik jamiyati va huquq taʼlimi» kafedrasi oʼqituvchisi Аkmaljon Rahimjonov javob berdi.

– Qonunning asosiy maqsadi etib, koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlarni davlat roʼyxatidan oʼtkazish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish belgilandi. Qonunning amal qilish sohasi esa koʼchmas mulkning yer uchastkalariga, binolarga, inshootlarga, shu jumladan, qurilishi tugallanmagan obʼektlarga, koʼp yillik dov-daraxtlarga, mulkiy majmua sifatidagi korxona turlariga boʼlgan huquqlarni davlat roʼyxatidan oʼtkazishga nisbatan tatbiq etiladigan boʼldi.

Shuni ham aytib oʼtish joizki, ushbu qonunning amal qilishi yer osti boyliklariga boʼlgan huquqlarni davlat roʼyxatidan oʼtkazishga nisbatan tatbiq etilmasligi ham belgilab qoʼyildi.

Shu bilan birga, qonunda identifikatsiya qilishga oid maʼlumotlar, kadastr pasporti, koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlarni birlamchi davlat roʼyxatidan oʼtkazish, cheklanishi, koʼchmas mulkni texnik inventarizatsiyadan oʼtkazish, obʼektning kadastr raqami, huquqni belgilovchi hujjatlar, huquq egasi kabi tushunchalarga ham toʼxtalib oʼtilgan.

– Koʼchmas mulkka boʼlgan qanday huquqlar yoki cheklovlar davlat roʼyxatidan oʼtkazilishi zarur?

– Endilikda qonun kuchga kirganidan soʼng koʼchmas mulkka boʼlgan quyidagi huquqlar yoki cheklovlar davlat roʼyxatidan oʼtkazilishi lozim boʼladi. Jumladan, mulk, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, ijara, ikkilamchi ijara, xoʼjalik yuritish, operativ boshqarish, koʼchmas mulkni ishonchli boshqarish va bepul foydalanish huquqlarini davlat roʼyxatidan oʼtkazilishi kerak. Shuningdek, koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlarga nisbatan qonundan kelib chiqadigan yoki vakolatli davlat organlari tomonidan qoʼyilgan cheklovlar ham roʼyxatdan oʼtkaziladi.

– Koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlarni davlat roʼyxatidan oʼtkazishni bekor qilish tartibi qanday?

– 2023 yil mart oyining 1 sanasidan boshlab koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlarni davlat roʼyxatidan oʼtkazishni faqatgina ikki holatda bekor qilish mumkin. Birinchi holat koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlarni davlat roʼyxatidan oʼtkazish chogʼida yuzaga keladigan nizolar sudga qadar hal qilish komissiyasi tomonidan bekor qilinadi. Ikkinchi holatda esa sudning qaroriga koʼra bekor qilinishi mumkin.

– Kimlar koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlarni davlat roʼyxatidan oʼtkazish sohasidagi davlat boshqaruvini amalga oshiradi?

– Koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlarni davlat roʼyxatidan oʼtkazish sohasidagi davlat boshqaruvini Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Davlat soliq qoʼmitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalari hamda vositachilar amalga oshiradi.

Barchada kimlar vositachilar boʼlishi mumkin, degan savol tugʼilishi tabiiy. Qonunda bu haqida aniq keltirib oʼtilgan boʼlib, qonuning 16-moddasida vositachilar deb jismoniy va yuridik shaxslarga koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlarni davlat roʼyxatidan oʼtkazish boʼyicha xizmatlarni roʼyxatdan oʼtkazuvchi organ bilan elektron axborot almashuvchilar tushuniladi. Vositachilar davlat xizmatlari markazlari, notarial idoralar, notariuslar, rieltorlik tashkilotlari, tijorat banklari, Oʼzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, shu bilan birgalikda Prezidentimiz qarorlarida belgilab qoʼyiladigan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar boʼlishi mumkin.

– Koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlarni davlat roʼyxatidan oʼtkazishga doir harakatlar qancha muddatda amalga oshiriladi?

– Qonunning 43-moddasiga binoan koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlarni davlat roʼyxatidan oʼtkazishga doir harakatlar tegishli hujjatlar roʼyxatdan oʼtkazuvchi organga kelib tushgan kundan eʼtiboran ikki ish kuni ichida amalga oshiriladi.

– Qaysi payt koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlar davlat roʼyxatidan oʼtkazilgan hisoblanadi?

– Qonunning 46-moddasiga binoan davlat reestriga yozuv kiritilgan sana va vaqt koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlar davlat roʼyxatidan oʼtkazilgan paytdir.

Hech shubhasiz aytish mumkinki, ushbu qonun koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlarni davlat roʼyxatidan oʼtkazish bilan bogʼliq boʼlgan barcha munosabatlarni qamrab olgan.

Endilikda qonunga asosan koʼchmas mulkka boʼlgan huquqlarni davlat roʼyxatidan oʼtkazishda amaliyotda mavjud boʼlgan va koʼp uchrab turgan tushunarsizlik va muammolar oʼz yechimini topadi.

 

J.I.Badalov

Quyi Chirchiq tuman adliya boʼlimi boshligʼi