Янгиликлар
Yangi mehnat kodeksi: unda qanday yangi normalar nazarda tutilmoqda?
Yangi mehnat kodeksi: unda qanday yangi normalar nazarda tutilmoqda?
Hayotimizning ko‘p qismi ish, mehnat bilan o‘tadi. AQSHning dunyodagi nufuzli "Gallup" tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, odamlar o‘z hayotining 81,396 soatini yoki umrining uchdan bir qismini ish uchun sarflaydilar. Inson hayoti davomida eng ko‘p vaqt sarflaydigan yagona mashg‘ulot, bu uxlashdir. Qirq yoshga to‘lgan xodim to‘liq ish vaqti rejimida, ya’ni kuniga 8 soat, haftasiga 40 soat ishlagan bo‘lsa, u umrining 3,375 kunni ishxonada o‘tkazgan bo‘ladi.
Barchamizga ma’lum, 2022 yilning 28 oktyabr kuni davlat rahbari tomonidan «O‘zbekiston Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qonun imzolandi. Shuni qayd etish kerakki, ushbu kodeksni ishlab chiqish haqidagi ustuvor vazifalar bir necha yil oldin, aniqrog‘i, 2017 yil 7 fevralda qabul qilingan Harakatlar strategiyasida belgilangan edi. Oradan olti yilga yaqin vaqt o‘tib, ushbu kodeks qabul qilindi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Xo‘sh, yangi Mehnat kodeksi inson huquqlari sohasidagi qaysi kafolatlarni ta’minlashni va’da qiladi, unda qanday yangi normalar nazarda tutilmoqda, qonunni amaliyotga joriy etish orqali nimalarga erishish mumkin?
Xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilish tartibi joriy etildi.
Mehnatga oid munosabatlar sababli ish beruvchiga taqdim etilgan, xodimning, shuningdek, uning oila a’zolarining hayotidagi faktlar, voqealar va holatlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar himoyasi kafolatlanmoqda. Bunda xodimining tug‘ilgan vaqti, tugatgan ta’lim muassasasi, ishlagan tashkilotlari, telefon raqami, uylanganligi yoki turmushga chiqqanligi, sog‘ligi holati, qarindosh-urug‘lari va shu kabi boshqa faktlar ish beruvchi tomonidan uchinchi shaxslarga qonunga zid tarzda taqdim etilishi mumkin emas. Sodda qilib aytganda, «menga falon xodimingizning «ob’ektivka»sini telegramdan tashlab yuboring» qabilidagi so‘rovlar endi qonun taqiqlanadi.
Xodimlarning yillik asosiy ta’tili muddatining davomiyligi ko‘paytirilib, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi.
Amaldagi Mehnat kodeksiga asosan, yillik asosiy ta’til muddati o‘n besh ish kunini tashkil etadi. Yangi tartibga binoan, yillik asosiy mehnat ta’tili davomiyligining eng kam muddati yigirma bir kalendar kuni etib belgilandi va xalqaro standartga muvofiqlashtirildi. Zero Xalqaro Mehnat Tashkilotining «Haq to‘lanadigan ta’til to‘g‘risida»gi 1970 yilgi konvensiyasi 3-moddasida belgilanishicha «bir yillik ish uchun beriladigan ta’til miqdori har qanday holatda uch ish haftasidan kam bo‘lmasligi kerak».
Dam olish kuni bayram kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, u keyingi ish kuniga ko‘chiriladi.
Yangi tartibga asosan, agar dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelib qolgan taqdirda, u bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi. Yangi Mehnat kodeksiga asosan, to‘qqizta ishlanmaydigan bayram kunlari mavjud. Deylik, 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni dam olish kuni, ya’ni shanba yoki yakshanbaga to‘g‘ri kelib qoldi. Bunda qoidaga asosan, shanba yoki yakshanbada nazarda tutilgan dam olish kuni 9 dekabrga suriladi. Qayd etish joizki, bunday tartib ilgari mavjud emas edi.
Masofadan turib ishlash tartibi qonunlashtirildi.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 yilning birinchi choragida global pandemiya tufayli Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalarida ish vaqtining 3 foizi (12 million ish o‘rniga teng) yo‘qotilgan. Shuni ta’kidlash kerakki, COVID-2019 pandemiyasi O‘zbekistonda masofaviy mehnatni qonun yo‘li bilan tartibga solish zaruratini ko‘rsatib berdi. Yangi Mehnat kodeksi asosida axborot-telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shu jumladan, internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish sharti bilan ish beruvchi va xodim o‘rtasida masofaviy mehnat munosabatlari joriy etilishi mumkin. Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi elektron hujjatlar almashinuvi orqali tuziladi.
Xodimlarning o‘z huquqlarini o‘zi himoya qilish tartibi aniqlashtirildi.
Joriy etilgan tartibga asosan, o‘zini-o‘zi himoya qilish maqsadida xodim o‘z hayotiga va sog‘lig‘iga bevosita tahdid soluvchi ishni bajarishni, shuningdek, ish beruvchining talabiga ko‘ra mehnat shartnomasida nazarda tutilmagan ishni bajarishni rad etishi mumkin. Bunda xodim o‘zining bevosita rahbari yoxud ish beruvchining boshqa vakilini yozma shaklda xabardor qilib qo‘yishi talab etiladi.
Masalan, o‘qituvchining mehnat shartnomasidagi asosiy vazifasi ta’lim oluvchilarga dars berish sanaladi. Ish beruvchi undan mehnat shartnomasida nazarda tutilmagan paxta terimiga chiqish yoki tungi navbatchilikka turishni talab qilmoqda. Yangi Mehnat kodeksining 531-moddasiga asosan ushbu vaziyatda xodim ish beruvchining noqonuniy talabini bajarmaslikka va o‘z huquqini o‘zi himoya qilishga haqli.
Yangiyo’l tumani Yuridik
xizmat ko‘rsatish markazi
Boshyuriskonsulti (3 darajali yurist) Nodirbek Absalamov