Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Oʻzbekiston qachon Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga aʼzo boʻldi?


Oʻzbekiston qachon Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga aʼzo boʻldi?

 

 

Deklaratsiya –bu lotincha soʻzdan olingan boʻlib, maʼlum qilaman va eʼlon qilaman maʼnolarini anglatadi.

Birlashgan millatlar tashkiloti bosh assambleyasi - 1948-yil 10-dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini tasdiqlab, eʼlon qildi.

Shundan soʻng, 10-dekabrni 1950-yildan buyon barcha davlatlar va manfaatdor tashkilotlar har yili Inson huquqlari kuni sifatida belgilab, uni turli insonlar, jamiyatlar va diniy uyushmalar, parlamentlar, hukumatlar va albatta BMT ham ishonlamoqda.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, avvalo, umuminsoniy qadriyatlar aks ettirilgan muhim hujjatligi bilan qadrlidir. Deklaratsiyani ishlab chiqishda turli xil falsafiy, mafkuraviy va diniy qarashlarning vakillari ishtirok etgan. Deklaratsiya 30 moddadan iborat boʻlib, uning har bir moddasi qizgʻin muhokama qilingan. Deklaratsiya loyihasi boʻyicha ishchi guruhning 85 ta yigʻilishi va 1400-marta ovoz berish boʻlib oʻtdi, hujjat matni boʻyicha ishlar ikki yil ichida yakunlandi.

Hujjatning universalligi shundaki, u qabul qilinganidan buyon dunyoning eng koʻp tarjima qilingan hujjatiga aylandi, yaʼni, 500 dan ortiq tillarga tarjima qilingan. Hujjat koʻplab yosh mustaqil davlatlarning konstitutsiyalari uchun qoʻllanma boʻlib xizmat qildi. U Ginnesning rekordlar kitobiga 500 dan ortiq til va shevalarga tarjima qilingan hujjat sifatida kiritilgan boʻlib, bu uning universal xarakterga ega ekanligi va tarqalish koʻlami kengligidan dalolat beradi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikni qoʻlga kiritganidan soʻng qoʻshilgan birinchi xalqaro-huquqiy hujjat hisoblanadi.

Ushbu Deklaratsiya 1991-yil 30-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining navbatdan tashqari VII-sessiyasida ratifikatsiya qilingan. Ushbu Deklaratsiya ratifikatsiya qilinganidan soʻng yurtimizda inson huquqlarini himoya qilish sohasida tizimli ishlar amalga oshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida nazarda tutilgan asosiy tamoyillar oʻzining ifodasini topgan. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida nazarda tutilgan umuminsoniy huquqlar oliy qadriyat darajasiga koʻtarilgan.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 2-moddasida “har bir inson irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa eʼtiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qatʼi nazar ushbu Deklaratsiyada eʼlon qilingan barcha huquq va erkinlikka ega boʻlishi zarur” degan norma belgilangan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida esa, ushbu Deklaratsiyaga mos ravishda - Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar degan norma mavjuddir.

Deklaratsiya majburiy emas, balki tavsiyaviy maqomga ega. Biroq uning negizida xalqaro majburiy boʻlgan ikkita hujjat qabul qilingan. Bular Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt. Oʻzbekiston mazkur hujjatlarga 1995-yilda qoʻshilgan.

Xulosa qilib aytganda, inson huquqlari qonun ustuvorligi va demokratiya amalda boʻlgan barcha jamiyatlar qoʻllab-quvvatlaydigan asosiy tamoyildir.

Shuning uchun ham yurtimizda 10-dekabr Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan sifatida alohida eʼtirof etib kelinadi.

 

Yangiyoʻl tumani adliya boʻlimi

yetakchi maslahatchisi                                                   N. Anarqulova