Янгиликлар
Sud-huquq islohotlaridagi muhim bosqich
Sud-huquq islohotlaridagi muhim bosqich
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimizni taraqqiyotning yangi bosqichiga koʻtarishga xizmat qiladi. Ayniqsa, unda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish, odil sudlovga erishish darajasini, sud ish yurituvining samaradorligi va sifatini oshirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgani xalqimiz manfaatini taʼminlaydi.
Sud-huquq tizimini isloh qilish bevosita mamlakatimizda demokratik islohotlarni amalga oshirishga, qonun ustuvorligini va qonuniylikni mustahkamlashga, shaxs huquqi va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini izchil demokratlashtirish va liberallashtirishni koʻzda tutadi.
Mamlakatimizda oʻtgan uch yil mobaynida sud-huquq sohasini demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatining fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirish borasida bir qator muhim islohotlar amalga oshirildi.
Jumladan, qamoq tarzidagi jinoiy jazo turi tugatildi, jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga, qamoqqa olish va uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot choralarini qoʻllashning, shuningdek jinoyat ishlari boʻyicha dastlabki tergovning eng koʻp muddatlari 1 yildan 7 oyga qisqartirildi. Shuningdek, jinoyat ishini qoʻshimcha tergov yuritish uchun qaytarish instituti bekor qilindi.
“Xabeas korpus” instituti qoʻllanishini yanada kengaytirish doirasida prokurorlarning pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlab qoʻyish va eksgumatsiya qilish kabi tergov harakatlarini oʻtkazishga sanksiya berish boʻyicha vakolatlari sudlarga oʻtkazildi, shuningdek sudlarga qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash rad etilganda muqobil ehtiyot choralarini qoʻllash huquqi berildi.
Bundan tashqari, yagona sud amaliyotini taʼminlash maqsadida Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudi fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasida sud hokimiyatining yagona oliy organi – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi.
Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, bu borada ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish maqsadida Sudyalar oliy kengashi taʼsis etildi.
Sud-huquq islohotlari sohasidagi yuqorida koʻrsatilgan tub oʻzgarishlar, eng avvalo, mamlakatimizda sud hokimiyatining mustaqilligini taʼminlash, odil sudlov samaradorligini oshirish, shu orqali xalqimizning sudlarga boʻlgan qatʼiy ishonchini oshirish va munosabatini oʻzgartirishga qaratilgan boʻlib, ularning amaliyotga joriy etilishi bugungi kunda oʻzining aniq samarasini bermoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Shavkat Mirziyoyev fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda koʻrish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda taʼminlash mexanizmlarini kengaytirish maqsadida “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.
Ushbu Farmon bilan 2021 yil 1-yanvardan boshlab sud tizimida:
- viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;
- maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatini maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkazish;
- maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) maʼmuriy sudlarini tugatish. Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari saqlab qolinishi;
- Amudaryo, Nurobod, Boysun va Pastdargʻom tumanlari iqtisodiy sudlarini tugatish;
- fuqarolik ishlari boʻyicha Yangiyoʻl tumanlararo sudini, fuqarolik ishlari boʻyicha Urgut, Soʻx, Xatirchi, Paxtakor tumanlari sudlarini, Pastdargʻom tumanlararo iqtisodiy sudini, jinoyat ishlari boʻyicha Boʻzatov, Taxiatosh, Bandixon, Tuproqqalʼa tumanlari sudlarini tashkil etish belgilangan.
Zangiota tuman adliya boʻlimi boshligʻi Abduvali Eshonqulov