Янгиликлар
HOMILADOR AYOLNI TASHKILOT TUGATILDI DEB ISHDAN BOʻSHATISHDI, ENDI UNING NAFAQALARI QANDAY HAL ETILADI?
HOMILADOR AYOLNI TASHKILOT TUGATILDI DEB ISHDAN BOʻSHATISHDI, ENDI UNING NAFAQALARI QANDAY HAL ETILADI?
“Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning (roʻyxat raqami: 1136, 08.05.2002-y.) 107-bandiga muvofiq:
- Nizomga muvofiq korxona tugatilganda, nafaqa olish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarga, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik hamda homiladorlik va tugʻish nafaqasi tugatilgan korxonaning huquqiy vorisi yoki tugatish komissiyasi tomonidan beriladi;
- tugatish komissiyasi ishni yakunlagan (yakuniy balans topshirilgan) hollarda, nafaqa ijtimoiy taʼminot boʻlimlari tomonidan tayinlanib, toʻlanadi;
- bunda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik hamda homiladorlik va tugʻish nafaqasini tayinlash uchun qoʻshimcha hujjatlar, yaʼni tugatish komissiyasi tomonidan toʻlangan nafaqa (komissiya tomonidan yakuniy balans topshirilib barcha hisobraqamlar yopilganligi) toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma taqdim etiladi. Yaʼni, agar tashkilot tugatilgan deb hisoblanganda, homiladorlik va tugʻish nafaqasi uning huquqiy vorisi (yaʼni, tugatilgan tashkilot oʻrnida boshqa tashkil etilgan tashkilot) tomonidan yoki tugatilayotgan muassasaning Tugatish komissiyasi tomonidan toʻlab berilishi kerak.
Agar, muassasani tugatish boʻyicha Tugatish komissiyasi oʻz ishini batamom yakunlagan taqdirda ham nafaqa baribir toʻlanadi, faqat bu hozirgi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimlari tomonidan tayinlanib, toʻlanadi.
Shu bilan birga, OʻzR MKning 237-moddasiga muvofiq homilador ayollar va uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno, bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi va mazkur ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonun hujjatlarida belgilangan tegishli ijtimoiy toʻlovlar bilan taʼminlagan holda amalga oshiradi.
Demak, bundan koʻrinib turibdiki, homilador yoki uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun korxonani butunlay tugatish holatlari mavjud boʻlishi kerak. Aks holda, ishdan boʻshatish noqonuniy boʻladi.
Agar, muassasa batamom tugatilgan (yaʼni, huquqiy vorisligi biror-bir muassasaga oʻtmasdan, davlat reestridan toʻliq chiqarilganda) ham, homilador ayollar tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish markazi tomonidan boshqa ishga joylashtirilishi kerak boʻladi. Ungacha esa, 237-moddada koʻrsatilganidek qonunchilikda belgilangan tartibda ijtimoiy toʻlovlar toʻlab turilishi zarur boʻladi.
Zangiota tumani adliya
boʻlimi boshligʻi Abduvali Eshonqulov